O‘tgan hafta oxirida jinoyatchilar olamida “Qora” va “Graf” laqablari bilan tanilgan yirik tadbirkor G‘afur Rahimovning jiyani, "Zolotoy" laqabli 32 yashar Ravshan Muhiddinovning iqrori aks etgan videolavha tarqaldi.
Unda Muhiddinov o‘zining tog‘asi buyrug‘iga binoan kaltaklanganini aytgan.
21 - fevral kuni Ravshan Muhiddinovning instagramdagi sahifasiga yuklangan 12 daqiqalik video jinoyat olamidagi shafqatsizlikni fosh qiladi. Rus tilida gapirgan Muhiddinov video davomida "o‘zi yaxshi deb bilgan, ammo yovuzga aylangan dindoshlarining tuzini yeb, tuzlig‘iga tupurganidan" taassuf bildiradi.
Qisqa vaqt ichida bu video tarmoqlardagi barcha platformalarda tarqalib "haqiqat kuchdadir" degan mem va xeshteg ostida taqdim qilindi.
AQSh Moliya vazirligi sanksiya e’lon qilgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilari ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek tadbirkori G‘afur Rahimov o‘z nazarida “dushman” deb bilganlarni jazolagani Mirziyoyev iqtidori davrida faollashgan kriminal doiralarda qizg‘in muhokama qilingan edi.
Mirziyoyevning “parrandachilk g‘oyalarini hayotga tadbiq qilgan tadbirkor” Oybek Miraliyevdan pul undirish vazifasini G‘afur Rahimov o‘z jiyani Ravshan Muhiddinovga topshirgani ortidan chiqqan mojaro va mahkamalar zanjiri haqida Ozodlik bir necha maqola e’lon qilgan.
"Faqat haqiqat"
O‘z qarindoshi va rahnamosi “strelkasiga” ko‘ra “yaxshigina keltaklangan” Ravshan Muhitdinovning yaqinlari Ozodlik bilan suhbatda Ravshanning efir uchun gapirmasligi va videoda aytganlari “faqat haqiqat” ekanligini urg‘uladi.
Toshkent, Dubay va Istanbul uchburchagida sodir bo‘lgan “kriminal razborka” sud va adliya tizimlari falaj bo‘lgani aytilgan Mirziyoyev davridagi O‘zbekiston haqidagi tasavvurimizni kengaytiradi.
Ravshan Zolotoy nima dedi?
Ozodlik 2020 - yilda jinoyat doiralarida tanilgan tadbirkor G‘afur Rahimovning o‘z jiyani Ravshan Muhiddinov bilan pul oldi-berdisida kelishmay qolgani va banditlar to‘dasini yollab Ravshanni kaltaklatgani haqida yozgan edi.
2020 - yil tarqalgan videoda Muhiddinov:
“45 kun ichida va’da qilingan pulni qaytaraman, Xudo xohlasa. Agar qo‘ymasam, Ravshan emasman”, degan edi.
Telegram kanallarida tarqalgan ushbu videolavhada noma’lum kimsalar Ravshan Muhiddinovga turli po‘pisa yog‘dirganini ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda bloklab qo‘yilgan mustaqil “Eltuz” nashri o‘z manbalariga tayangan holda, G‘afur Rahimovning turmush o‘rtog‘i Lola Rahimova mazkur videotasvirni Armen “Dikiy”dan 20 ming dollarga sotib olib, videolavha holatiga keltirgani va ijtimoiy tarmoqqa yuklaganini yozib chiqqan edi.
Oradan bir yil o‘tib, bu iddaolarni Ravshan Muhiddinovning o‘zi e’tirof qilib video chiqardi.
O‘zbekiston va Turkiya bayroqlari bilan bezatilgan Istanbuldagi ofisdan turib ruscha gapirgan Ravshan Muhiddinov bir necha minutga cho‘zilgan kirish so‘zidan keyin asosiy mavzuga o‘tadi:
“Men u yerga borganimda bir gala odamni ko‘rdim. Ularning cheksiz adolatsizligi qurboni bo‘ldim. (Ravshan bu o‘rinda bespredel so‘zini ishlatgan - tahr) “Bespredel” bu keng talqin qilsa bo‘ladigan tushuncha. Men u yerda haddan ziyod bespredelni ko‘rdim. Bular qizil zonalarda uzoq yillar mobaynida (jinoiy olam nazoratida bo‘lmagan jazoni o‘tash maskani. Taxr.) o‘z zulmini charxlagan zolimlar edi. Loxmachlar (Mahbuslarni o‘ta shafqatsiz qiynash uchun yollanadigan mahbuslar - tahr.) qo‘llaydigan eng shafqatsiz qiynoq usullarini qo‘llashdi. Bir yarim-ikki soat davomida tanaffussiz qiynashdi¸ urib do‘pposlashdi. Men jismonan sindirildim. 10 kishi bir kishini sindira oladi. Har qanday monstrni egib, ezib tashlashi mumkin bo‘lgan ko‘pchilik edi ular. Ollohga sharaflar bo‘lsinkim, Ravshanning ruhi sinmadi (Muhiddinov o‘zi haqda uchiinchi shaxsdan gapiradi - tahr) Chunki Ravshanni yonida haqiqat bor edi. Shunda ular barcha metodlar bilan meni ruhimni sindira olmasligini tushunishdi. Jismoniy qiynoqlar natija bermaganidan keyin ular mening nomusimni toptashga qaror qilishdi. Men normal va o‘zini hurmat qiladigan erkak o‘laroq o‘z tarafimdan mavjud vaziyatdan nomusim toptalmay chiqish yo‘lini qidirdim. Ollohga sharafki bu vaziyatdan nomusim butun bo‘lib chiqdim. Men bu vaziyatdan ishkalsiz chiqish uchun ularga ma’lum summadagi pulni berishim lozimligini tushuntirishdi. Shu bilan birga videokameraga qarab “men ularga shu pulni bermasam men odam degan ismga loyiq emasman” demog‘im kerak edi. Ollohga sharaflar bo‘lsinkim, men ular changalidan qutulib chiqdim. Keyinchalik ular meii shantaj qilib pul qani deyishdi va o‘zlariga mos javobni olishdi. Ravshan kaltakdan qo‘rqib birovga pul beradiganlardan emas. Agar Ravshan birovdan qarz bo‘lsa, uni kaltaklash kerak emas. Ravshan pulni o‘zi ikki qo‘llab keltirib beradi. Kerak bo‘lsa uzr ham so‘raydi".
Video davomida Ravshan Muhiddinov “Dubaydagi qarindoshi kaltaklash jarayonini boshqarib” turganiga ham ishora qiladi.
Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Muhiddinovning yaqinlari bu qarindosh G‘afur Rahimov ekanligini tasdiqladi.
Janjalga sabab nima? Nega G‘afurboy jiyanini kaltaklattirdi?
Ozodlikda nusxalari bo‘lgan sud tergov hujjatlarini o‘qish asnosida tog‘a, jiyan va kelinoyi uchligi orasida yuz bergan ziddiyat shamoyili o‘rtaga chiqadi.
Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi U. Sh. Umarov imzolagan va Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ayblov xulosasida da’vogarlar sifatida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari zikr qilingan.
Ayblov hujjatlarida yozilishicha¸ Oybek Miraliyev Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilingan.
Bundan tashqari Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilini “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Shuningdek, G‘afur Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va uning ukasini Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudi sudьyasi Bahodir Yusupov raisligida tadbirkor aka-ukalar Oybek va Eldor Miraliyevlar ustidan o‘tayotgan sud muzokara bosqichiga o‘tgan.
Bundan oldin Davlat ayblovchisi tadbirkor Oybek Miraliyevni 15 yilga, uning ukasi Eldor Miraliyevni esa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.
2020 - yil kuzida sud Oybek Miraliyevni 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Eldor Miraliyev esa, sud zalidan ozod qilingan.
Ozodlik suhbatlashgan tergovga yaqin mulozim gapiga ko‘ra¸ G‘afur Rahimov o‘zining sobiq hamkori Oybek Miraliyevni (laqablari: “Faberje”, “Tuxum”) chuv tushirish uchun undan avval undirgan pullarini qaytadan undirishni rejalashtirgan.
Bu rejani amalga oshirish uchun G‘afur Rahimov Oybek Miraliyevdan pul undirish vazifasini o‘z jiyani Ravshan Muhiddinovga yuklagan va jiyaniga undiriladigan 45 million dollardan bir qismini berishni va’da qilgan.
Topshiriq bo‘yicha ishga kirishib, Oybek va G‘afur o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni o‘rgangan Ravshan Muhiddinovning yaqinlari bu ishda o‘z tog‘asi G‘afur Rahimovning Oybek Miraliyevga tuhmat qilayotganiga, G‘afurning pullarini Oybek emas, balki G‘afurning ayoli Lola Rahimova o‘zlashtirganiga amin bo‘lganini Ozodlikka aytib bergan edi.
Shundan so‘ng Ravshan (“Zolotoy”) G‘afur Rahimovga o‘z xulosasini aytadi. G‘afur Rahimov: “Sen menga va kelinoyingga emas, “Tuxum”ga ishonyapsanmi?! Men bilan kelinoying o‘rtasidagi munosabatlarni buzmoqchimisan?!” deb, o‘z jiyani Ravshan Muhiddinovdan yuz o‘giradi.
Ravshan Muhiddinov o‘z tog‘asiga vaziyatni to‘liq tushuntirish uchun turli darajadagi tanishlarini ishga soladi va G‘afur Rahimovga “neytral bir joyda” uchrashishni taklif qiladi, ammo Rahimov jiyani taklifiga rozi bo‘lmaydi.
Aksincha, xotini “yo‘riqnoma”si asosida G‘afur Rahimov, “Eltuz”ning boshqa bir suhbatdoshiga ko‘ra, tezda ozarbayjonlik Nodir Salifovga va qozog‘istonlik Arman Jumageldiyevga qo‘ng‘iroq qiladi.
“Jiyanim “Zolotoy” dushmanim “Tuxum” tomonga o‘tib ketib, meni chuv tushirdi”, deydi G‘afur.
Uning bu gaplariga ishongan Salifov (“Loto Quli”) va Jumageldiyev (“Dikiy”) Ravshan Muhiddinovni “zamanit qilib”, go‘yoki mehmonga chaqirishadi.
Bu uchrashuv 2019 - yil, 13 - noyabr kuni Istanbuldagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida o‘tkazilgan.
U yerda Muhiddinovni ozarbayjonlikning tarafdorlari – qozoq Arman Jumageldiyev va qurollangan yana 10 nafar sportchi yigit kutib oladi.
Xonada avvaldan kutib o‘tirgan guruh xonaga kirgan Ravshan Muhiddinovning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, unga o‘lim bilan tahdid qilib, uni do‘pposlab va qiynab boshlaydi.
Bir necha sportchi yigit “Zolotoy”ning boshini suv to‘la vannaga bo‘ktira boshlashadi. Qattiq do‘pposlashadi. Lekin Ravshan ularga tan beravermagach, uning erkaklik nomusini toptab jinsiy aloqa qilishini aytishadi.
Qora ro‘yxatda qolmoqda
Mirziyoyev iqtidori davrida «marhamatga noil» bo‘lib O‘zbekistonda istalgan shxasga aylangan G‘afur Rahimov ayni paytda AQSh qora ro‘yxatida qolmoqda.
2020 - yilning aprelida AQSh sudi o‘zbekistonlik tadbirkor, Xalqaro boks uyushmasi – AIBA sobiq prezidenti G‘afur Rahimovni uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarmadi
Ma’lum qilinishicha, G‘afur Rahimov AQShning qora ro‘yxatiga noqonuniy kiritilganini va o‘zini bu ro‘yxatdan chiqarishni iltimos qilib ariza kiritgan. Ammo Kolumbiya okrug sudi G‘afur Rahimovning bu arizasini qanoatlantirmagan.