Kamomad tekshirilayotgan qo‘shma korxona omborchisi o‘zini osgani iddao qilindi

Illyustrativ surat

Andijon shahridagi avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan "UZ DONG YANG CO" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasining nolikvid detallar ombori mudiri, 35 yashar Hasanboy Ikromov 29 may kuni dafn qilindi.

Ikromovning hamkasblari uning o‘z hovlisida daraxtga osilgan holda topilganini iddao qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati vakili "UZ DONG YANG CO" ombor mudiri o‘z joniga qasd qilgani bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilayotganligini aytdi.

Hasanboy Ikromovning o‘limi to‘g‘risida Ozodlikka bir-biridan mustaqil ikki manbadan kelgan ma’lumotni "UZ DONG YANG CO" shirkat rahbar yordamchisi va tarjimoni Ismoiljon (o‘zini shunday tanishtirdi) tasdiqladi. Ismoiljon marhum Hasanboy Ikromov 29 may kuni kechki payt dafn qilingani va uning oilasiga shirkat moddiy yordam berayotganligini Ozodlikka 4 iyun kuni aytib berdi.

"UZ DONG YANG CO" vakiliga ko‘ra¸ shirkatda tekshiruv olib borayotgan Bosh prokuratura huzurida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari boshqalar qatorida Hasanboy Ikromov bilan shirkatning eski rahbari paytida yuzaga kelgan kamomadlar borasida suhbatlashgan.

Shirkat vakili marhum hamkasbining o‘z joniga qasd qilishi aynan "UZ DONG YANG CO"dagi tekshiruv bilan bog‘liq ekaniga aniq dalil keltira olmadi.

Uning aytishicha¸ ombor mudiri Hasanboy Ikromov jinoyat ishi figuranti bo‘lmagan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati vakili 4 iyun kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, "UZ DONG YANG CO" ombor mudiri o‘z joniga qasd qilgani tasdiqlanganini aytdi va bu o‘limning prokuratura o‘tkazayotgan tekshiruv bilan bog‘liq yo bog‘liq emasligi masalasi o‘rganilayotgani va bu haqda keyinroq batafsil ma’lumot berishni va’da qildi.

Omborchining o‘limi

"UZ DONG YANG CO" shirkati rahbar yordamchisi va tarjimoni Ozodlik bilan 4 iyun kungi suhbatda Hasanboy Ikromovning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlarni aytib berdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ marhum oxirgi marta 28 may, payshanba kuni ishga chiqqan. 29 may ish kuni bo‘lishiga qaramasdan Ikromov ishga chiqmagan.

"UZ DONG YANG CO" xodimining marhumning yaqinlaridan eshitganlariga tayanib aytishicha, Ikromov 29 may kuni yuvinib tarangan¸ mahalladagi sartaroshga borib soch-soqolini oldirgan. O‘sha kuni peshin atrofida uning uchastkasiga kelgan yaqinlari Ikromovni o‘z hovlisidagi qayrag‘ochga osilgan xolatda ko‘rishgan.

“29 may kuni kechqurun dafn qilindi. Ortida xotini va ikki yoshgina qizchasi qoldi. "UZ DONG YANG CO" shirkati marxumning oilasiga moddiy yordam ko‘rsatib xol-ahvolidan muntazam xabar olib turibdi” dedi "UZ DONG YANG CO" vakili.

Ozodlik marhumning oila a’zolari bilan bog‘lana olmadi.

Ozodlik o‘z joniga qasd qilganligi yuzasidan huquq-tartibot organlari surishtiruv boshlagani haqida rasmiy ma’lumotga ega emas.

Shirkatdagi tekshiruv

"UZ DONG YANG CO" ombor mudiri o‘z joniga qasd qilgani haqida ayni shirkat xodimi 30 may kuni Ozodlikka xabar yo‘llagan edi.

Ayni xabarni tasdiqlagan, xizmat doirasida matbuotga gapirish huquqi yo‘qligi uchun ismini aytmagan “O‘zavtosanoat” AJ xodimi omborchining o‘zini o‘ldirgani korxonada o‘tkazilayotgan tekshiruv bilan bog‘liqligini iddao qildi:

“Omborchi korxonaga kelgan revizorlar bilan o‘tkazilgan suxbatdan so‘ng o‘z uyiga ketib ishga chiqmagan. O‘z uyida joniga qasd qilgan. Jinoyat ishi doirasida A .(ismi Ozodlikka ma’lum - tahr.) ismli shu qo‘shma korxona bosh direktori hamda S. (ismi Ozodlikka ma’lum - tahr.) ismli bosh direktori qamalgan. Bulardan tashqari «Uz-metertech Co» qo‘shma korxonasida ishlovchi Z (ismi Ozodlikka ma’lum - tahr.)​ ismli shaxs ham qamalgan. Jinoyat ishi avtomobil butlovchi qismlar narxi atrofidagi sxemalar bilan bog‘liq”.

Ayni paytda mulozim aytgan iddaolarning inkori yoki rasmiy tasdig‘i Ozodlikda yo‘q.

«Uz-Dong Yang co» shirkatida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari avtomobil butlovchi qismlarning narxlari bilan bog‘liq sxemalar va shirkat balansida yuzaga kelgan kamomad sabablarini tekshirayotgani borasida Ozodlikda ma’lumot bor.

2019 yilda «UzAuto Motors» AJ tarafidan sotib olingan ishlab chiqarish uskunalarining «Uz-Dong Yang co» shirkatiga hech bir badalsiz tekinga berilgani ortidan avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi «Uz-metertech Co» shirkati o‘z noroziligini bildirgan edi.

Norozilik nega bu uskuna “bizga emas, unga berildi” degan savol ustiga qurilgan edi.

«Uz-Dong Yang co» va «Uz-metertech Co» “O‘zbekavtosanoat” AJ bilan hamkorlik qiladigan bir xil mavqe va profildagi ikki shirkatdir.

“O‘zavtosanoat” AJ 2019 yil dekabr oyida «Uz-Dong Yang co» va «Uz-metertech Co» o‘rtasida yuzaga kelgan iqtisodiy nizo yuzasidan rasmiy bayonot bergan edi.

Bayonotda «Uz-Dong Yang co» shirkati 1996 yildan beri O‘zbeistonda muvaffaqiyatli ishlab kelayotgani va shirkatning mamlakat avtosanoatida katta o‘rni borligi ta’kidlanib “O‘zavtosanoat” bu shirkatni qo‘llab quvvatlashi ta’kidlangan edi.