“Ibodat libosi" qonunchilikdan chiqarildi. Diniy ta’limga cheklovlar saqlanib qolmoqda

Islom Karimov boshqaruvi davrida huquq-tartibot idoralari odatan "diniy libos", deya tasniflagan ayollar yopiq libosini (chapda) Shavkat Mirziyoyev davrida ko‘chada reklama qilgan banner. Toshkent, 2019

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ma’qulladi.

Bu loyihada, jamoatchilikka 2014 - yilda va’da qilingan eng muhim o‘zgarish - jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qo‘yilgan taqiq haqidagi jumla to‘liq olib tashlangan.

Qonunchilik palatasi bir o‘qishda qabul qilgan loyihani endi Senat muhokama tasdiqlashi, so‘ngra prezident imzolashi lozim.

O‘zbekistonda 1998 - yilda qabul qilingan amaldagi qonunga shu mazmunda o‘zgartirish kiritilishi haqida Musulmonlar idorasi 2014 - yil yanvarda Ozodlikka ma’lum qilgandi.



Asosiy o‘zgarishlar

5 - may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan yangi qonundagi asosiy o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:

  • jamoat joyida “ibodat libosi”da yurishga taqiqning bekor qilingan,
  • diniy tashkilot tuzish uchun kamida 100 emas, 50 nafar tashabbuschi talab qilinadi,
  • yangi tashkilot uchun arizani ko‘rib chiqish muddatining 3 oydan 1 oyga tushirilgan,
  • qator diniy tushunchalarga qonuniy ta’rif berilgan,
  • diniy tashkilotlarda faoliyatning shaffof va ochiqlik printsipi belgilangan,
  • ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga o‘z farzandiga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berildi.

Ammo, shunga qaramay, yangi qonunda shu kunga qadar o‘zbekistonlik dindorlarni qiynab kelgan ro‘mol, hijob, do‘ppi, soqol kabi masalalarga aniqlik kiritilmagan, diniy ta’lim bo‘yicha cheklov o‘zgartirilmagan.

Ko‘chada hijob, ro‘mol va soqolda yurish


1998 - yilda qabul qilingan va hozir amaldagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasi shu kunga qadar, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda.

Unda shunday deyilgan:

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi).fuqarolarning (diniy tashkilot xodimlari mustasno) jamoat joyida ibodat libosida yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

“Ibodat libosi” deyilarkan, bu tushunchaga amaldagi qonunda aniqlama berilmagan.

Shunga qaramay, ayni modda asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-1-moddasi bilan bu huquqbuzarlik uchun quyidagi jazo belgilangan:

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.

Yillar davomida huquq-tartibot idoralari, yillar davomida aynan shu moddani asos qilib olgan holda, hijob, ro‘mol, oq do‘ppi va soqol kabi unsurlar bilan jamoat joyida ko‘ringan shaxslarga chora ko‘rgani kuzatildi.

Yangi qonunga “ibodat libosi” degan jumla yo‘q va hatto “diniy libos” yoki umuman “kiyim”, degan so‘zlar ham kiritilmagan.

Bu tushunchaning qonunchilikdan chiqarib tashlanishi - shuncha yildan beri mamlakatdagi dindor qatlamni qiynab kelgan kelgan muammoni amalda yo‘qqa chiqaradimi yoki yo‘qmi - bunisi hozircha noma’lum.

Maktab yoki OTMga hijob, ro‘mol bilan borish

Deputatlar ma’qullagan loyihada ta’lim tizimlari va talabalarning diniy e’tiqodidan kelib chiqadigan munosabatlar 12-moddada (Ta’lim tizimi va din) belgilangan.

Bu moddada ta’lim tizimining dindan ajratilgani belgilangan:

  • “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgan.
  • Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga (diniy ta’lim muassasalari bundan mustasno) diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Fuqarolarning dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar ta’minlanadi”.

Amaldagi qonundan aynan olingan bu modda faqat bir jumla: “Har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega”, degan jumla qo‘shib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda ro‘molli va hijobli o‘quvchi OTM talabalari, do‘ppi yoki soqoldagi talabalarni ta’lim muassasasi binosiga kiritmaslik hollari kuzatiladi.

