Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:38

G‘afur Rahimov mojarosi ortidan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi AIBAni 2020 yilgi Tokio olimpiadasidan chetlatdi


G‘afur Rahimov
G‘afur Rahimov

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 26 iyun kuni Lozannada bo‘lib o‘tgan 134-sessiyasi qarori bilan Xalqaro boks uyushmasi (AIBA) 2020 yilgi Tokio o‘yinlaridan chetlatildi.

Qo‘mita Tokio musobaqalarida qatnashadigan o‘yinchilarni saralash jarayonini o‘zi o‘tkazajagini bildirdi.

Bunday qarorga¸ AQSh tomonidan "uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri" sifatida sanksiyaga uchragan o‘zbekistonlik G‘afur Rahimovning Olimpiya qo‘mitasi keskin qarshiligiga qaramay¸ AIBA prezidentligiga saylangani asos bo‘lgan.

Qo‘mita o‘z qarorida¸ Rahimovning Xalqaro boks uyushmasi rahbarligiga saylangani unga nihoyatda jiddiy zarar yetkazganini ta’kidlagan.

AIBA "Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va uning AQShdagi aksionerlari obro‘siga putur yetkazuvchi juda jiddiy huquqiy va moliyaviy muammolar yaratdi"¸ dedi chorshanba kungi yig‘ilishda qo‘mita ta’sis qilgan maxsus tekshiruv guruhi rahbari Nenad Lalovic.

2019 yilning may oyida XOQning Moliyaviy boshqaruv, hakamlik va etika masalalari bo‘yicha qo‘mitasi Xalqaro boks uyushmasiga o‘z e’tirozlarini rasman bildirgan va uni Olimpiya qo‘mitasi talablarini bajarmaganlikda ayblagan edi.

Uyushma 2020 yilgi Yaponiya musobaqalaridan chetlashtirilgan bo‘lsa-da¸ Xalqaro olimpiya qo‘mitasi boksning musobaqalar dasturida qoldirganini ma’lum qildi.

Xalqaro boks uyushmasi Tokio olimpiadasidan chetlatilgani ortidan ish o‘rinlarining keskin qisqartirilishini xabar qildi.

Transborder Corruption Archive (Transchegaraviy korrupsiya arxivi-tahr.) loyihasi muallifi, taniqli jurnalist Anastasiya Kirilenko Ozodlik bilan suhbatda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 26 iyun kungi qarorining asosli ekanini aytadi:

- Jinoiy elementlar o‘z faoliyatini legitimlashtirish maqsadida¸ ayniqsa¸ sport musobaqalariga homiylik, saxovatpeshalik ko‘rsatib kelgan. G‘afur Rahimov bilan nafaqat AQSh¸ balki Fransiya, Ispaniya, Germaniya politsiyasi ham qiziqib keladi. Loyihamiz davomida bu shaxsning Interpol ro‘yxatidagi qator jinoiy avtoritetlar bilan o‘ta yaqin aloqalari borasida inkor etib bo‘lmas ma’lumotlar to‘plangan. AQSh uni hatto narkotraffikda ayblab keladi. Shu bois boks federatsiyasiga jinoyatchilardan uzoqroq bo‘lgan shaxsni rahbar etib tayinlash tabiiy holdir, dedi Anastasiya Kirilenko.

G‘afur Rahimov va Semyon Mogilevich
G‘afur Rahimov va Semyon Mogilevich

2018 yil noyabr oyida AIBA prezidentligiga saylangan o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov 22 mart kuni bu lavozimdan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan edi.

Rahimovning AQSh Moliya vazirligi tomonidan uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi sanksiyalari ro‘yxatida qolayotgani uning nomzodiga jiddiy e’tiroz uyg‘otmay qolmagan edi.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.

Rahimovning hamon AQSh qora ro‘yxatida qolayotganiga qaramay¸ O‘zbekiston hukumati nomidan yozilgan rasmiy maktubda Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov¸ uning AIBA prezidentligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan va Rahimovning bu lavozimga saylanishi¸ "O‘zbekiston uchun sharaf" bo‘lishini bildirgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG