Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:44

Leningrad viloyatida shifoxonadan qochib ketgan 5 yashar o‘zbekistonlik qidirilmoqda


Illyustratsiya. Suratdagi ona va bolaning xabarga aloqasi yo‘q.
Illyustratsiya. Suratdagi ona va bolaning xabarga aloqasi yo‘q.

Leningrad viloyatining Vsevolojsk shahar politsiyasi kasalxonadan bitta pijamada qochib ketgan o‘zbekistonlik 5 yashar bolani qidirmoqda. Mahalliy politsiya mulozimi Ahmadning chiqindixonalarni titkilab yurganida ushlanganini, og‘ir kasal ekani aniqlangani uchun u 2 kun oldin mahalliy shifoxonaga yotqizilganini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ahmadning kasalxonada emasligini 21 noyabrga o‘tar kechasi, tunggi soat 11:30 larda bilib qolishgan va shundan so‘ng politsiya uni qidirishni boshlagan.

Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, politsiya xodimlari Ahmadni 19 noyabrda Leningrad viloyatining Vsevolojsk shahridagi chiqindixonalardan birida chiqindi titkilab yurgan paytda ushlagan.

Yupun kiyingan, og‘ir kasal ekani shundoq ko‘rinib turgan bolani avval politsiya bo‘limiga olib kelishgan, u yerdan Vsevolojsk tumanlararo shifoxonasiga olib borishgan.

-Uni chiqindixonadan olib kelishgan edi. Kecha tuman markaziy shifoxonasidan qochib ketibdi. Bolaning ismi Ahmad, yoshi 5 larda. Uning ishi Voyaga yetmaganlar bo‘limi inspektoriga topshirildi. Bilishimcha, bola ustidan vasiylik tayinlanadi. Buning uchun esa uni avval topish kerak, dedi politsiya bo‘limi navbatchi ofitseri.

Bola 19 noyabr kuni chiqindixonada ushlanganidan 1 soat o‘tib politsiya bo‘limiga uning 25 yoshdagi onasini ham keltirishgani aytildi.

Noshud onani so‘roq qilgan politsiyachilar ona-bola yozda O‘zbekistondan kelgani, shu atrofda tilanchilik qilib, kun kechirib yurishlari ma’lum bo‘ldi. Politsiya xodimlari Ahmad va uning onasi Leningrad viloyatida kun kechirib yurgan boshqa "o‘nlab tilanchi-lo‘lilardan" ekanini taxmin qilishdi.

Politsiya bo‘limida ayolga nisbatan protokol tuzildi, u jarimaga tortilib, qo‘yib yuborildi.

Vsevolojsk tumanlararo klinik shifoxonasiga 19 noyabr kuni olib kelingan bolada bir qancha kasalliklar borligi aniqlangani ma’lum bo‘ldi.

- Bola holdan toygan, shifokorlarimiz unga O‘RVI (O‘tkir respirator virusli infeksiya) tashhisini qo‘ydi. 20 noyabr kuni tunda, shifoxonada tibbiyot hamshirasi yo‘qligidan foydalangan bola oddiy pijama va to‘q-sariq rangdagi engi kalta futbolkada ko‘chaga chiqib, qochib ketibdi, dedi pediatriya bo‘limi hamshirasi.

Shu kunda Leningrad oblastida havo harorati 0 daraja atrofida. Shifokorlar o‘zbekistonlik 5 yashar Ahmad bunday sovuqda faqat onasi oldiga qochib ketgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG