Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari va uning o‘rinbosarining bir kunda ishdan ketishi tor doiralarda keng muhokama qilinmoqda.
29 yanvarda Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari” borligini bildirib, Prezident Administratsiyasiga “murojaat kiritgani” va “murojaatlar qondirilgani” rasman xabar qilindi.
Mahalliy jurnalistlarning ba’zilari “yangi” O‘zbekiston “medianozirlarining” AOKAdan ketishini ularning iste’fosidan bir hafta avval tuzilgan Fond bilan bog‘lamoqda.
Nega ketishdi?
Allamjonov va Mirziyoyevaning AOKAdan ketishi jurnalistlar va blogerlar jamoatchiligi uchungina emas, hatto ular boshqarib kelgan jamoa uchun ham kutilmagan voqea bo‘ldi.
Har holda AOKA matbuot xizmati telefonini 30 yanvarda ko‘targan xodima Ozodlik savoliga javoban “Yo‘q, hech qanday gap yo‘g‘iydi, o‘zimiz ham kecha tushdan keyin bildik”, dedi.
“Kutilmagan” so‘zini jurnalist Xurshid Daliyev ham 30 yanvarda Ozodlik bilan muloqot chog‘ida ishlatdi:
“Umuman kutilmagan ish bo‘ldi. Chunki ularning rejalari katta edi”.
Bu voqea javoblardan ko‘ra savollarni ko‘paytirdiki, bu holat bloger Bahodirxon Eliboyevning mana bu postida aks etdi:
- Mamlakatdagi so‘z erkinligiga, OAV shaffofligiga juda katta hissa qo‘shgan Komil Allamjonov ishdan ketibdi.
- Xuddi o‘zing ishdan ketganday, namuncha qayg‘urmasang? Nega ketibdi?
- Sababini aytishmadi. Bilmayman nega ketganini. Ijtimoiy tarmoqlar ham ketganini aytishyapti, lekin nega dabdurustdan ketgani haqida gaplar yo‘q. Shaffof muhit yaratgandiya, akamiz.
- Hmm... Oshkoralik degin? Manga qara, uka! Nega ketganini bilmaysan, sababi noaniq, bundan keyin nima bo‘ladi deb o‘ylayapsan. Shu holatni shaffoflik deydigan bo‘lsang, biz taraflarda buni tumanlik deyishadi. Mavhumlik muhiti deyiladi.
Xos taxmin
Bir necha yil davomida O‘zbekiston prezidentining xorijiy safarlarini yoritib kelgan jurnalistlardan biri, ismi mutlaqo sir tutilish sharti bilan, o‘zining taxminini bildirdi.
Allamjonov va Mirziyoyevaning yaqinda Yevropaga qilgan safarini eslar ekan, jurnalist bunday dedi:
- Kattalar yonida ko‘p yurganim uchun ularning hammalariga xos bo‘lgan jihatni bilaman. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, ular (Allamjonov va Mirziyoyeva – tahr.) Yevropada “ne po chinu” juda yuqori darajada qabul qilindi. Shu holat kattaga yoqmagan, u kishining g‘ashini keltirgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu mening bir taxminim xolos.
Nima qoldirib ketishdi?
Allamjonov ham, Mirziyoyeva ham AOKAda nima qoldirganidan ko‘ra, undan nima olganiga urg‘u berdi. Birinchisi hayotining “eng yorqin, qiziqarli va serqirra kunlari aynan AOKAda” o‘tganini e’tirof qilsa, ikkinchisi Agentlikdagi faoliyati o‘z hayotidagi “eng baxtli davrlardan biri” bo‘lganini bildirdi.
Jurnalist Xurshid Daliyevning fikricha, Allamjonov- Mirziyoyeva tandemi qisqa vaqt ichida katta ishlarni amalga oshira oldi:
- Jurnalist va bloger sifatida ayta olamanki, Allamjonov hech qachon bizni nazorat qilishga intilmagan, duch kelgan joyda gaplashib ketaverar yoki xonasiga taklif qilar edi. Shu soha odami bo‘lganim uchun kim qanaqa ekanligini yaxshi bilaman.
Jurnalist Xurshid Daliyev bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 54 yoshdagi jurnalisti g‘oyibona bahsga kirishdi. Ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan bu jurnalist Komil Allamjonovning faoliyatini keskin tanqid qildi:
- Allamjonov jurnalistikani tushunmaydi. 2018 yili, Konstitutsiya bayramidan bir hafta o‘tgach, Milliy matbuot markazida bosh muharrirlar ishtirokida juda katta anjuman bo‘lgan edi. Kun tartibiga ko‘ra, Allamjonov ham nutq so‘zlashi kerak edi. Biroq u kelmadi. O‘rniga mavzudan yiroq bir jurnalistni jo‘natdi va u umumiy gaplarni aytdiyu ketdi.
