“Sangzor tekstil MChJ” klaster korxonasi bahor oylarida Jizzax viloyat, Do‘stlik tumani fermerlariga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatib berish maqsadida ularning nomiga har gektar yer hisobiga 25 million so‘mdan kredit rasmiylashtirgan.
Fermerlarning aytishlaricha, uskunalar keltirilib fermerlar shiyponlariga qo‘yilgan, lekin shartnoma bo‘yicha ularni o‘rnatib va ishlatib berish vazifasi bajarilmagan.
Fermerlar esa ishlatilmagan bu tizim uchun kredit va uning foizini to‘lashga majbur bo‘layotganliklarini aytishmoqda.
“Sangzor tekstil MChJ” ish boshqaruvchisi, fermerlarning iddaolarini yolg‘onga chiqarar ekan, hamma fermerga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilib, ishlatilib berilganini aytdi.
“Sangzor tekstil MChJ” prezident Shavkat Mirziyoyev amakivachchasining qudasiga tegishli ekani aytiladi.
Do‘stlik tumanidagi 120 fermer xo‘jaligiga joriy yilning bahorida tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan edi.
Ismi sir qolishini iltimos qilgan fermerning aytishicha, “Sangzor tekstil MChJ” klaster korxonasi kredit hisobiga bu tizim uskunalarini o‘rnatgan, ammo ishga tushirib bermagan:
“Misol uchun, bitta fermerga 20 gektar yerga 500 million so‘mlik tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatib beramiz, dedi. Har gektariga 25 million so‘mdan. Kredit olish uchun bankka men kafil bo‘laman, xohlamasang o‘zing garovga narsa qo‘yib olaver, dedi. Biz yo‘q desak, bu yoqdan hokim prezident qarori bor, qilasan deyapti. Majbur shartnoma tuzib, gektariga 25 million so‘mdan kredit oldik. Surishtirib ko‘rsak, o‘zining narxi gektariga 18 million so‘mdan ekan. Shu joyning o‘zida fermerni yana 7 million so‘mga "o‘tirg‘izdi". Uskunalarni olib keldiyu, lekin o‘rnatib, ishlatib bermadi. Endi esa, ishlamagan narsaning kreditini ham, uning foizini ham to‘lashga majbur bo‘lyapmiz”.
Fermerning aytishicha, ularning hududidagi 20ta fermerning birortasi ham bu yil tomchilatib sug‘orishdan foydalana olmagan:
“Shartnoma bo‘yicha, klaster tomchilatib sug‘orishni olib kelib, ishlatib, ko‘rsatib berishi kerak edi. Lekin paxta bir marta suv ichib bo‘lganidan so‘ng, vegetatsiya davrida olib keldi. Unda juda kech bo‘lgan edi. Aksariyat fermerda hali transformator, stolba yo‘q. Hovuz dalaning o‘rtasida bo‘ladiku, ungacha tok borishi kerakku. Xullas, bu yil ishlamadi. Biz esa, yemagan somsaga pul to‘layapmiz”.
Do‘stlik tuman, Sarkisov SIU(suvdan foydalanuvchilar uyushmasi)dagi ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, u olib kelingan uskunalar o‘rnatib berilmaganidan keyin paxtani an’anaviy tarzda sug‘orishga majbur bo‘lgan:
“Chigit unib chiqqandan keyin olib kelib, shiyponga tashlashdi. Ana o‘rnatadi, mana o‘rnatadi, deb kutdim. Paxtam ham suvdan qolib ketdi. Axiri boshqa umid qolmagach, paxtani o‘zim sug‘ordim. Qurib bermadiyu, lekin to‘lovini tinimsiz olyapti. 30 gektar maydonga 750 million so‘m kredit olingan. Menga juda kerak edi bu tizim. Chunki yerimga suv chiqmaydi. 100 foiz nasosdan olaman suvni. Telefonimga bankdan xabar kelyapti, har oy 13 million so‘mdan yechib olyapti. Shlankami, boshqa narsami hammasini daftarimga yozib qo‘yganman, hali olib kelib bermagan zapchastlari ham bor, to‘liq komplekt kelmagan hali ham”.
Fermerlarning aytishlaricha, hukumat qarori bilan tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatgan fermerlarga yengillik berilgan. Qarorga ko‘ra, har gektar yerga 10 million so‘mdan subsidiya beriladi. Masalan, fermer 20 gektar uchun 500 million so‘m kredit olgan bo‘lsa, shuning 200 million so‘mi subsidiyadan qoplanadi:
“Bu hukumatimizning bizga bergan yengilligi va biz bundan xursandmiz. Bo‘lmasa, 25 million so‘m fermer uchun juda og‘irlik qiladi. Endi esa KRUdan tekshiruvchilar kelib, bu ishni tekshiryapti. Biz, fermerlarni viloyat prokuraturasiga chaqirib so‘rayapti. Biz borini aytyapmiz. Agar faktlar tasdiqlanib, subsidiya noto‘g‘ri ketgani isbotlansa, subsidiyani qaytarib olishlari mumkin ekan. O‘shanda bizning nomimizga olingan barcha kreditni o‘zimiz to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. Bu esa, fermer xonavayron bo‘ldi, degani”.
“Sangzor tekstil MChJ” ijrochi direktori Otabek Xo‘jametov fermerlarning bu iddaolarini qat’iyan rad qilar ekan, ularga tomchilatib sug‘orish tizimi "yuz foiz" o‘rnatib berilganini aytdi:
“Odamlar ham har xil, fermerlarimiz ham har xil. 70-80 foiz fermerlarimiz yaxshi. Sizga kim aytgan bu gaplarni, bunisi menga qorong‘i. Tomchilatib sug‘orish joriy qilindi, biroz kechikdiyu, ammo hammasi ishga tushirildi. Jiddiy muammo bo‘lmagan. Tomchilatib sug‘orish gektariga 17-18 million so‘m bo‘lganligi respublikada bo‘lmagan. Biz barcha fermerga tomchilatib sug‘orishni yuz foiz o‘rnatib, ishlatib berganmiz. Ularning da’volari mutlaqo yolg‘on!”
"Qudaning dastagida"
Otabek Xo‘jametovning aytishicha, “Sangzor tekstil MChJ”ning ta’sischisi Jizzax viloyat, G‘allaorol tumanidan bo‘lgan tadbirkor Diyor Bozorov.
Do‘stlik tumanidagi fermerning iddao qilishicha, Diyorning otasi, Baxmal tumanining Sangzor qishlog‘ida tug‘ilgan marhum G‘ofirboy Bozorov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qudasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident amakisining o‘g‘li, ayni paytda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida ishlaydigan Muxtor Mirziyoyevning qizi Bozorovlar xonadoniga kelin bo‘lib tushgan.
Bu iddaoni tasdiqlagan, Do‘stlik tumani davlat idoralaridan birida ishlaydigan mulozimning aytishicha, Diyor Bozorovning biznesi ayni paytda juda "gullagan":
“Diyorbekning otasi G‘ofir aka juda qudratli odam edi. Mirziyoyev bilan shaxsan tanish edi. Otasi vafotidan so‘ng boshqaruv Diyorbekning qo‘liga o‘tdi. U hozir Do‘stlikda xlopzavodni oldi, gaz zapravka qurdi, minglab gektar yeri bor. Qoraqalpog‘istonda ham ikki ming gektar yeri bor. U bilan yaqin bo‘lgan bir tanishimning aytishicha, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘l telefonida prezident bilan gaplashar ekan. Qudaning dastagi zo‘r bo‘lar ekan. Muxtor Mirziyoyevning qizi Diyorbekning kelinoyisi bo‘ladi. Lekin Diyorbekning akasi kim ekanligini bilmayman. Ilgari prokuraturada ishlagan, deb eshitganman”.
Ammo Ozodlik ixtiyorida Muxtor Mirziyoyev va G‘ofirboy Bozorov oilalarining quda ekanligini tasdiqlovchi hujjat yo‘q.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Muxtor Mirziyoyev 2017 - yilning may oyida Jizzax viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
2019 - yilning yanvar oyida mustaqil "Eltuz" nashri Muxtor Mirziyoyev DXXning ichki xavfsizlik va shaxsiy tarkib faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgani haqida yozgan edi.
Jizzax viloyati ichki ishlar tizimida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning aytishicha, Muxtor Mirziyoyev DXXda ko‘p ishlamagan, 2019 - yilning o‘zida Ichki Ishlar vazirligining ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan va shu kunga qadar ayni vazifada ishlab kelmoqda.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Muxtor Mirziyoyevning o‘g‘li Eldor Mirziyoyev Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarini nazorat qiladi.
Tomchilatib sug‘orish muammolari
2019 - yilning 12 - avgustida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.
Shundan so‘ng viloyatlardagi ayrim tumanlarda bu tajribani joriy etish topshirig‘i berildi. Ammo fermerlar tomchilatib sug‘orish uskunalarini xorijdan olib kelib o‘rnatish o‘zlariga juda qimmatga tushayotganidan shikoyat qila boshladi.
Jumladan, Xorazm viloyat, Shovot tumani fermerlari tomchilab sug‘orish tizimi asosiy suv sho‘r yuvishga ketadigan Xorazm viloyatida samara bermagani va o‘ta qimmatligini Ozodlikka aytgan edi.
Buxoro viloyat, Peshko‘ tumanidagi 17 ta fermer xo‘jaligi "Aria Parts Servin Pergas" MChJ qo‘shma korxonasi o‘rnatib bergan tomchilatib sug‘orish uskunasi shlangalari sifatsiz bo‘lgani uchun ishlamagan va fermerlar erlarini buzib, yana an’anaviy sug‘orish tizimiga moslashtirishga majbur bo‘lgan edi.