Линклар

Шошилинч хабар
05 январ 2025, Тошкент вақти: 14:43

"Sement qiroli": Dubayda hibsga olingan Ulug‘bek Shodmonov haqida nima ma’lum?


Ulug‘bek Shodmonov.
Ulug‘bek Shodmonov.

O‘zbek huquq-tartibot idoralari Dubayda hibsga olingan O‘zbekiston vatandoshi Ulug‘bek Shodmonovning ekstraditsiyasini talab qilmoqda.

“Sement qiroli” sifatida tanilgan United Cement Group egasi Shodmonovga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlari va Ukrainada ham tekshiruvlar o‘tkazish talablari yangragan.

Ulug‘bek Shodmonovning amerikalik advokatlari uning Dubayda hibsga olinganini qat’iyan rad etishmoqda.

O‘zbekiston sement biznesining qariyb yarmini nazoratiga olgan Kiprdagi offshor kompaniya egasi Ulug‘bek Shodmonov haqida nima ma’lum?

Advokatlar "sement qiroli"ning hibsga olinganini inkor etmoqda

"Ozodlik"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalari Ulug‘bek Shodmonovni o‘tgan hafta Dubay politsiyasi qo‘lga olganini xabar qildi. Biroq Birlashgan Arab Amirliklari bu haqda rasmiy ma’lumot tarqatmagan.

Ulug‘bek Shodmonovning amerikalik advokatlari o‘z mijozining qamoqda ekanligini qat’iyan rad etmoqda.

"Bu mutlaqo yolg‘on. Janob Shodmonov Dubayga biznes uchrashuv uchun safar qilgan. U hibsga olinmagan va o‘zi yoki hamkorlariga qarshi O‘zbekistonda biron huquqiy jarayon boshlatilganidan xabardor emas. Biz tegishli idoralardan tekshirdik. Bironta davlatda janob Shodmonovga nisbatan qidiruv yoki ekstraditsiya so‘rovi mavjud emas", dedi AQSHning "Bose McKinney & Evans LLP" yuridik kompaniyasi advokati Stiven J. Akard (Stephen J. Akard) o‘zining Ozodlik so‘roviga bergan yozma javobida.

39 yoshli Ulug‘bek Shodmonov O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov atrofidagi muhim shaxs hisoblanadi.

Ulug‘bek Shodmonov nomi Toshkentdagi biznesmenlar va yuqori lavozimli amaldorlarga bosim o‘tkazib kelgani aytilgan qudratli norasmiy "Ofis" bilan bog‘liq surishtiruvlarda ham o‘rtaga chiqqan.

O‘zbekiston rasmiylari Otabek Umarovning "Ofis" bilan aloqalari haqidagi bayonotlarga izoh bermagan.

O‘zbek huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga ko‘ra, Toshkent allaqachon BAA rasmiylariga Shodmonovni O‘zbekistonga topshirishni so‘rab murojaat qilgan.

Ulug‘bek Shodmonov nimada gumon qilinayotgani hozircha noma’lum.

Shodmonovga qarshi ayblovlar

"Ozodlik" ixtiyorida Otabek Umarov yoki Ulug‘bek Shodmonovni Toshkentdagi norasmiy "Ofis" bilan bevosita bog‘laydigan hujjat yo‘q.

Biroq O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari "Ofis" harakatlaridan aziyat chekkanini da’vo qilayotgan yirik tadbirkorlarning ko‘rsatmalarini olgan.

Shu oy boshida tadbirkorlardan biri Ulug‘bek Shodmonov ustidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza bergan.

Biznesmen Ovik Mkrtchyan. (Rassom Martinsh Upitis)
Biznesmen Ovik Mkrtchyan. (Rassom Martinsh Upitis)

Idoralardagi manbaga ko‘ra, asli armanistonlik Ovik Mkrtchyan o‘z arizasida Ulug‘bek Shodmonov va uning sherigi, tadbirkor Stanislav Satskin uni noqonuniy hibsga olish va hatto qiynoqqa solishga aloqadorligini iddao qilgan.

