Xiva shahrining Ichan-Qal’asi kirishida joylashgan Al-Xorazmiy haykali shaharda qurilayotgan “Lokomotiv” parkiga ko‘chiriladi.
Ichan-Qal’a ma’muriyati 1983 yilda barpo etilgan va YuNESKO ro‘yxatiga kiritilmagan bu monument endi “poyezdda kelib tushgan turistlar yo‘lagida” joylashtirilishini bildirdi.
San’atshunoslar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tarixiy monumentlarni ko‘chirish yoki buzib tashlash odat tusiga kirayotganidan xavotir bildirmoqda.
Xorazm viloyatining Xiva shahri turg‘unlaridan biri Ozodlikka qilgan murojaatida bundan ikki yilcha oldin shaharning tarixiy obidasi bo‘lgan Ichan-Qal’a darvozasi oldidan olib tashlangan Al-Xorazmiy haykali taqdiriga qiziqdi:
"Al-Xorazmiy haykali qaerga ketdi? Nima sababdan Xiva Ichan-Qal’asi ko‘rki bo‘lgan haykal buzib tashlandi? Chet eldan kelgan mehmonlar haykalni so‘rashyapdi. Haykalni buzdirgan sobiq hokim Erkin Yoqubov bunga javob bermaydimi? Nima sababdan hokimlar Xiva tarixini buzishyapdi?!".
Ma’lum bo‘lishicha, yodgorlik 1983 yilda mashhur matematik, faylasuf va olim, Xorazmning eng taniqli shaxslaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn-Muso al- Xorazmiyning 1200-yilligiga bag‘ishlab Ichan-Qal’aning G‘arbiy darvozasi yonida o‘rnatilgan.
Monument YuNESKO mablag‘i evaziga, maxsus buyurtma asosida iste’dodli haykaltarosh Spartak Babayan tomonidan yaratilgan. Haykaltarosh olim qo‘lyozma uzra chuqur xayolga cho‘mganini tasvirlagan.
Ozodlik muxlislari hozirga kelib bu yodgorlik o‘rnida pishgan g‘ishtdan devor ko‘tarilgani aks etgan fotosuratlarni ham jo‘natishdi.
Al-Xorazmiy haykalining keyingi taqdiri borasida Ozodlik so‘roviga Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasining direktori o‘rinbosari Maqsud Abdurasulov javob berdi.
Tarixiy majmua xodimi so‘zlaricha, YuNESKO ro‘yxatida bo‘lmagan Al-Xorazmiy obidasi yangi joyga – Xiva markazida qurilayotgan “Lokomotiv” parkiga ko‘chiriladi.
- Vokzal oldida “Lokomotiv” parki qurishyapti. Haykal o‘sha “Lokomotiv” ichiga joylashtirilgan – u yerda hozir ta’mirlash ishlari ketyapti. Xiva shahri muzey qo‘riqxonasiga 26 gektar yerda joylashgan 54 ta madaniy ob’ekt YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Lekin bu hujjatlarda haykal to‘g‘risida gap-so‘z yo‘q. Ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorni kim qabul qilgani borasida xabarim yo‘q. Vokzal o‘rnatilganidan keyin Ichan-Qal’aga asosiy kirish joyi sharqiy taraf bo‘ladi deb belgilandi. O‘sha yerda remont ketyapti, Polvon darvozasi orqali poyezdda kelgan turistlar kirib keladi. O‘sha joy – vokzal yonidagi “Lokomotiv” parki bo‘ladi. Odamlar dam oladigan joy bo‘ladi. Haykal balkim kirish, balkim markaziga o‘rnatiladi, dedi hozirda Al-Xorazmiy monumenti o‘rab qo‘yilganini bildirgan qo‘riqhona mutassadisi.
Suhbatdosh “Lokomotiv” parki sentabr oyining boshida ishga tushirilishi rejalashtirilganini ekanini ma’lum qildi. Maqsud Abdurasulov hozirda parkka xitoylik quruvchilar kelgani, maxsus jihozlar keltirilib, qurilish ishlari avjida ekanini ham aytdi.
“Asarlarni asrang!”
Parijda istiqomat qilayotgan rassom va munaqqid Sergey Ignatyev har bir yodgorlik muayyan joyga moslab yaratiladi, uni boshqa joyga ko‘chirish asarga bitilgan mazmun-mohiyatini puchga chiqaradi, der ekan, fikrini bunday davom ettirdi:
- Yodgorlik aynan shu joy uchun yaratilgan. Majmuani o‘rnatishdan oldin haykalning hajmi, konfiguratsiyasi, kompozitsiyasi atrof-muhitga uyg‘un holda, maydonda kichik yoki kattaligi, ark va maydon dinamikasiga qarab haykaltarosh tomonidan hisobga olinadi. Albatta, bu yodgorlikning boshqa joyga ko‘chirilishi axmoqgarchilikka olib keladi. Haykal aynan shu maydon uchun yasalgan: ko‘chirish muallif va arxitektor o‘ylab qo‘ygan mazmunga ziddir!
Sergey Ignatyev O‘zbekistonda oxirgi yillarda avj olgan qayta qurish va o‘zgartishlar tarixiy obidalar va san’at asarlariga jiddiy xavf tug‘dirayotganidan xavotir bildirdi.
U bunday obidalarni ko‘chirish yoki ko‘chirmaslik masalasi bilan hokimlar va amaldorlar emas, me’morlar va san’atshunoslar shug‘ullanishi kerak, deydi:
- Sovet davrida yaratilgan barcha yodgorliklar yo‘q qilib tashlandi. Masalan, Lenin haykali Globus yodgorligiga almashtirildi, Toshkentning Pionerlar bog‘idagi ulkan “Malchish-Kibalchish” yodgorligi yo‘qolib ketdi. Ajoyib Marks kallasi qaerga yo‘qoldi – u sovet davrining mumtoz asari edi?Axir u butun olamga mashhur asar edi! Tushunaman, ular kommunizm simvollari, lekin shu bilan birga ular o‘z davri san’at asarlaridir. Ularni olib tashlash kerak, lekin butun dunyoda bunday asarlarni avaylab, muzeylarda saqlashadi. Mana Xivada yoki Samarqandda olib borilayotgan ko‘chirishlar va qayta buzishlar shaharlarning tarixiy qiyofasini yo‘q qilib yubormoqda, Xitoy yaltir-yulturlari o‘rin olmoqda. Bu hokim ketsa, yangisi Ichan-Qal’ada basseyn quradimi?!
Rassom Sergey Ignatyev barcha olib tashlanayotgan me’moriy yodgorliklar bir joyga jamlansa dunyoning turli chekkalaridan kelayotgan millionlab sayyohlar uchun eng tomoshabop joyga aylantirilishi mumkinligi taxmin qildi.
Yangi davr vandalizmi
1983 yilda Toshkentda Muso Al-Xorazmiy yubileyiga bag‘ishlab yana bir haykal o‘rnatilgan edi. Bu yodgorlik ochilishida O‘zbekiston rahbariyati bilan birga YuNESKOning o‘sha paytdagi Bosh direktori janob Amadu-Mahtar Mbou ishtirok etgan.
Haykaltarosh Anvar Rahmatullayev yaratgan Toshkentdagi bu yodgorlik 1998 yilda buzib tashlangan. Islom Karimov davrida O‘zbekiston rahbariyati betondan yasalgan bu haykalni ham mustahkamroq material – metall yoki marmardan qayta tiklab berishga mablag‘ ajratishga va’da bergan.
Biroq uddasidan chiqmagan.
Xivada ko‘chirilgan va Toshkentda buzib tashlangan Al-Xorazmiy haykallari vayron qilingan birinchi san’at asarlari emas.
Ozodlik so‘nggi 25 yil ichida birgina Toshkentda mahalliy hokimiyatlar buyruqlari bilan yuzdan ziyod panno yo‘q qilingani, O‘zbekiston bo‘ylab minglab boshqa san’at va me’morchilik asarlari buzib tashlangani borasida ko‘p marotaba xabar bergan.
1977 yilda Urganchda taniqli rassom Arnold Gan boshchiligida Ogahiy nomidagi Urganch teatrida yaratilgan freska mahalliy mulozimlar buyrug‘i bilan o‘chirib tashlangan. Bu freskada qadimgi Xorazmning qo‘g‘irchoq teatr san’ati sahnalari va masxarabozlar tasvirlangan edi.
2016 yilda Toshkent metropoliteni boshqarmasi “Alisher Navoiy” metro bekati devorlaridagi taniqli rassom Chingiz Ahmarov ijodiga oid lojuvard koshin pannolarni oddiy moybo‘ëq bilan “bo‘yab”, san’at asariga putur yetkazgan edi.
O‘shanda¸ O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tomonidan ishlangan sakkizta pannodan uchtasini qo‘pol ravishda “ta’mir” qilishga ulgurgan metro rahbariyati aybini tan olgan va “ta’mirlash”ni to‘xtatib, keramika ustiga surilgan bo‘yoqni sidirib tashlashga qaror qilgan edi.