Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:36

"Urgut hokimi oilamiz 12 yildan beri ishlatib kelayotgan yerni boshqalarga berib yubormoqda"


“Ozod mikrofon”ga murojaat qilgan Samarqand viloyat, Urgut tuman, Merganchi mahallasida yashovchi Davlatbek Maxmarahimov uning oilasi 2007 yildan beri foydalanib kelgan 15 sotix yerni "tuman hokimi noqonuniy ravishda tadbirkorlarga berib yuborayotganidan" shikoyat qildi.

OzodMikrofon: "Ургут ҳокими оиламиз 12 йилдан бери ишлатиб келаётган ерни бошқаларга бериб юбормоқда"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:01 0:00


Maxmarahimovning aytishicha, u aytayotgan yer uchastkasi Merganchi mahallasini suv bilan ta’minlovchi muxofaza zonasi hisoblanadi.

- Merganchi mahallasini suv bilan ta’minlaydigan artezian qudug‘ining muxofaza zonasi 15 sotixga teng. O‘sha hududni tuman hokimi Turdiyev 2018 yilda auktsionga chiqargan va unda yerni ikkita tadbirkor sotib olgan. Biz bundan norozi bo‘lib Samarqand shahar ma’muriy sudiga murojaat qildik. 2018 yil 10 iyulda Samarqand shahar ma’muriy sudining hal qiluv qarori chiqdi. Unga ko‘ra, shu auksion natijalari bekor qilindi va mazkur hudud muxofaza zonasi ekani tasdiqlandi. Yerni sotib olgan tadbirkorlar bunga apellyatsiya berishdi. Navoiy viloyat, keyin Toshkentda Oliy sud bu ishni ko‘rib chiqdi. 2019 yil 12 iyunda Oliy Sudning hal qiluvchi qarori chiqdi. Unga ko‘ra, Samarqand shahar va Navoiy viloyat ma’muriy sudlarining qarorlari o‘z kuchida qoldirilib, hudud muxofaza zonasi sifatida qoldirildi.

Davlatbek Maxmarahimovning aytishicha, shundan so‘ng u tuman kadastr bo‘limiga muxofaza hududini rasmiylashtirish uchun hujjat topshirgan. Biroq sentabr oyida tuman hokimi muxofaza hududini rasmiylashtirishdan bosh tortgan.

Suhbatdoshimizning iddao qilishicha, keyinroq hokim muxofaza hududini 27 iyul kuni yana tadirkorlarga sotib yuborgani oshkor bo‘lgan. Shundan so‘ng Davlatbek Maxmarahimov qator mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan, ammo u arizalariga javob olmagan.

- Hokimning bu qaroriga prokuratura protest kiritishi kerak ekan. Ammo prokuratura bu masalani o‘rganmayapti. Hokim avval prokuraturada ishlagan. Menimcha, hokimning prokuraturadagi odamlari bu ishni bosdi-bosdi qilishayapti. Men 12 dekabrda prezident maslahatchisi Xudoyberganovning sayyor qabulida bo‘ldim. O‘shanda Urgut tuman kadastrining bosh arxitektorini chaqirishdi. Arxitektorga “Sudning qarori chiqqan narsani qanday qilib yana birovga berayapsizlar?” deb savol qo‘yishdi. Arxitektor “Bo‘ldi, biz bu masalani o‘rganib, muxofaza zonasini shu kishiga ajratib, hujjatlashtirib beramiz”, deb va’da berdi. Ammo 18 dekabrda viloyat prokuraturasidan tekshiruvchilar tadbirkorlar bilan birga kelishib, menga bosim o‘tkakzishayapti ,-dedi Davlatbek Maxmarahimov.

Unga ko‘ra, muxofaza zonasini 2007 yilda otasi "xususiylashtirib olgan". Bu yerda qurilish ishlarini amalga oshirish mumkin bo‘lmagani sababli, bino qurilmagan.

- Muxofaza zonasini 2007 yilda kolxoz tugatilganida otam sotib olib, xususiylashtirgan edi. Shu vaqtgacha quduq aholini suv bilan ta’minlab kelayapti. Muxofaza zonasi 15 sotix, uning tagidan quvurlar o‘tgan, shuning uchun bu yerda qurilish qilish mumkin emas. Biz bu yerga qarab, tirikchilik qilib kelar edik. 2016 yilda tuman hokimi bu yerga kelib, “Muxofaza zonasi bo‘sh turmasin, prezident kelayapti, limonariy quringlar”, deb ko‘rsatma bergan. O‘shanda 7 million so‘mga ikki kunda limonariy qurganman. Hozir limonlarim hosilga kirgan. Faqat shu tirikchiligim bor. Bu yerdan gaz quvurlari ham o‘tgani uchun qurilish qilib bo‘lmaydi,-dedi Davlatbek Maxmarahimov.

---------------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG