Rossiyadan O‘zbekistondagi oilalariga yuk yuborayotgan mehnat muhojirlari har bir kilo yuk uchun olinayotgan xizmat haqining qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistonga nisbatan 8-10 barobar qimmatligidan arz qilishmoqda.
Ozodlik muxlislari oxirgi paytlarda migrantlar yuborgan yuklarning yo‘qolib qolish holatlari ko‘payib borayotganini aytishadi.
Yuk tashuvchi haydovchilar va tadbirkorlar muammoning hammasi chegaradagi olib kirilayotgan har bir kilogramm buyum uchun qo‘yilgan “3 dollarlik” bojda ekaniga ishora qilmoqda.
“Tojikiston va Qirg‘izistonga yuk jo‘natish 10 barobar arzon!”
Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbek muhojirlari o‘z yurtiga puldan tashqari, maishiy texnika, kiyim-kechak, turli buyum va xo‘jalik mollarini ham jo‘natishadi. Pulni ular, asosan bank va pul jo‘natmalari orqali yuborsa, mol-hol jo‘natishda yuk tashuvchi haydovchilarning xususiy bizneslaridan foydalanadi.
Ayniqsa, chegaralar yopilganidan keyin va migrantlarning bordi-keldisi keskin cheklanishi ortidan bunday xizmatlarga ehtiyoj yanada oshdi.
O‘zbekiston-Rossiya va Qozog‘iston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yurayotgan minglab og‘ir va o‘rta og‘irlikdagi yuk tashishga mo‘ljallangan mashinalar bilan birga, bu biznesga engil mashinalar ham jalb etilgani ma’lum.
Ozodlik radiosiga Sankt-Peterburgdan murojaat qilgan Bekzod ismli o‘zbek muhojiri O‘zbekistonga jo‘natish uchun har bir kilogramm yukdan 250-300 rublgacha (3-4 AQSh dollari-tahr.) “stavka” qo‘yilganidan shikoyat qildi. Suhbatdosh qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistonga ayni yukni yuborish 10 barobar arzonga tushayotganini gapirdi:
- Hozir “Kamaz”, “Gazel” va boshqa katta furalarga chegara ochiq - bemalol olib borib, yuklarni o‘tkizishyapti. O‘zbekistonda kiritilgan qonunga ko‘ra, 1 ming dollardan tepasiga 3 dollardan boj qo‘yilgan. Har bir yangi kirayotgan fuqaroga O‘zbekistonga 6 oyda bir marta maishiy texnika - televizor, sovutkich olib kirishga ruxsat bor. Menimcha, O‘zbekistonda “Artel”ga o‘xshagan monopolistlar chiqqani uchun tovar yoki hatto eski buyum olib kirish qiyinlashib qoldi. Oqibatda siz O‘zbekiston ichkarisidagi tovarlarni sotib olishga majbur bo‘lasiz. Hozir Qirg‘izistonga va Tojikistonga yukni kilosini 30-60 rublga olib borishyapti, hech qanday cheklov yo‘q. O‘zbekistonga esa 230 rubldan 300 rublgacha qilib qo‘ygan! Samolyotga olinadigan narx bilan bir xil qilvolishgan. So‘rasangiz, “Rastamojkaga 3 dollardan pul beryapmiz!”, deyishadi, - deydi Bekzod.
O‘zbek muhojiri ko‘plab vodiylik muhojirlar Tojikistonning Konibodomi orqali jo‘natib, chegaradan yukni olib o‘tish har kilosi 60-70 rublga (salkam 1 AQSh dollari-tahr.) tushayotganini bildirdi. U xuddi shunday Qirg‘izistonning O‘sh shahri orqali ham yuklarni O‘zbekistonga olib kirish 70-80 rublga teng bo‘layotganini ta’kidladi.
- O‘zbekiston orqali ketayotgan “Kamaz” haydovchilari yurtdoshlarimiz mol-mulkini bir necha barobar arzonga Buxoro yoki Nukusga tashlab o‘tib ketyapti. Yuk tashish bilan chegaralar yopiq bo‘lgan bir paytda Rossiyaga pomidor yoki meva-cheva olib kelayotgan “fura”chilar shug‘ullanyapti. Ularga mijoz topib berish, reklama bilan esa blogerlar shug‘ullanyapti, - dedi Bekzod.
“Muammo o‘sha “3 dollarlik” cheklovda!”
Ozodlik vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida yuk tashish biznesi bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar bilan bog‘landi. Ismini aytmagan tadbirkorlardan biri muammo O‘zbekiston davlat chegarasida olinayotgan “3 dollarlik” bojda ekaniga e’tibor qaratdi.
