22 aprel kuni Moskvada ilk marotaba mehnat muhojirlari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Unda yirik ish beruvchilar vakillari mehnat muhojirlari bilan uchrashadi.
Anjuman doirasida migratsiya sohasi ekspertlari chiqishlari va master-klasslari, Moskva va Rossiyaning boshqa mintaqalaridan kelgan yirik ishlab chiqaruvchi shirkatlar vakillarining migrantlar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Bu haqda Ozodlikka qo‘shimcha ma’lumot bergan Migranto.ru axborot-rekruting portali rahbari Svetlana Salamova yarmarkada mehnat muhojirlariga migratsiya sohasiga oid huquqiy maslahatlar ham berilishini bildirdi:
- Bugunga kelib mehnat migratsiyasi bozori panada qolib ketgan. Ayni damda, juda ko‘plab ish beruvchilarga ishchi muhojirlar kerak, ularni legal tarzda ishga joylashtirish imkoni bor. Boshqa tomondan, ishga ruxsatnomasi bor ko‘plab migrantlar ish joyi topolmasdan halak. Vositachilik qilayotgan ko‘plab shubhali shirkatlar va shaxslar tufayli rekruting sohasiga ishonch qolmagan. Men bu ikki tarafni bir maydonda birlashtirishni maqsad qilib qo‘ydim.
Yarmarka tashkilotchisi Svetlana Salamova ayrim ish beruvchilar taklif qilinayotgan ish sharoitlari va tartibi to‘g‘risida ma’lumot beradi, qolganlari esa migrantlar uchun o‘z mahsulotlarini taklif qiladi, dedi. Masalan, Sberbank mutaxassislari pul jo‘natmalariga oid yangi takliflar va migrantlar uchun kreditlar berilishi, bankda hisob raqamini ochish va boshqa dolzarb masalalar borasida ma’lumot beradi.
Yarmarkada Migranto.rudan tashqari O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, Rossiya migrantlar federatsiyasi, “Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy” jamiyati va boshqa tashkilotlar ham ishtirok etadi.
Maxsus bo‘limda xorij grajdanlariga Rossiyaga kirish-chiqish, mahalliy migratsiya qonunchiligi yangiliklari va kirishga taqiqlarni bekor qilish masalasi bo‘yicha maslahatlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Mehnat muhojirlari uchun ish o‘rinlari yarmarkasi 22 aprel kuni Moskva shahri, Mir prospekti, 36 uy, 1 binoda o‘tkaziladi. Barcha ishtirokchilar uchun kirish bepul.
2018 yilda Moskva shahar byudjetiga mehnat migrantlariga patent sotishdan 17 mlrd rubl (~255 mln.AQSh doll.) daromad tushgan. Bundan bir yil oldin bu ko‘rsatkich 15,7 mlrd. rubl (277 mln. dollar)ni tashkil etgan.
2018 yilda ishga ruxsatnomaning oylik to‘lovi 4,2 mingdan 4,5 mingga, 2019 yilda esa 5 ming rublga yetkazildi.
Ayni paytda, migrantlarning ko‘tarilgan oylik ishga ruxsatnoma uchun to‘lovlari 2018 yilda mahalliy byudjetlarga 57,3 milliard rubl (qariyb 900 mln AQSh doll.) miqdorida (2017 yilda – 51,3 mlrd. rubl) daromad keltirdi.
Bu to‘lovlarning asosiy qismi O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlariga to‘g‘ri keldi.