Belarus xalqi muxolifat ramziga aylangan bayroq yordamida namoyishchilarni qo‘llamoqda

Minskliklar balkonlariga Aleksandr Lukashenko rejimiga qarshi kurash ramziga aylangan oq-qizil bayroqni ilmoqda.

Belarusda balkonlardan tortib, kir yoyish iplarigacha avtoritar prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi kurash ramziga aylangan qizil va oq rangli bayroq va uning turli shakldagi timsollariga to‘ldi.

Qizil va oq rangli bayroq bundan yuz yil oldin qisqa muddat yashagan demokratik Belarus respublikasi bayrog‘idir.

Mamlakatda prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari qariyb bir oydan buyon davom etmoqda.

Belarus rasmiylarining muxolifat ramziga aylangan bayroqni ko‘zdan yo‘q qilish urinishlari hamda unga qo‘yilgan norasmiy taqiqqa qaramasdan, ko‘cha va balkonlar bunday simvolikaga to‘ldi.

Xususan, ayrimlar oq va qizil kiyimlarini kiyim quritish iplariga ketma-ket ildi. Ayrimlar esa balkonlariga ochiqchasiga oq va qizil rangli bayroqni ildi.

Ba’zi yerlarda esa chiroqlar qizil va oq rangga almashtirilib, butun boshli binolar Lukashenkoga qarshi kurash mayoqlariga aylantirildi.

Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari xodimlari muxolifat ramzi ilingan uylar va do‘konlar derazalarini sindirgan.

1918 – 1919 yillarda yashagan Belarus Milliy Respublikasining qizil va oq rangli bayrog‘i 1991 – 1995 yillarda Belarusning rasmiy bayrog‘i edi. Ammo 1995 yilda o‘tkazilgan munozarali referendum ortidan Lukashenko tashabbusi bilan bu bayroqdan voz kechilib, sovet stilidagi qizil-yashil bayroq qabul qilindi.

Sovet davrida kolxoz raisi bo‘lib ishlagan Lukashenko hukumat pozitsiyasiga zid har qanday fikr va ramzlarga qarshi kurashib keladi.

Referendumdan keyingi yillarda oq-qizil bayroq muxolifat ramziga aylandi va undan foydalanganlar jarimaga tortila boshlandi.

9 avgustda bo‘lib o‘tgan saylov ortidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlarida qizil va oq rangli bayroq bilan qatnashgan yuzlab namoyishchi qo‘lga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa balkonlardan muxolifat ramzini olib tashlayotgan hukumat «ninzyalari» videolari tarqaldi.

Ayrim holatlarda rasmiylarning bayroqni olib tashlash urinishi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi. Xususan, ko‘targich kranda ko‘tarilgan ishchilar qo‘li bayroqqa yetay deganda bayroq egasi uni nariroqqa olib ketgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng ulashildi. Yana bir holatda esa ko‘targich kranda ko‘tarilgan ishchi bayroqni olib tashlash o‘rniga uni tuzatib qo‘ydi va beloruslar mehrini qozondi.

Ayrim maktablarda oq va qizil rangli kiyimdagi o‘quvchilar muayyan tarzda o‘tirib, muxolifat ramzini yaratdilar.

Mamlakat bo‘ylab beloruslar muxolifat ramzi orqali namoyishchilarni qo‘llayotganlarni ko‘rish mumkin. Hatto ayrim kelinlar oq ko‘ylak o‘rniga oq va qizil ko‘ylak kiydi.

Lukashenko aholining e’tirozlari ramzini ko‘rish uchun uzoqqa borishi shart emas: oy boshida hakerlar hujumi ortidan prezident saytiga oq va qizil bayroq surati yuklandi.