Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:02

Jurnalistlar kunida ham Mirziyoev matbuot bilan uchrashmadi (VIDEO)


Ayrim o‘zbek jurnalistlari¸ hamma soha vakillari bilan uchrashayotgan prezidentning nega matbuot bilan uchrashmayotganidan hayronliklarini aytmoqda.
Ayrim o‘zbek jurnalistlari¸ hamma soha vakillari bilan uchrashayotgan prezidentning nega matbuot bilan uchrashmayotganidan hayronliklarini aytmoqda.

10 oydan beri prezident sifatida faoliyat ko‘rsataëtgan Shavkat Mirziyoev hozirga qadar jurnalistlar uchun birorta matbuot anjumani o‘tkazmadi¸ ular bilan biror marta yuzma-yuz suhbatlashmadi. O‘zbek jurnalistlarining o‘z kasb bayramlari kunida prezident bilan uchrashish ehtimoli ham ro‘yobga chiqmadi - prezident nomidan yozilgan qisqa tabrikni uning davlat maslahatchisi o‘qib berdi.

"Tabrik qisqaroq¸ tadbir kamtarroq bo‘ldi"

27 iyun – O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri Hamza nomidagi milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tdi.

Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirgan tabrikda, asosan, Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda respublikani rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, unda matbuotning o‘rni va ahamiyati urg‘ulandi.

Odatdagidek, tadbirda "Yilning eng faol jurnalisti", "Eng faol sport jurnalisti" tanlovlari g‘oliblariga sovg‘alar berildi. So‘ngra poytaxtning G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida jurnalistlar va ularning bolalari uchun sayil bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy bayram tadbirida ishtirok etgan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Mirziyoevning tabrigi, mazmun jihatidan avvalgi tabriklardan farq qilmagan, ammo sezilarli darajada qisqa bo‘lgan:

- Karimovning tabrigi uzundan-uzoq bo‘lardi. Ammo, Mirziyoevning tabrigi juda qisqa bo‘ldi. Biz endi bayram munosabati bilan prezident jurnalistlar bilan uchrashadi, deb kutgan edik, afsuski, bo‘lmadi. Ammo tez orada bo‘ladi, degan gaplar bor, - deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston markaziy teleradiokompaniyasida uzoq yillar ishlagan jurnalistlardan biri ham prezident bilan uchrashuv aynan kasb bayrami arafasida o‘tkazilishi kutilayotgani haqida yozdi. Uning fikricha, bu yil kasb bayramida matbuot va OAV xodimlariga e’tibor past bo‘lgan.

"Kecha prezidentning ruhiy bemorlar shifoxonasiga borganidan xabardorsiz. Jurnalistlarga shu qadar ham e’tibor ko‘rsatilmadi. Ko‘pchilik prezidentning jurnalistlar bilan yo 3 may, yo 27 iyunda uchrashishini kutgan edi¸ lekin bu uchrashuv yana bo‘lmadi", deb yozdi Ozodlikka o‘zbekistonlik jurnalistlardan biri.

Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelganidan buyon majlis xonalaridan markaziy televidenie ekranlariga ko‘chirgan videoselektor yig‘ilishlarida mamlakat boshqaruvidagi qator sohalar xodimlari bilan uchrashdi. Sud, prokuratura, sog‘liqni saqlash, din, ta’lim kabi sohalarda ko‘zlayotgan islohotlarini bayon qildi, ammo matbuot vakillari bilan uchrashmadi¸ hozirgacha biror marta matbuot anjumani ham o‘tkazmadi.

"Matbuot o‘zini endi Mirziyoev talabiga moslashga urinmoqda"

Bunga qadar 30 mart kungi videoselektorda, boshqa masalalar qatori, O‘zbekiston televideniesini ham birrov tilga olgan prezident TV faoliyatini tanqid qilib, bu tizimni o‘zgartirish kerakligini ta’kidlagan edi.

"Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. "Axborot" ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak", degan edi, jumladan, Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekistondagi rasmiy nashrlardan birida ishlovchi jurnalistning aytishicha, ana shu ko‘rsatuvdan so‘ng u ishlaydigan nashr muhariri jamoani yig‘ib, ulardan tanqidiy-tahliliy maqolalar yozishni so‘ragan.

- Mana prezidentimiz aytdi, tanqidiy maqolalar yozing, deb, tanqidiy maqolalar yozib kelinglar, dedi. Yozib bordik, ammo chop etmadi. Mening kuzatishimcha, Mirziyoev ochiq yozinglar, degani bilan yillar davomida o‘tirgan gazeta va jurnal muharrirlarida bunday jur’at yo‘q. Bosma nashrlarda hali hech qanday o‘zgarish yo‘q, - dedi respublika miqyosidagi rasmiy gazetalaridan birida ishlaydigan, ismini oshkor qilmagan yana bir jurnalist.

Ayrim jurnalistlarga ko‘ra¸ prezident nomma-nom sanab, tanqid qilgan va rahbari almashtirilgan O‘zbekiston markaziy televideniesi ko‘rsatuvlarida ayrim o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Xususan ular 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan "O‘zbekiston" telekanalida berilgan "Munosabat" ko‘rsatuvini ana shu o‘zgarishlar nishonasi sifatida tilga oldilar.

Bu bahs jarayonida "Xalq so‘zi" rasmiy gazetasiga "tazyiqlar ostidagi majburiy obuna", rasmiy matbuotning "hukumat siyosati bilan cheklanib qolgani"yu "sariq matbuotning saviyasizligi", o‘qituvchilarning ta’lim qolib, "ko‘cha supurishi", shifokorlarning sog‘liqni saqlash qolib "daraxt oqlashi" kabi muammolar tilga olindi.

"Erkin mikrofon" vs "Erkin ob’ektiv"; OzodlikOnline vs O‘zbekiston onlayn?

Rasmiy televideniedagi bu jonlanish, yillar davomida kuzatilgani kabi, prezident ruxsat bergan soha va darajadagina qolmoqda¸ deydi jurnalist Tashanov:

- "Erkin ob’ektiv", "O‘zbekiston onlayn" degan ko‘rsatuvlarda bolalar mehnati, o‘qituvchilarning majburiy ishlatilishi, yo‘llar masalalari ko‘tarilyapti. O‘tkir chiqishlar bo‘layapti. Albatta, hukumatni ayblab, siyosiy urg‘u berib, bu narsalar gapirilayotgani yo‘q. Ammo, hokimlar, vazirlar intervyu berib, muammolardan gapira boshlaganining o‘zini ham ijobiy baholash mumkin. Avvallari bunaqa gaplar umuman yo‘q edi, - deyli Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston yillardan beri xalqaro tashkilotlar tomonidan so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan, mustaqil matbuot siqib chiqarilgan, rasmiy matbuot esa hukumatning targ‘ibot vositasiga aylangan davlat sifatida tanqid qilib kelinadi.

Mirziyoev o‘tgan yilning dekabrida prezident bo‘lib saylanganidan buyon xalqaro jamoatchilik kutayotgan muhim o‘zgarishlardan biri aynan matbuot erkinligi sohasidagi islohotlardir.

Ammo hozircha na prezident, na rasmiy matbuot bu borada jiddiy islohotlar, xususan¸ mustaqil va xorij ommaviy axborot vositalarining mamlakatda qayta ish boshlashiga imkon berilganiga oid bayonot berdi.

XS
SM
MD
LG