Maktab hovlisida ro‘moli yechilgan o‘quvchilar yoki OTMdan quvilgan hijobli talabalar ahvoli qator huquqni himoya qiluvchi va diniy erkinliklarni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Shu paytgacha, ta’lim muassasalari o‘z ichki Nizomi va yo‘riqnomalari asosida, talabalarning “diniy libos” deb hisoblangan kiyimlarda o‘quv yurti binosiga kirishini ta’qiqlab keldi.

Yangi qonun va amaldagi qonunning, aynan din va ta’lim tizimi haqidagi qismida qariyb o‘zgarish bo‘lmagani bois, ta’lim maskanlarida libos, bosh kiyim yoki soch-soqolga cheklov bobida biror o‘zgarish bo‘lishini kutish qiyin.

Diniy ta’lim


Yangi loyihaning, jamoatchilik e’tiborini tortayotgan yana bir jihati diniy ta’lim haqidagi kichik o‘zgarish bo‘lmoqda.

Yangi qonunning 11-moddasida xususiy tartibda diniy ta’lim berish taqiqlangan. Ammo, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandiga diniy amaliyot va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berilishi qayd etilgan.

Bu o‘rinda “diniy amaliyot va odob-axloq qoidalari”, deganda nima nazarda tutilmoqda, masalan, ota-ona uyida bolasiga arab tili yoki Qur’onni o‘qishni o‘rgatishi mumkinmi - bu savollar hanuz ochiq qolmoqda.

Amaldagi qonunning 9-moddasida esa “xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi” deb qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni davlat tomonidan litsenziyalangan ta’lim maskanlaridan tashqarida diniy ta’lim berish, jumladan arab tili yoki Qur’onni o‘qitish taqiqlab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, yangi qonunda ham, fuqarolar majburiy umumiy-o‘rta yoki o‘rta maxsus ta’lim olganlaridan so‘ng diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi.

7 yil kutilgan loyiha

Hozir amaldagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilayotgani haqida Ozodlik 2014 - yil yanvar oyida xabar qilgan edi.

O‘shanda Musulmonlar idorasidagi manba qonunda diniy liboslar bilan bog‘liq moddada mavhumlik bo‘lgani bois, diniy idora o‘zgartirish kiritish taklifi bilan parlamentga murojaat qilganini bildirgan edi.

Bu xabarga o‘sha kezda izoh bergan Musulmonlar idorasi raisi sobiq o‘rinbosari Abdulaziz Mansur qonunning diniy liboslar qismiga sharh yozilayotganini bildirgan edi:

- Sharhlarda ro‘mol, do‘ppi, maxsi-kalish, uzun ko‘ylak va shunga o‘xshash narsalar - bular milliy libos tariqasida talqin qilinayapti. Militsiya xodimlarining bunday kiyimlarni "ibodat libosi" deb odamlarni ta’qib qilganidan bizga ko‘plab shikoyatlar bo‘lgani bois, shunday sharh yozilayapti hozir. Tez orada bu sharh e’lon qilinadi.

Keyinchalik bu masalada boshqa ma’lumot berilmadi.

2016 - yilda Islom Karimov vafot etgach, prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining ilk yillarida bu masala yana ko‘tarildi.

2017 - yilda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun o‘zgartirilishini ma’lum qilgandi.

Ammo, faqat 2020 - yilning avgustiga kelib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida e’lon qilindi, 2021 - yilda - saylov yiliga start berilgan kezda Parlament loyihani bir o‘qishda qabul qilib yubordi.

Kuni kecha uni Qonunchilik palatasi deputatlariga taqdim qilgan vazir Ruslanbek Davletov loyihasining asosiy maqsadi: “Vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini taokmillashtirishdan iborat”, deb ta’kidladi.

Adliya vazirligi rasmiy saytida bu o‘zgartishlardan yana bir maqsad “asosan aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri, fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanishidir”, deya sharh berildi.

AQSh Davlat departamenti o‘tgan yil dekabrida O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqargan.

Biroq AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) joriy yil aprel oyida O‘zbekistonni maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatiga qaytarishni tavsiya qilgandi.

Komissiyaning bunday xulosaga kelishiga asosan qonunchilikdagi muammolar, xususan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi xalqaro standartlarga mos kelmasligi sabab bo‘lgani bildirilgandi.