- Toshkentga, vodiyga - 250 rubl. Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazmga 270 rubldan olib ketilyapti. Tojikiston, Qirg‘izistonga “rastamojka” yo‘q bo‘lgani uchun ularda arzon. Tojikistonga, masalan, bir fura mebel yoki yog‘ochni bostirib, olib ketsangiz ham kirib ketaveradi. O‘zbekistonda “les”gayam, bitta sumkagayam kilosi 2,5 dollardan tepada “rastamojka” qiladi. Bu narsa ilgaridan borku! - dedi biznesmen.
Rossiyadan O‘zbekistonga yuk tashuvchi navoiylik haydovchilardan biri O‘zbekistonga yuk olib kirish bilan bog‘liq vaziyat chegarada ko‘plab korruptsiya holatlari va adolatsizlikni keltirib chiqaryapti, deydi. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan shofyor aslida Rossiyadan eski-tuski buyumlar va maishiy texnika yuborilishini aytadi.
- Chegarada haqiqatan yuk tashiyotgan furgonlardan 3,3 dollar har bir kilogrammga boj olinadi. Borguncha molni rus, keyin qozoq chegarasida bittalab tekshirishadi. O‘zbekistonda esa maydalab, hamma narsani qo‘l apparati bilan rentgen qiladi, buyumlarni titvoradi! Tojikistonliklar mashinasiga plomba urib, chegaralarda katta rentgen apparatlaridan o‘tib, yukni yoymasdan ketaveradi.
3,3 dollar deganingiz o‘sha 250 dollarlaga borib qolyapti - haydovchilarga yo‘l xarajatlari bilan 40-50 rubl qolyapti har kilodan. Bu pullar davlatga tushsa yaxshiku-ya, faqat u erda maxinatsiya ko‘p: qaysi tovar-buyumga qancha narx qo‘yib chegaradan olib kirishda, pora evaziga og‘irlikni kamaytirishda va hokazo. Aslida, Rossiyadan hatto yangi narsalarni jo‘natishning hojati qolmadi. Natijada bechora migrant cho‘ntagidan to‘lashga majbur! Oxirgi paytlarda kilosini 150 rublga olib ketuvchilar paydo bo‘lgan. Bir mashina yukni yig‘ib, o‘zlari yo‘q bo‘lib ketyapti. Undagi narsalar ertaga yoymada sotilyapti, - deydi suhbatdosh.
U muhojirlarning uyiga yuborgan sovg‘a-salomlari yo‘lda yo‘q bo‘layotganiga yuk egasi va haydovchi o‘rtasida faqat og‘zaki kelishuv mavjudligini ham sabab qilib ko‘rsatdi. U ayniqsa Qozog‘iston chegarasidagi tintuvlar yuklarning yo‘qolishiga ham olib kelayotganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa migrantlar mol-mulkini yetkazib bermagan muhojirlar to‘g‘risida videoroliklar paydo bo‘la boshladi.
Ozodlik suhbatlashgan boshqa haydovchilar ham O‘zbekiston hukumati tomonidan chegarada o‘rnatilgan “3 dollarlik” cheklov olib tashlansa ular yuk tashish narxlarini keskin tushirishga majbur bo‘lishini ma’lum qildi.
(Peshko‘lik haydovchilarning 2020 - yil yanvarida prezidentga murojaati)
2020 - yil, 1 - yanvardan prezident Shavkat Mirziyoyevning «Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori kuchga kirgandi. Qaror muallifi Davlat bojxona qo‘mitasidir.
Tanqidchilar ushbu qaror O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq va qoloq davlatlari - Haiti¸ Zimbabve va Venesuela safiga qo‘shishi¸ korrupsiyani kuchaytirib¸ xalqni o‘z mahsulotlarini qimmat narxda sotib olishga majburlayotgan sanoqli monopolistlarga xizmat qilishini ta’kidlab keladi.
Qaror loyihasiga nisbatan jamoatchilik fikri mutlaq negativ bo‘lganiga qaramay¸ 7 - noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev uni imzolagan edi.
O‘tgan yil oktabrida O‘zbekiston prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamaga chiqarilgan edi.
Unda “2021 - yil 1 - yanvardan boshlab bojxona to‘lovlari olinmaydigan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida jismoniy shaxsning manziliga kelib tushadigan tovarlarni respublikaga olib kirishning eng yuqori me’yorini, bir kalendar chorakda birinchi qabul qilinganda, 1000 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarigacha tushirish va brutto og‘irligi 10 kilogrammdan oshmasligi bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin", deb ta’kidlangan.