O‘zMTRKning 54 yoshdagi jurnalisti Allamjonovni tanqid qilar ekan, ayni paytda Saida Mirziyoyevani olqishladi:
- Saida shu paytgacha blogerlarni quvvatlab keldi, endi jurnalistlarni quvvatlash mavridi keluvdi, afsus, ketib qolibdi.
Tanqidiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgan bloger Anvar Nazirning fikricha, AOKA blogerlar va jurnalistlarni emas, trollarni quvvatlab keldi:
- AOKA ning faoliyatiga juda yaxshi guvoh bo‘ldik. Trollar paydo bo‘ldi ijtimoiy tarmoqlarda. Hukumatni tanqid qilayotgan muxolifat vakillarini haqorat qilib, po‘pisa qiladigan trollarni parvarishlashdi.
Qaerga ketishdi?
Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevani AOKA dan ketishga “kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari” undagani 29 yanvardagi rasmiy xabardan ma’lum. Biroq aynan qaerga degan savolga xabarda javob yo‘q.
Bu savolga AOKA matbuot xizmatidan ham javob topilmadi. 30 yanvarda xizmatning yetakchi mutaxassisi Ahmadjon Yusupov Allamjonov va Mirziyoyeva qaysi tashkilotga o‘tganiga oid ma’lumotga emasligini aytdi. Yusupovning gapirish ohangidan unda chindan ham ma’lumot yo‘qligi sezildi.
AOKA rahbariyatining ishdan ketishi va ketishning rasman ochiqlangan sababi bu voqeadan 7 kun oldingi bir yangilikni yodga soldi. 22 yanvarda “Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi” Adliya vazirligi tomonidan nodavlat-notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatga olingani hamda rasman o‘z faoliyatini boshlagani tilga olingan tashkilotning o‘sha kuniyoq ochilgan Feysbuk sahifasidan ma’lum bo‘lgan edi.
Xabarda fondni kim(lar) tashkil qilgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Aniqlash uchun Adliya vazirligiga bog‘lanishimizdan naf chiqmadi.
Balki Allamjonov-Mirziyoyeva tandemi shu fondga ishga o‘tayotgandir? Axir rasmiy xabarda ular “kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan” bog‘laganku?
Bu savolga “Yo‘q, Fondning ta’sischilari boshqa, lekin ular (Allamjonov-Mirziyoyeva -tahr.) kelsa, xursand bo‘lamiz” deb javob bergan jurnalist Xurshid Daliyev yangi fond atrofidagi vaziyatdan yaxshi xabardorlardan. U Fond qoshida tuzilishi kutilayotgan Jamoatchilik kengashi a’zosi.
Daliyevning aytishicha, Fond jurnalist Xushnud Xudoyberdiyev yetakchiligidagi jurnalistlar guruhi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, Allamjonov-Mirziyoyeva tandemining bu Fondga aloqasi bor-yo‘qligiga oid ma’lumoti yo‘q.
Fond ta’sischisi Xushnud Xudoyberdiyev bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Ayni paytda prezident qizining davlat ishidan nodavlat sektoriga o‘tib ketayotgani ba’zi mustaqil fikrlovchi faollarda tashvish uyg‘ota boshladi. O‘shanday faollardan biri, toshkentlik bloger Anvar Nazir “Prezident qizi’, “Jamoatchilik fondi” kabi iboralar beixtiyor Gulnora Karimova va uning Forum fondini yodga solishini aytar ekan, bunday dedi:
- Ular ishlaydigan nodavlat sektori hech qachon nodavlat sektori bo‘lmaydi. Gulnora Karimovaning fondi ham davlatni, xalqaro tashkilotlarni sog‘ib yeydigan qo‘shtirnoq ichidagi nodavlat tashkiloti edi. Shuning uchun Gulnoranikidan qanday foyda bo‘lgan bo‘lsa, bular tuzadigan tashkilotdan ham shunday foyda bo‘ladi.
AOKA-Rokirovka
Komil Ismoilovich Allamjonov 2018 yil noyabrida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.
2019 yilning fevralida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Matbuot va axborot agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirildi va hukumatdan Prezident administratsiyasiga o‘tkazildi.
2018 yil oktabrida Allamjonov prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari - O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi lavozimidan ozod qilingan.
2019 yilning 12 aprelida Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktoriga o‘rinbosar etib tayinlangan.
29 yanvarda 2019 yilning oktabridan buyon AOKA rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Dilshod Saidjonov agentlik direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.