Bosh prokuratura hibsda qolayotgan 22 yashar so‘xlik bloger, shu yilning 31 mayida So‘xda bo‘lgan voqealar ortidan, gumon qilinuvchi tariqasida qo‘lga olinganini bildirdi.
Youtube tarmog‘ida 800 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan videobloger - Dadaxon Haydarov taxallusi bilan tanilgan - Haydarjon Bobohaydarov 10 kunga hibs qilingani haqida Ozodlik xabar qilgandi.
Rasmiy bayonotda tasdiqlanishicha, bloger So‘xdagi voqealar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi sifatida, JPKning 226-moddasiga binoan qo‘lga olingan. Bu moddada 10 kunlik hibs nazarda tutilgan.
Dadaxon Haydarov-Haydarjon Bobohaydarov, chegarada sodir bo‘lgan nizodan so‘ng tumanga borgan Bosh vazir A. Aripov bilan uchrashuvda, Farg‘ona hokimini almashtirishni so‘ragan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 30 avgust kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, shu kunlarda Farg‘ona viloyati prokuraturasi joriy yil may oyida So‘x tumanida sodir bo‘lgan "ommaviy tartibsizliklar va boshqa holatlar yuzasidan" qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib bormoqda.
Bosh prokuratura 25 avgust kuni, 31 mayda so‘xliklar va qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida "Chashma" bulog‘i ustida chiqqan to‘qnashuvga aloqadorlikda ayblangan 6 so‘xlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.
Bu shaxslarga nisbatan, 1 iyun kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, JKning 219 (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddalari (ommaviy tartibsizliklar) bilan ayb e’lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
30 avgust kungi bayonot mazmuniga ko‘ra, so‘xlik blogerga hanuz ayblov e’lon qilinmagan:
"Shu bilan birga, fuqaro Xaydarjon Boboxaydarov (bloger) jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 226-moddasi tartibida ushlangan. Tergov davomida X.Boboxaydarovga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilgan va himoya huquqi (advokat) ta’minlangan", deyiladi bayonotda.
Unda tergovga to‘sqinlik qilmasligi uchun, boshqa tafsilotlar ochiqlanmasligi aytilgan.
Jinoyat protsessual kodeksning 226-moddasida (Ushlab turish muddati) quyidagilar nazarda tutilgan:
"Ushlab turish muddati ushlangan ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan e’tiboran ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va etarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin".
"Alohida hollarda, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilishi mumkin. Bunda gumon qilinuvchiga u ushlangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ayblov e’lon qilinishi kerak. Aks holda ehtiyot chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etiladi, garov esa garovga qo‘yuvchiga qaytariladi".
Youtube tarmog‘ida 820 mingga yaqin obunachi to‘plagan kanalning ikki ma’muridan biri Dadaxon Haydarov shu yilning 22 avgustida hibsga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan.
Farg‘ona viloyat, So‘x tumanida yashaydigan taniqli blogerning otasi, 50 yashar Sherali Eraliyev 26 avgust kuni, o‘g‘lining ushlanishi va hibsga olinishi bo‘yicha unga hanuz biror hujjat berilmagani, hatto ko‘rsatilmaganini aytgandi.
Otasi 22 avgust kuni ertalab Dadaxonni hibsga olish uchun borgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham fuqarolik kiyimida bo‘lgani, hibsga olish haqida sanksiya taqdim qilmaganini bildirgan:
“Mahalla raisi o‘rinbosari kelib, eshigimizni taqillatdi. Chiqsam, yonida uchastkovoy va grajdankadagi bir necha kishi turibdi, adashmasam Farg‘ona viloyat IIB Jinoyat qidiruv bo‘limidan. “O‘g‘lingiz bloger ekan, qilayotgan ishlarining qaysi bir to‘g‘ri, qaysi biri noto‘g‘ri ekani haqida tushuntirish berib, qo‘yib yuboramiz”, deb tuman IIBga olib ketishdi. Hujjat ko‘rsatishmadi. Shu bo‘yicha o‘g‘lim bilan qaytib ko‘risholmadim”.
Oilasi, bloger Dadaxon Haydarovga nisbatan ayblov e’lon qilinganmi yoki yo‘qmi - bu haqda ham biror rasmiy ma’lumot berilmaganini bildirgan edi.
Ammo, 29 avgust kuni mahalliy Gazeta.uz nashriga intervyu bergan otasi o‘g‘li bilan bir kez gaplashgani, o‘shanda o‘g‘li boshiga qora xalta kiydirib, vertolyotda Farg‘onaga olib ketishganini aytgan:
"Ertalab Dadaxonning o‘zi telefon qildi. U Farg‘onada, holasinikida edi. U uni militsiyaga olib kelishganini, keyin boshiga xalta kiygizib, vertolyotda olib ketishganini aytdi", deya iqtibos keltirdi nashr blogerning otasidan.
Ozodlik bu borada qo‘shimcha savollar bilan 30 avgust kuni Sherali Eraliyevga bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi. Blogerning boshqa yaqin qarindoshidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ota-onasi qo‘rqqani bois, bu haqda avval gapirmagan, hozir esa matbuotga intervyu berishdan tiyilmoqda.
Shuningdek, bu yaqini, blogerning hibsga olinishiga oid biror rasmiy hujjat yoki ma’lumot oilasiga taqdim qilinmaganini aytdi.
22 yashar so‘xlik Dadaxon Haydarov-Haydarjon Bobohaydarov oilali, 8 oylik farzandi bor.
Youtube tarmog‘ida 800 mingdan ortiq obunachi yiqqan Dadaxon Haydarov, bu nizolar ortidan tumanga borib, norozi so‘xliklar bilan yuzma-yuz uchrashgan Bosh vazir Abdulla Aripov oldida so‘zga chiqqan.
O‘sha uchrashuvda Haydarov, o‘zi yashab turgan So‘x tumani muammolarini yoritishida mahalliy rahbarlar to‘sqinlik qilishini aytgan, tuman muammolarini Toshkentga yetkazishda A. Aripovdan yordam so‘ragan.
Shuningdek, u tuman rahbarlari hamda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni almashtirishni so‘ragan:
“So‘x tumanida yagona men bloger bo‘lib ishlayman. YouTube tarmog‘ida o‘zimning auditoriyam bor. Qachonki, So‘x muammosini Internetga chiqaradigan bo‘lsam, mana shu o‘zimizning hokimiyatdagilar: “Chiqarma, o‘zingning boshingga balo bo‘ladi!” deyshadi. Sizdan iltimos, So‘x tumanida shunday tashkilot yaratingki, bu yerni muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga yetkazsin! Bizga Farg‘ona hokimiyati kerak emas! So‘xni tumanigayam yangi xodimlarni joylashtiring, iltimos! Kerak bo‘lsa, Farg‘ona viloyat hokimini ham almashtiring!” .
O‘z navbatida, bu muammolarning borligini e’tirof etgan Abdulla Aripov bloger tilga olgan muammolarni tez orada hal qilib berishni va’da qilgandi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shu yilning 11 avgustda 23 yashar so‘xlik Davlatjon Mallayev, chegaradagi janjal paytida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan “zo‘rlik ishlatganlik”da ayblanib qo‘lga olingani haqida Ozodlik 19 avgust kuni xabar qilgan.
Mallayev ustidan chiqarilgan ajrimda qayd etilishicha, Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari da’vosi asosida, unga Jinoyat Kodeksining 244-modda (Ommaviy tartibsizliklar), 219-moddaning 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi qo‘yilgan.
Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Obidov: "Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, So‘xdagi to‘polonlar juda katta tayyorgarlik bilan uyushtirilgan. Hozircha batafsil aytolmayman, chunki bu tergov siri”, deb ma’lumot bergan.
Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyat, So‘x tuman, Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Botken viloyat, Kadamjay tuman, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan Chashma bulog‘i bo‘yida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgan.
Ikki tomondan qariyb ming kishi qatnashgan, jarayonda Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilingani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 25 avgust kuni ma’lum qilishicha, ushbu nizo bo‘yicha shu yilning 1 iyun kuni jinoyat ishi ochilgan, 22 avgustdagi hibslar ana shu ish tergovi doirasida amalga oshirilgan.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor etmaslikni so‘ragan so‘xliklar, hibsga olinganlarning barchasi o‘sha to‘qnashuvda qatnashgan tumandoshlari ekanini aytmoqda.