Sattoriy ishi davomi: Effect.uz o‘zining uch jurnalisti ustidan sud jarayoni haqida sukut saqlamoqda

Effect.uz saytining sudlanayotgan uch jurnalistidan biri Ozodlikka sayt rahbariyati sud jarayoniga oid ma’lumotlarni ochiqlashdan tiyilib turishni tavsiya qilganini bildirdi.

6 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan surxondaryolik bloger ishini batafsil yoritgan Effect.uz sayti o‘z jurnalistlarining sudlanayotgani to‘g‘risida birorta ham ma’lumot, hatto Oliy sudning 27 - may kungi bayonotini ham e’lon qilmadi.

Effect.uz sayti bosh muharriri sud ishiga oid xabarlarni bermay turish to‘g‘risidagi qarorni o‘zi qabul qilganini bildirdi.

27 - may kuni Qashqadaryo viloyat sudida Effect.uz saytining uch jurnalisti: H. Ahmedov, A. Nurimbetov, va E. Tojiboyevlar ustidan sud jarayoni boshlandi.

Oliy sud: jurnalistlar tuhmat, haqorat qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik qilishda ayblanyapti

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha :

H. Ahmedov hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatishda (JK 219-modda) va tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishda (JK 236-modda) ayblanmoqda.

A. Nurimbetov tuhmat qilishda (JK 139-modda), haqorat qilishda (JK 140-modda), hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatishda (JK 219-modda) va tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishda (JK 236-modda) ayblanmoqda.

E. Tojiboyev tuhmat qilishda (JK 139-modda), haqorat qilishda (JK 140-modda), hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatishda (JK 219-modda) va tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashishda (JK 236-modda) ayblanmoqda.

Sudning navbatdagi majlisi 31 - may kuni o‘tkazilishi xabar qilindi.

Sudlanuvchilardan biri: Sudga jurnalistlarni kiritmaslikni iltimos qildik

Dastlabki sud majlisi tafsilotlari Oliy sud matbuot xizmati xabarida ochiqlanmagan. Ularni ochiqlashni sudlanuvchilardan biri, jurnalist Elyorbek Tojiboyev ham ochiqlashni istamadi.

“Saytimiz rahbariyati sud ishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni jurnalistlar va blogerlar bilan bo‘lishmay turishni tavsiya qilgan”, dedi jurnalist.

Boz ustiga, Elyorbek Tojiboyevning aytishicha, 27 - may kungi sud majlisida sudlanuvchilar sudyaga mahkama jarayonini ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yopiq tarzda o‘tkazishni so‘rab iltimosnoma kiritgan.

Buni jurnalist “shunday qilmasak, blogerlar hammasi kelib olar ekan, ularning dardi kontent yaratish xolos”, deb izohladi.

Elyor Tojiboyevning aytishicha, sudlanayotganlar (o‘zi va ikki hamkasbi) hibsda emas: uchalasi ham Qarshidagi mehmonxonalardan birida yashamoqda, mehmonxona pulini ular ishlaydigan sayt to‘layapti.

Elyor Tojiboyev, shuningdek, Ozodlikka advokati yo‘qligini bildirdi. “Advokatlarga ishonchim yo‘q. O‘zim har qanday advokatdan kam emasman, o‘zimni o‘zim himoya qilib olaman”, dedi. Biroq oqlanishiga ishonchi yo‘qday ko‘rindi: “qamab yuborishsa kerak”, dedi.

Sudlanuvchi Elyor Tojiboyev o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblov tafsilotlarini ochiqlashni istamadi. “Sattoriyga bog‘liq bo‘lsa kerak-da. Uning ishini tinimsiz yoritdikku!” dedi.

Effect.uz bosh muharriri: Sud haqida yozmaslikka qaror qildim

Effect.uz sayti bosh muharriri Akmal Eshonxonov uch jurnalisti ustidan sud boshlanganini, saytida sudga oid birorta ham informatsiya berilmaganini tasdiqlash bilan cheklandi.

