Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:23

“Burnigacha qarzga botgan”. “O‘zbekiston temir yo‘llari”da restrukturizatsiya


O‘zbekistonda temir yo‘llar tizimi prezidentning sadoqatli mulozimi Ochilboy Ramatov (o‘rtada) nazoratida ekani aytiladi.
O‘zbekistonda temir yo‘llar tizimi prezidentning sadoqatli mulozimi Ochilboy Ramatov (o‘rtada) nazoratida ekani aytiladi.

Qarzga botgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”da restrukturizatsiya - kompaniya yettita shirkatga bo‘linmoqda.

Kompaniyaning jami qarzi qanchaligi ochiqlanmadi, biroq qarzlarni to‘lash muddati yana 5 yilga uzaytirildi va 150 million dollarlik yangi kredit ajratilmoqda.

Qarzdan qutulish uchun kompaniyaning ayrim binolarini sotuvga qo‘yish, ishchi-xodimlar sonini qisqartirish ketyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 25-sentabrida temir yo‘l tizimidagi kamchiliklarni keskin tanqid qildi va oradan ikki hafta o‘tib ushbu sohani tubdan isloh qilishga oid yangi qarorni imzoladi.

Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Transport vazirligi yo‘lovchi poyezdlarda chipta narxlari oshirilishini e’lon qildi.

“Temir yo‘llari” burnigacha qarzga botgan”

Ozodlik “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasida ishlovchi bir nechta manba bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, kompaniya so‘nggi yillarda olingan kreditlarni qaytara olmay “falajlanib” qolgach, tizimni isloh qilishga qaror qilingan.

“So‘nggi yillarda olingan kreditlarning sonini boshliqlarning o‘zi ham aniq bilmasa kerak. Toshkentdagi metro qurilishi, Qamchiq dovoni qurilishi kabi yirik loyihalar uchun juda katta miqdorda qarz olindi. Keyin o‘nlab kichik loyihalar uchun ham turli miqdordagi kreditlar olingan. Elektrovozlarning hammasini kreditga olyapmiz. Zarur jihozlar, ehtiyot qismlari ham kreditga olinyapti. So‘nggi bir yilda ishchilarning oyliklari ham faqat kredit hisobidan berib kelindi. Olingan kreditlarni qaytarish fursati kelganda hamma boshini ushlab qolyapti. “Temir yo‘llari” burnigacha qarzga botgan. Bitta qaror bilan vaziyatni o‘nglash amrimahol”, dedi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasida ishlovchi manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning qarzlari masalasi bilan bog‘liq

muammo rasman tan olingan bo‘lsa-da, muammo tafsilotlari ochiqlanmadi.

Prezident qaroriga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha asosiy qarzini to‘lash muddati foiz stavkalari o‘zgarmagan holda besh yilga uzaytirildi. Hukumat bu qarzlarning aslida qanchaligini e’lon qilmadi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 2014-yilda “Qamchiq” dovoni orqali o‘tadigan yo‘l qurilishi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga 280 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratgani xabar qilingan edi.

2017-yilda esa ushbu jamg‘arma tomonidan Toshkent shahrida Yunusobod metro liniyasi qurilishi uchun 140 million dollar ajratilgani ma’lum. Biroq kompaniyaning jamg‘armadan umumiy qarzi miqdori noma’lum.

“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning xalqaro kreditlari miqdori ham ma’lum emas. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, birgina “Qamchiq” dovonidagi yo‘l qurilishi uchun Xitoyning “Eksimbank”i tomonidan 350 million dollarlik kredit ajratilgan.

Bir yil avval “O‘zbekiston temir yo‘llari” 34ta elektropoyezd va 100ta vagonni nemis banki krediti hisobidan xarid qilayotgani xabar qilingan edi. Kreditning aniq summasi ma’lum emas.

To‘rt yil avval esa Osiyo taraqqiyot banki “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga 16ta yuk tashuvchi va 8ta yo‘lovchi tashuvchi elektrovozlar sotib olishi uchun 170 million dollar kredit ajratgan edi.

2017-yili esa Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistondagi temir yo‘llarning 145 kilometrini elektrlashtirish loyihasiga 80 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratgan edi.

Bu raqamlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” olgan xorijiy kreditlarning bir qismigina. Kompaniya olgan xorijiy kreditlarning umumiy miqdori ochiqlangani yo‘q.

Ozodlik 12-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning mulozimlari bilan bog‘lanib, kompaniya qarzlari borasida so‘radi. Biroq mulozimlar “telefon orqali ma’lumot berilmasligi”ni aytish bilan kifoyalandi.

2022-yil yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” 1,17 trln so‘m zarar ko‘rgan.

“Korrupsiya Temir yo‘llarning boshiga yetdi”

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasida ishlovchi manba kompaniyadagi muammolarni tizimda avj olgan korrupsiya bilan bog‘ladi:

“Olingan kreditlarning hammasi ham o‘z o‘rnida foydalanilmadi. Ba’zi boshliqlarimiz qo‘sha-qo‘sha mashinalik, dang‘illama uylik bo‘lishdi. Ularga “obnal” sxemasi juda yaxshi ish berdi. Masalan, metro qurilishi uchun material olish deb rasmiylashtirib, pulini cho‘ntakka urishdi. DXX qattiq tekshirdi. Lekin bir-ikkita odamlarning bo‘yniga qo‘yib, “nahanglarimiz” vaziyatdan chiqib ketishdi. Korrupsiya tizimni yeb bitirdi. Endi yeydigan narsaning o‘zi qolmagach, korrupsiya tizimning boshiga yetgach, islohot qiladigan bo‘lishyapti. Bundan biror foyda bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi”.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ olgan kreditlarning miqdori ma’lum emas
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ olgan kreditlarning miqdori ma’lum emas

Ushbu kompaniyada ishlovchi yana bir manba tizimdagi korrupsiyaviy sxemalardan birini shunday tasvirladi:

“Boshliqlar odatda firma ochib, o‘zining biror odamiga rasmiylashtiradi. Masalan, teplovozlarni ta’mirlaydigan firma ochadi. Teplovoz 3000 dollarga ta’mirlangan bo‘lsa, hujjatda uni 30 000 dollar deb rasmiylashtiradi”.

Manbalar tilga olgan ushbu sxema o‘tgan yili DXX o‘tkazgan tekshiruvlar orqali ham aniqlangan. Toshkent shahar Mirobod tuman sudi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning bir qancha mulozimini davlat mulkini talon-toroj qilish, bajarilmagan ishni qog‘ozda “bajarildi” deb rasmiylashtirib, mo‘may daromad orttirganlikda ayblab, uzoq yillarga qamadi.

Jumladan, 2021-yilning 24-martida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi boshlig‘iga o‘rinbosar etib tayinlangan Rashid Saydullayev 11 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Poyezd chiptalari qimmatladi

Temir yo‘l tizimidagi islohotlar xabari bilan bir vaqtda Transport vazirligi aholini temiryo‘l chiptalari narxlari qimmatlashini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, joriy yilning 20-oktabridan mahalliy yo‘nalishlardagi

Afrosiyob poyezdi chiptalari qimmatlaydi
Afrosiyob poyezdi chiptalari qimmatlaydi

yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxining 100 foizga oshirilishini ma’lum qildi.

“Xorazmga borib kelish 2,5 million so‘mga tushyapti. Bu 250 dollar degani! Buncha pulga, deylik, Madriddan Istanbulga borish-kelish chiptasini olsa bo‘ladi. Insof ham kerak-da! “O‘zbekiston temir yo‘llari” monopol korxona sifatida tarifni ko‘taradi. Foydalanuvchi ham o‘zi, xarid qiluvchi ham o‘zi, xizmat ko‘rsatuvchi ham o‘zi! Bunaqa amaliyot dunyoda yo‘q!

Menimcha, Vazirlar Mahkamasi huzurida tarif qo‘mitasi bo‘lishi kerak. Ya’ni tariflar bilan monopol kompaniya emas, mustaqil tuzilma shug‘ullanishi lozim. Qolaversa, narx-navoni oshirishda oylik maosh, iste’mol savatiga qarash shart”, deydi toshkentlik suhbatdosh.

“Yoppasiga ishdan bo‘shatish boshlandi”

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda islohotlar e’lon qilinishi bilan ishchi-xodimlar sonini qisqartirish boshlangan. Bu haqda Ozodlikka ushbu kompaniyada 15 yildan beri ishlab kelayotgan xodim ma’lum qildi:

“Ommaviy qisqartirish boshlandi. Hamma qo‘rqib qolgan. O‘zim ham biror logistik firmaga o‘tib ketishni rejalayapman. Bitta stansiyani yopib, uning ishini qo‘shni stansiyaga o‘tkazib yuboryapti. Juda ko‘pchilikni o‘z hisobidan dam olishga chiqarishyapti. Ishchilarga oylik to‘lashga pul yo‘q. Kompaniya balansidagi juda ko‘p binoni sotish rejalanmoqda. Xodimlarni qo‘shni bo‘limdagi binolarga o‘tkazyapti yoki “bez soderjaniya” otpusk berib yuboryapti”.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimida 25 yildan beri ishlayotgan ishchi ham qisqartishlardan norozi:

“Oxirgi vaqtlarda bizlarga nisbatan nohaqlik bo‘lyapti. Oylik vaqtida berilmayapti. Ishxonamizda yarmidan ko‘p xodim qisqarishga tushib, boshqa ishxonalarga jo‘natildi yoki bo‘shatildi”.

Ozodlikka yil davomida temiryo‘lchilardan ishdan bo‘shatishdan norozilik bildirilgan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.

O‘zbekiston temir yo‘llari”ning Ozodlik bog‘langan mulozimi ishdan bo‘shatishlar bo‘yicha savollarni ham javobsiz qoldirdi.

Sut sog‘ib, kartoshka ekkan temiryo‘lchilar

Tahlilchilar temir yo‘l tizimidagi inqirozni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning o‘z sohasiga tegishli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanib kelgani bilan ham bog‘lamoqda.

“Oxirgi 7 yildagi realliklarga qaralsa, O‘zbekiston temir yo‘llari kartoshka, ko‘prik, futbol, metro va yana o‘nlab o‘ziga xos bo‘lmagan samarasiz ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin temir yo‘llari bilanmas, yuk tashish yo yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan emas”, deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Kun.uz nashri jurnalistlari “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning ulushlari bo‘lgan shirkatlarni sanagan. Ular orasida ko‘prik va metro qurishdan tashqari sut beradigan qoramollarni ko‘paytirish, plita, pechka ishlab chiqarish va xatto radioeshittirish bilan shug‘ullanadigan firmalar ham bor.

“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning ulushlari bo‘lgan shirkatlar:

  • “Ko‘prikqurilish” unitar korxonasi
  • “Eyvalek maxsus temir beton” MCHJ
  • “Sharg‘un ko‘mir” AJ
  • “Termoproje” MCHJ (plita, pechka va pechka gorelkalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi)
  • “Giraffe crane” MCHJ (Faoliyat turi - radioeshittirish)
  • “Yangi zamon bino” MCHJ
  • “Temiryo‘l obod” MCHJ
  • “UZXCMG” MCHJ (Faoliyat yo‘nalishi – tog‘-kon sanoati va yerosti konlari uchun texnika ishlab chiqarish)
  • “Gulobod meva” MCHJ (yirik shoxli qoramollarning sut beradigan zotlarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi)
  • “Navro‘z bog‘i” MCHJ
  • “Lokomotiv” futbol klubi
  • “Lokomotiv istirohat bog‘i” MCHJ
  • “Sardoba meva-sabzavot logistika markazi” MCHJ
  • “Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati” unitar korxonasi

Temir yo‘l tizimi isloh qilinishi e’lon qilingach, "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanishi ma’lum qilindi. Bu habar bakiroo Telegram kanalida istehzo bilan qarshilandi:

“Temir yo‘llari“Lokomotiv” PFK va aroq zavodiga ham egalik qilgan. Yana shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining sho‘’balari orqali mehmonxonalar, sanatoriyalar, shifoxonalar va hatto qo‘riqxonalarga egalik qiladi. Ya’ni davlat ichidagi davlat. Endi shu davlat ichidagi yopiq davlat har ishga qodir, sehrgar, universal Ramatov boshchiligida kichrayishiga, ochilishiga, isloh qilinishiga, tijoriy kompaniyaga aylanishiga ishonish kerak bo‘lmoqda”.

Mirziyoyev "Temir yo‘llar"ni tubdan isloh qilmoqchi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasida 2,5 oy avval amalga oshirilgan kadrlar restrukturizatsiyasi ham ish bermagach, prezident Mirziyoyev sohani tubdan isloh qilish borasida qaror qabul qildi.

Mirziyoyevning 10-oktabrdagi qaroriga asosan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi joriy yil oxirigacha bir necha shirkatga bo‘lib tashlanadi.

Jumladan, yangi tuzilayotgan “Temiryo‘lkargo” shirkati yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini boshqarish bilan shug‘ullanadi.

Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-yanvaridan poezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va tizimni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.

Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun 150 million AQSH dollari miqdoridagi yangi kredit ajratilmoqda.

12-oktabr kuni O‘zbekiston Chexiyaning Škoda shirkatidan 30 ta elektropoyezd sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov buni “inqilobiy kelishuv” deb atagan. Škodaning 320 million yevrolik ushbu loyihasini chex banklari moliyalamoqda.

4-oktabrda Moskvada “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” bilan imzolagan memorandumda ikki o‘rtadagi hamkorlikni rivojlantirish ko‘zlangan.

O‘tgan oyda esa Germaniyaning Rhenus Group shirkati bilan O‘zbekiston temiryo‘lchilari imzolagan shartnomaga ko‘ra, Andijon va Samarqandda yangi terminallarni ishga tushirish rejalangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ochilboy Ramatov (o‘ngdan birinchi)
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ochilboy Ramatov (o‘ngdan birinchi)

Prezident Mirziyoyevning sadoqatli mulozimlaridan sanaladigan Ochilboy Ramatov temir yo‘llar tizimiga “bosh nazoratchi” hisoblanadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni 19 yil boshqargan Ochilboy Ramatov hozirda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida transport sohasiga mas’ul sanaladi. Shuningdek, Ramatov “O‘zbekiston temir yo‘llari” kengashi tarkibida hanuz bor.

“Temiryo‘l quraman, ko‘prik solaman, deb bearmon qarz olingan. Mulozimlar ko‘pini “otkat” qilib cho‘ntagiga urgan. Ayniqsa, Xitoydan qarzlar juda ko‘p. Nega temir yo‘l shirkati o‘zi olgan qarzlarni siz-u bizning gardanimizga yuklayapti? Nega birovlar chet elga tashib ketgan pullarni biz qoplashimiz kerak? Nega qarzlarni uning “huzurini ko‘rganlar” yopmaydi? Ochilboy Ramatov to‘lasa bo‘lmaydimi?!”, deydi temir yo‘l tizimiga aloqador shirkat mulozimi.

Ramatov- Ozodlikning “Mirziyoyev siri: Tog‘lar bag‘riga yashirilgan qarorgoh va suv ombori” nomli surishtiruvi qahramonlaridan sanaladi.

Bu surishtiruvda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan Ochilboy Ramatov boshchiligidagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” Ohangaron tog‘larida maxsus dam olish qarorgohi va suv ombori qurgani, bu loyihaning yillardan beri jamoatchilikdan sir tutib kelingani va uning iqtisodiy ahvoli og‘irlashib borayotgan O‘zbekiston byudjetiga yuzlab million dollarga tushgani aytilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG