Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:01

Jizzaxda o‘qituvchilarning ta’til pulidan 400 ming so‘mgacha majburan ushlab qolindi


Maktab, sinfxona
Maktab, sinfxona

Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani maktablari o‘qituvchilarining ta’til pulidan gaz va elektrga oldindan to‘lov qilish uchun 400 ming so‘mgacha ushlab qolinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan o‘qituvchilarning aytishlaricha, ulardan majburiy ariza yozdirib olingan.

Maktab direktorlaridan biri bu tadbir tuman Majburiy ijro byurosining bosimi bilan amalga oshirilayotganini bildirdi.

MIB boshlig‘i o‘rinbosari esa oldindan to‘lov qilish faqat ixtiyoriy bo‘layotganini aytdi.

Do‘stlik tumani xalq ta’limi bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassislaridan birining aytishicha, barcha maktab o‘qituvchilarining ta’til pullaridan gaz va elektr energiyasi uchun katta miqdordagi pul ushlab qolingan:

“Gap bunday bo‘ldi. MIB va tuman prokuraturasidan xalq ta’limi va maktab direktorlariga o‘qituvchilarning maoshidan ushlab qolish topshirildi. Nega endi aynan iyun va iyul oylari? Chunki, hamma o‘qituvchilar 48 kunlik ta’tilga chiqadi. Hamma o‘qituvchilardan maoshidan 400 ming so‘mgacha elektr va gazga ushlab qolishga rozi ekanligi haqida majburiy ariza yozdirib olindi. Mana buxgalteriyaga kelib istagan maktabingiz, 14, 8, 10- yoki 2-maktabmi, tekshirib ko‘ring. Hammaning maoshidan katta pul ushlab qolingan. Vaholanki, o‘qituvchilarning maoshlaridan kommunal to‘lovlar uchun pul ushlab qolish taqiqlangan”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchi ham ta’til pulidan 400 ming so‘m ushlab qolinganini aytadi:

“Mening na elektrdan, na gazdan qarzim bor. Oyma-oy hammasini oshig‘icha to‘lab boraman. Lekin, nega yana avvalgi kunlarga qaytyapmiz, nega yana baloga qolgan o‘qituvchi bo‘lyapti?”

Do‘stlik tumani moliya bo‘limining matbuotga gapirishga vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining aytishicha, bu MIBning yangi boshlig‘i va tuman prokuraturasining topshirig‘i bo‘lgan:

“Faqat o‘qituvchilarga emas, maktabgacha ta’lim bo‘limiga, tibbiyot birlashmasiga ham shunday topshiriq berilgan. Mening qo‘limdagi ma’lumotlarga ko‘ra, byudjet tashkilotlaridan 250 million, o‘qituvchilarning o‘zidan 175 million so‘m ushlab qolindi. Tumandagi maktablarning jami bir oylik maoshi 800 million so‘m, undan deyarli to‘rtdan bir qismini olib qo‘yishdi”.

Do‘stlik tumani MIB boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Alijonov, bu tadbir ixtiyoriy tarzda amalga oshiralayotganini aytdi:

- Hech qanday bosim o‘tkazilgani yo‘q. Yig‘ilishda har bir fuqaro foydalanyotgan gazi, elektr energiyasi va suviga baribir to‘lov qilishi kerak, buning oson varianti oldindan o‘tkazish, deb tushuntirildi. Xalq ta’limi bo‘limiga borib yig‘ilish qildik, maktab direktorlari ham qatnashdi, hech qaysinisi to‘lamayman, deb qarshilik qilgan joyi yo‘q. Majburiy emas, faqat arizaga asosan ushlab qolinyapti.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning o‘tgan yilning dekabr oyida hududiy xalq ta’limi boshqarma boshliqlariga "Shaxsan nazorat uchun" deb yo‘llagan xatida o‘qituvchilardan kommunal to‘lovlar uchun pul olishni taqiqlagan edi:

"Mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan har xil nashrdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna, kommunal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishini qat’iyan taqiqlayman", - deb ogohlantirgan edi vazir.

XS
SM
MD
LG