Sudni yoritmaslik bosh muharrir sifatida o‘z qaroringizmi yoki qandaydir "tepa"dan buyruq bo‘lganmi, degan savolga Akmal Eshonxonov “Yo‘q, o‘z qarorim”, deb javob berdi.

Jimjitlik

Effect.uz saytining uch jurnalisti ustidan sud boshlangani o‘zbek saytlarining ham nazaridan chetda qoldi. Yetakchi mahalliy nashrlar Oliy sud matbuot xizmatining 27 - may kungi xabariga ham o‘rin bergani yo‘q.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi telefonini ko‘targan xodim Qashqadaryoda uch jurnalist ustidan sud boshlanganini Ozodlik muxbiridan eshitdi. Ish haqida surishtirganidan so‘ng uyushmaning boshqa bir xodimi bilan gaplashishni tavsiya qildi.

Boshqa xodim “Ha, xabarim bor. Qashqadaryodagi vakilimiz shug‘ullanyapti” dedi. Qashqadaryodagi vakil bilan kun davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Jurnalistlar uyushmasi mulozimi Ozodlikning O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasi to‘g‘risidagi savoliga “So‘z erkinligi ta’minlanib turibdiku” deyish bilan cheklandi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) matbuot xizmatiga qilingan qo‘ng‘iroqlar esa javobsiz qoldi.

Effect.uz sayti jurnalistlari borasida o‘tgan oy qilingan murojaatga javoban Agentlik matbuot xizmati xodimi Ahmad Yusupov “kechga yaqin javob tayyorlab qo‘yishini” aytgan, biroq aytilgan vaqtda “rahbariyat bu masala bo‘yicha rasmiy xat bilan murojaat qilishingiz lozimligini bildirdi”, deyish bilan cheklangan edi.

27 - may kuni Qashqadaryo viloyat sudida sudi boshlangan uch jurnalistdan ikkisi Akbar Nurimbetov va Elyor Tojiboyevlar ustidan jinoyat ishi ochilib, qidiruvga berilgani Ozodlikka 7 - aprelda ma’lum bo‘lgan edi.

Bosh prokuraturaning 6 - apreldagi bayonotida bu ikki jurnalist ustidan Jinoyat kodeksining 236-va 219-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Farg‘onalik Elyor Tojiboyev 7 - aprelda Ozodlik savollariga javoban, shu yilning 12 - yanvarida Termiz tuman sudida bir fuqaro ustidan ko‘rilgan ishni yoritishda qatnashganini, biroq prokuratura bayonotida aytilganiday, hamkasbi bilan sudyaga hech qanday bosim o‘tkazmagani, buni o‘z vaqtida e’lon qilingan videoda ham ko‘rish mumkinligini bildirgan edi.

Elyor Tojiboyevning hamkasbi, navoiylik Akbar Nurimbetov Bosh prokuratura bayonoti ortidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z bayonotini e’lon qilgan.

Effect.uz sayti jurnalistlari ustidan boshlangan sud Surxondaryo viloyati bilan bog‘liq bu yilgi birinchi ish emas. Uch jurnalistning ishi nima uchun Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rilayotganini Oliy sud o‘z bayonotida izohlamagan.

Mahalliy rasmiylarni o‘zining “Xalq fikri” videoblogida tanqid qilgani bilan tanilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi hukmi bilan shu yil 10 - mayida olti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon jurnalist va blogerlarni faollikka chaqirib keladi. Bunday chaqiruv davlat rahbari tilidan 18, 19 - mart kunlari Toshkent viloyatiga qilgan amaliy safari davomida ham yangragan edi.

Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha bu yilgi reytingida O‘zbekiston bir pog‘ona pastlagan.

Tashkilot o‘tgan oy e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni 180 davlat ichida 157-o‘ringa qo‘ygan. 2020 - yildagi reytingda O‘zbekiston 156-o‘rinni egallagani e’tiborga olinsa, bu yil mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq holat yomonlashgani anglashiladi.