Abdulaziz Karim: Men endi "jinoyatchi" emasman...

Abdulaziz Karim O‘zbekistonda o‘ziga nisbatan jinoyat ishi va qidiruv bekor qilinganini aytdi.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida “Qurbon bo‘laman” qo‘shig‘i bilan tanilgan, hozirda Turkiya vatandoshi sifatida Istanbulda yashayotgan o‘zbekistonlik xonanda Abdulaziz Karim O‘zbekistonda o‘ziga nisbatan jinoyat ishi va qidiruv bekor qilinganini aytdi.

45 yoshli xonandaning 24 avgust kuni Facebook sahifasiga joylagan videomurojaatida ta’kidlashicha, u prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan reabilitatsiya bo‘lgani haqda uning uyiga Toshkent shahar Shayxontoxur tumani militsiyasidan qo‘ng‘iroq qilib aytishgan.

“Bugun Toshkentdagi uyimga ertalab ROVDdan qo‘ng‘iroq qilib, menga nisbatan qo‘zg‘atilgan barcha jinoiy moddalar olib tashlangani haqida xabar berishdi. Qidiruvda bo‘lganim ham olib tashlandi. Bu ishning tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ekani ham ta’kidlab o‘tildi", deydi Abdulaziz Karim o‘z videomurojaatida.

Xonanda 2015 yilda qo‘shiqlari O‘zbekistonda taqiqlanishi ortidan vatanini tark etgan edi.

Unga nisbatan O‘zbekiston jinoyat kodeksining 223-moddasi, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ish ochilgan edi.

2016 yilda Turkiya vatandoshligini olgan san’atkor o‘z vatani O‘zbekistonda barcha unvonlardan ham mahrum qilingandi.

"Men endi jinoyatchi emasman. Taqiqlangan san’atkorlar ro‘yxatidan chiqdim. Endi yangi-yangi ijodlar bilan sizlarni xushnud etaman", deydi Abdulaziz Karim 24 avgust kungi videomurojaatida.

Ozodlik suhbatlashgan "O‘zbekkontsert" mulozimi Abdulaziz Karimga nisbatan taqiq yo‘qligi, kelib litsenziya uchun murojaat qilishi mumkinligini aytdi.

Abdulaziz Karim 90-yillarda "Qurbon bo‘laman" qo‘shig‘i bilan O‘zbekistonda eng taniqli xonandalardan biriga aylandi.

Keyinchalik Abdulaziz Karimning Yassaviy g‘azallariga bastalagan kuylari xalq orasida shuhrat topdi.

U barcha qo‘shiqlarini o‘zi bastalagan sanoqli hofizlardan hisoblanadi.

O‘tgan yil oxirida bastakor-ijrochi taniqli o‘zbek shoiri va muxolifat arbobi Muhammad Solihning "G‘arib daraxt"¸ "Oydinga" kabi oltita she’rini qo‘shiq qilib kuylagan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Абдулазиз Карим: Мирзиёевга тавсиям, мухолифатни парламентга киритсин

Qo‘shiqchi hozirda Turkiyada istiqomat qiladi.