"Ovik Mkrtchyan o‘z arizasida Shodmonov va Satskin DXXdagi sheriklari bilan birga uni 85 kun davomida ushlab turgani va qiynoqqa solgani, shuningdek, undan 70 million dollar talab qilganini yozgan. Bundan tashqari, Shodmonov va Satskin Mkrtchyandan Komil Allamjonov va Dmitriy Li (O‘zR prezidenti huzuridagi Istiqbolli loyihalar agentligi direktori)ga qarshi kompromat to‘plashda yordam berishni, shu jumladan, ushbu ikki shaxsga qarshi AQSH sanksiyalarini joriy etishni tashkillashtirishni talab qilishgan," deydi manba.

Shodmonovning amerikalik advokatlaridan biri shu yilning 14-dekabr kuni Ozodlik bilan telefon suhbatida ikki hafta muqaddam Shodmonov tomonidan 26-oktyabr kuni Toshkentda yuz bergan hodisa borasida atroflicha ma’lumot to‘plash maqsadida yollanganini aytdi.

Bu kabi ma’lumot nima uchun kerakligi haqidagi Ozodlik savoliga javoban advokat bu haqda o‘z mijozi bilan maslahatlashganidan keyin javob berishi mumkinligini bildirdi.

Dubay rasmiylari hozirgacha uning hibsga olingani yuzasidan biron rasmiy izoh bermadi.

Shodmonovning Dubayda ushlangani haqidagi xabar 26-oktyabr kuni prezident ma’muriyati sobiq mulozimi Komil Allamjonovga qarshi suiqasd yuzasidan tergov fonida yuz bermoqda.

26-noyabr kuni DXX O‘z xavfsizligi boshqarmasining o‘nlab xodimi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining qator yuqori martali xodimlari, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Tashxodjayev ishdan bo‘shatildi.

23-noyabr kuni DXX raisi Abdusalom Azizov ishdan olindi, 25-noyabr kuni esa Otabek Umarov Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.

Алламжоновга суиқасд: ДХХ раиси ишдан олинди, “терговга тўсқинликлар”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:19 0:00

Ozodlikning O‘zbekiston hukumati va huquq-tartibot idoralaridagi manbalari bu ishdan olish va tozalashlarni 26-oktyabr kuni Qibrayda Komil Allamjonovga qarshi sodir etilgan suiqasdga bog‘lashgan.

Ishdan bo‘shatilganlarning ayrimlari suiqasd yuzasidan tergovga jalb etilgani aytiladi.

Ayni paytda rasmiylar bu borada hozirgacha biron izoh berganlari yo‘q.

Sobiq oliy martabali amaldorning o‘g‘li

Ulug‘bek Shodmonov 1985-yilda Toshkentda tug‘ilgan. U "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirrustam Shodmonovning o‘g‘li.

Ulug‘bek Shodmonov bolaligida O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov bilan.
Ulug‘bek Shodmonov bolaligida O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov bilan.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga qaralsa, Shodmonov tadbirkorlik faoliyatini erta boshlagan.

U atigi 14 yoshida ekanida, "Parma-Servis" MCHJ tashkil etilgan bo‘lib, unda ta’sischi sifatida 99,30% ulushga ega bo‘lgan.

Shodmonov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining "Bank ishi" fakultetini tamomlagan.

"Toshkent haqiqati" gazetasining 2001-yil 20-oktyabr sonida Ulug‘bek Shodmonovning otasi Mirrustam Shodmonovning O‘zbekistonda sement biznesini rivojlantirishda xorijiy hamkorlarning ishtiroki muhimligi haqidagi fikrlari keltirilgan.

Oradan 6 yil o‘tib, uning o‘g‘li Ulug‘bek Shodmonov Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan United Cement Group (UCG) kompaniyasini tashkil etdi. O‘sha paytda Ulug‘bek 20 yoshda edi.

Reyestrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Shodmonov 100 foiz ulushlariga egalik qiladigan UCG ("Yunayted Tsement Grup"), ekspertlar fikricha, offshor kompaniyalardan sanaladi.

Hozirda UCG nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi sement ishlab chiqaruvchi eng yirik shirkat hisoblanadi.

Bosh ofislari Toshkent va Olmaotada joylashgan kompaniya mintaqada 6 ta yirik zavodga egalik qiladi:

O‘zbekistonda:

  • "Qizilqumsement" AJ;
  • "Bekobodsement" AJ;
  • "Quvasoysement" AJ;
  • "Kvars" AJ.

Qirg‘izistonda:

  • "Kant sement zavodi";
  • "Texnolin" MCHJ.

"O‘zbekistondagi to‘rtta eng yirik sement zavodining barchasi Kiprdagi offshorlar nazoratida. "Ohangaronsement"ga Lamanka Enterprises LTD egalik qilsa, "Qizilqumsement", "Quvasoysement" va "Bekobodsement"ni boshqa bir Kipr offshori – United Cement Group o‘z nazoratiga olgan. Bozorning yarmini nazorat qiladigan uchta sement zavodining bitta kompaniyaga, yana offshor kompaniyaga topshirilishi-bu raqobatga ziyon keltiruvchi strategik xato ham. hisoblanadi. O‘zbekistonning monopoliyaga qarshi kurash organlari bu bitimlarga qanday rozilik bergan, bu alohida masala," deb yozgan toshkentlik iqtisodchi Otabek Bakirov.

2022-yilda O‘zbekistondagi qator internet nashrlar United Cement Group «Qizilqumsement» ning davlatga tegishli aktsiyalari paketini 1,89 trln so‘mga sotib olganini xabar qilgan.
2022-yilda O‘zbekistondagi qator internet nashrlar United Cement Group «Qizilqumsement» ning davlatga tegishli aktsiyalari paketini 1,89 trln so‘mga sotib olganini xabar qilgan.

Ayni paytda UCGning sement ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 million tonnani tashkil etadi.

2021-yilda UCG O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlaridan biri – "Qizilqumsement"ni sotib oldi. O‘shanda amerikalik kongressmen Uesli Xant UCGning O‘zbekistondagi g‘olib bo‘lgan tenderini tanqid qilib, uni shaffof emas, deb baholagan.

"2022-yil boshida Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo O‘zbekiston va Rossiyada faoliyat yurituvchi UCG O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi eng yirik sement zavodlaridan biridagi ulushini "shaffof" deb nomlangan bitim asosida sotib oldi. Ammo bu "shaffof" bitimning rasmiy tendersiz va sezilarli chegirma bilan amalga oshirilgani ayniqsa shubhali. Buning natijasida UCG kompaniyasi O‘zbekistondagi sement ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 50 foizini nazorat paketiga ega bo‘ldi. Biz xususiylashtirish niqobi ostida Rossiya foydasiga monopollashuv guvohi bo‘lmoqdamiz," degan amerikalik kongressmen.

Kongressmen UCG kompaniyasini AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini buzganlikda aybladi va AQSH Moliya vazirligidan bu borada alohida tekshiruv o‘tkazishni so‘radi.

Ukrainaning "Mirotvores" tadqiqot markazi ham UCG kompaniyasini Rossiya bilan hamkorlikda ayblab, kompaniya egasi Ulug‘bek Shodmonovga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.

Biroq, Ulug‘bek Shodmonovning amerikalik advokati o‘z mijozi kompaniyasi yaxshi obro‘ga ega ekanligini ta’kidlaydi.

"UCG nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi, balki mintaqadagi xalqaro boshqaruv va hisobdorlik standartlariga javob beradigan kam sonli biznes modellaridan biridir. G‘arbning eng yaxshi yuridik (Baker McKenzie) va auditorlik (Deloitte) kompaniyalari mijozimizga maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu Fitch va S&P kredit reytinglariga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona kompaniyadir," deyiladi Amerikaning Bose McKinney & Evans LLP yuridik firmasi advokati Stiven J. Akard oldinroq Ozodlikka yo‘llagan maktubda.

Ulug‘bek Shodmonovning nomi butun dunyo bo‘ylab yuzlab yuqori martabali siyosiy va ishbilarmon shaxslarning maxfiy offshor hisoblarini fosh etgan "Pandora hujjatlari"da ham tilga olingan.

Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi offshordagi AMANAT GROUP LIMITED shirkatini Ulug‘bek Shodmonovga bog‘lashgan.

Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston rasmiylari hozircha mamlakatdagi eng yirik sement shirkati egasining hibsga olinishi yuzasidan matbuotga biron rasmiy izoh berganlari yo‘q.

Ulug‘bek Shodmonovning advokatlari esa Ozodlik so‘roviga javoban, uning Dubayda biznes safarida ekani va O‘zbekistonga qaytgach, Ozodlikka rasmiy sharh berish istagida ekanini ma’lum qilishdi.

Ozodlik videosurishtiruvining to‘liq versiyasi bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG