LGBT hisobot. Qiynoq, shafqatsiz muomala va jinsiy zo‘ravonlik

Inson huquqlarini himoya qiluvchi uch xalqaro tashkilot O‘zbekistonda jinsiy ozchilik - LGBT vakillarining ahvoli haqida hisobot e’lon qildi.

Hisobot mualliflari o‘zbekistonlik jinsiy ozchilik vakillarining huquqlari qo‘pol ravishda buzilganiga oid 100 dan ortiq holatni hujjatlashtirgan.

O‘nga yaqin qahramon tilidan hikoya qilingan holatlarning aksarida, mamlakatda ashaddiy gomofob kayfiyat, bu kayfiyatni qo‘llovchi kuch ishlatar tuzilmalar va ularga LGBT huquqlarini poymol qilish uchun asos bo‘lib qolayotgan Jinoyat kodeksining 120-moddasi haqida gap boradi.

Quyida hisobotning qisqacha mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.

100dan ortiq hujjatlashtirilgan holat

7-iyun kuni e’lon qilingan hisobotni Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA), Salomatlik, huquqlar, gender va jinsiy xilma-xillik bo‘yicha Yevroosiyo koalitsiyasi (EKOM) va Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR) bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Hisobotda aytilishicha, huquq himoyachilari 2017-yildan buyon jinsiy ozchilik - LGBT vakillari - lesbiyan, gey, biseksual va transgenderlarga nisbatan sodir etilgan 100dan ortiq huquq buzilishi holatlarini hujjatlashtirgan.

Faollar shuningdek, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) asosida ayblangan 10 dan ortiq fuqaroga nisbatan olib borilgan sud ishlariga doir hujjatlarni to‘plaganini qayd etgan.

Huquq faollarining tanqidicha, O‘zbekistonda jinsiy ozchilik vakillari mutassil ta’qib, haqorat, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik ostida hayot kechirmoqda. Bundan tashqari, nafaqat gomofob kayfiyatdagi yurtdoshlari, balki davlat idoralari va ayniqsa, huquq-tartibot idoralari tomonidan muttasil kamsitilishi, huquqlari poymol etilishi qayd etilgan.

32 sahifalik hisobotda 10 dan ortiq gomoseksual yigitning hikoyalaridan parchalar berilgan. Shaxsini sir tutib gapirgan yigitlarning ayrimlari ham jamiyat, ham huquq-tartibot idoralarining zug‘umi va shantaji ostidagi hayotdan so‘ng ikki chiqish yo‘lidan birini tanlash - O‘zbekistonni tark etish yoki joniga qasd qilishga majbur bo‘lishini aytishgan.

“120-modda noan’anaviy jinsiy oriyentatsiya yoki gender identifikatsiyali shaxslarga nisbatan, jazo olmagan holda, shafqatsiz munosabatda bo‘lish va kamsitish huquqini beradi. Shuningdek, u korrupsiyani rag‘batlantirish uchun ideal platforma yaratadi. 120-modda mavjud ekan, qo‘rqitish hech qachon tugamaydi va gomofoblar bizning ustimizdan xukumron bo‘lib qolaverishadi”, deya hisobotda iqtibos keltirilgan o‘zbekistonlik yosh gomoseksual yigitdan.

Jamiyatdagi kayfiyat

O‘zbekistonda jinsiy ozchiliklarga nisbatan toqasiz munosabat sobiq sovet davridan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda.

Hisobot mualliflari, LGBTga jamiyat munosabatini shunday ta’riflaydi:

“O‘zbekistonda ko‘pchilik gomoseksuallikni yuqumli kasallik deb biladi va agar u ta’qiqlanmasa va jazolanmasa, jamiyatni yemiradi va nobud qiladi deb ishonishadi. Agar oilalar qarindoshini jinsiy ozchiliklarga mansubligini bilib qolsa yoki shubha qilsa, ko‘pincha uni shifokorlar, psixiatrlar, psixoterapevtlar, mullalar yoki boshqa diniy arboblarga «davolash» uchun murojaat qilishga majbur qiladilar. Bundan tashqari, oilalar o‘rtasida gey o‘g‘lini oilaviy uydan surgun qilish holatlari ko‘p, ayniqsa uning jinsiy oriyentatsiyasi oiladan tashqarida ma’lum bo‘lganda”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Korruptsiyani tanqid qilgan LGBT himoyachisi jazolandi

Huquqiy ekspertiza

O‘zbekistonda LGBT vakillariga qarshi ko‘llanadigan va muttasil tanqid qilib kelinayotgan huquqiy asos - Jinoyat kodeksining 120-moddasidir:

“120-modda. Besoqolbozlik, ya’ni erkakning erkak bilan zo‘rlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishi — bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

O‘tgan yili aprel oyida O‘zbekiston hukumati birinchi marta ushbu modda bilan jazoga tortilgan fuqarolar sonini e’lon qilgani hisobotda qayd etilgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, 2016-2020-yillar davomida jami 44 shaxs 120-modda bilan sudlangan. Hisobotni tayyorlagan 3 tashkilot bu raqamga o‘zlari aniqlagan raqamni ham ilova qilgan.

Jumladan, Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi tomonidan 2022-yil yanvar va fevral oylarida IPHRga taqdim etilgan javoblarga ko‘ra, 2021-yilda jami 36 kishi 120-modda bo‘yicha sudlangan, yigirma besh nafari qamalgan. Bu esa avvalgi yillardagidan ko‘pdir.

O‘zbekiston JKning 120-moddasi xalqaro huquq normalariga mutlaqo zid, deb baholanadi.

Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, bir jinsdagi voyaga yetganlar o‘rtasida o‘zaro rozilik asosida jinsiy aloqa yoki o‘zining gender identifikatsiyasini ifodalashni jinoyat deb hisoblash inson huquqlarining ochiqdan-ochiq buzilishidir.

“Xalqaro inson huquqlari qonunchiligi kattalar o‘rtasidagi o‘zaro rozilik asosida bir jinsli munosabatlarni jinoiylashtirish inson huquqlarining buzilishi ekanligini aniq ko‘rsatib turibdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining shartnoma tuzilmalari O‘zbekistonni Jinoyat kodeksining 120-moddasini bekor qilishga bir necha bor chaqirgan”, - deya izohlaydi IPHR vakili Anne Zunder-Plassmann.

Davlat idoralari munosabati

Hisobotda, mualliflarning O‘zbekiston davlat idoralari va inson huquqlariga mas’ul idoralaridan olingan javoblar ham keltirilgan.

Ushbu javoblardan chiqarilgan xulosaga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bir jinsli munosabatlarni dekriminalizatsiya qilish - jamiyatda norozilikni uyg‘otishi va mamlakatning musulmon dunyosidagi obro‘sini tushirishini ta’kidlab, JK 120-moddasini bekor qilish talabini bajarmay kelmoqda.

Jumladan, hisobotga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov bergan javoblar kiritilgan. Saidov, 120-modda bekor qilinishi uchun “jinoyat qonunchiligi umumiy ko‘rib chiqilishi kerakligi”, “hukumat jamiyatning O‘zbekistonda gomoseksuallikka nisbatan keng tarqalgan o‘ta salbiy munosabatni hisobga olishi kerak”, deb ta’kidlagan.

Bundan tashqari, hukumat rasmiylari, LGBT vakillarining huquqlari haqida gapirishni istovchi faollarning so‘z va fikr erkinligini taqiqlashi hisobotda qayd etilgan. Bu o‘rinda LGBT huquq buzilishlari haqida chiqishlar qilgan taniqli blogger Miraziz Bozorovning ta’qibga olingani va 3 yilga ozodligi cheklangani alohida eslatilgan.

Kuch ishlatar tuzilmalar munosabati

Hisobot mualliflari, Jizzax viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasi (IIB) boshlig‘ining 2022-yil 18-fevraldagi xatini tilga olgan.

Hisobotda aytilishicha, Jizzax IIB boshlig‘i tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlariga maxsus xat yuborgan va geylar va biseksuallar ustidan amalda hamda onlayn nazoratni kuchaytirish, bunday shaxslarni aniqlash va JKning qator moddalari bilan jazolash mexanizmini ishga solishni tayinlagan.

Unda: “Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari, jumladan, 120-moddasi («besoqolbozlik»; ushbu modda erkakning erkak bilan zo‘rlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishini jazolaydi), 113-modda («Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish») va 130-modda («Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish») bo‘yicha dastlabki tergov qo‘zg‘atilganligi haqida xabar bergan. Xatda mahalliy bo‘limlarga Jizzax viloyatidagi geylar va biseksuallar uchrashadigan joy vazifasini o‘taydigan telegram kanallari orqali, jumladan, GPS -monitoring yordamida gumondorlarni aniqlash topshirilgan”.

Inson huquqlari tashkilotlari vakillari, bunday ichki hujjatlar kuch ishlatar tuzilmalari xodimlariga LGBT vakillari huquqlarini buzish va ularni ta’qib qilish vakolatini berayotganidan xavotirda. Bundan tashqari, bunday shaxslarning IIV tuzilmalarida qiynoqqa solinishi ham hujjatlar asosida hikoya qilingan.

IIV vakillarining operativ-qidiruv amaliyotlarini o‘tkazish asnosida LGBT vakillarini tasvirga olish va O‘zbekiston qonunchiligi asosida kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik, aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda shaxsiy ma’lumotlar, tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi ham hisobotda qoralangan.

Siyosat va jamiyat arboblari munosabati

Hukumatga yaqin alohida siyosatchilar, jumladan, Milliy tiklanish partiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov geylarni qoralovchi bayonot bilan chiqqan.

"Bu holat Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirishga ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatdi. Modda besoqolbozlik, LGBT g‘oyalarini har qanday shaklda targ‘ib qilishni ta’qiqlashi kerak. Albatta, jazo juda yumshoq. Bu modda sanksiyalari majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg‘a qilishgacha ko‘zda tutishi kerak", deb yozgandi Qodirov 2021-yilda o‘zining Feysbuk sahifasida.

Deputat Rasul Kusherbayev ham o‘zining Telegram kanalida "LGBT masalasiga qarshiligi"ni yozgan, ayni paytda u insonlarga nisbatan "kuch ishlatish va tartibsizliklar"ga ham qarshi ekanini bildirgan.

Uch tashkilot shu yil 7- iyun kuni e’lon qilgan hisobotga, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi deputati Buranov Sherbek, Samarqand hokimi Boburmirzo Oblaqulovlarning 2020-2021-yilda qilgan chiqishlari ham ilova qilingan.

Xalqaro chaqiriqlar

BMT Inson huquqlari kengashi ham 2020-yil mayida O‘zbekiston hukumatini Jinoyat kodeksidan 120-moddani chiqarib tashlashga chaqirgan.

2020-yil dekabrda 9 ta xalqaro inson huquqlari tashkiloti ayni mazmundagi chaqiriq bilan chiqqan edi. O‘zbekiston rasmiylari esa ushbu chaqiriqlarga javoban mamlakatda LGBT mansublariga qarshi zo‘ravonliklarga doir bironta ham holat qayd etilmaganini aytishgan.

Ikki tomonning roziligi asosidagi bir jinsli aloqa uchun jinoiy javobgarlik postsovet hududida faqat ikki davlat - O‘zbekiston va Turkmanistonda saqlanib qolgan. Xyuman Rayts Uotchning aytishicha, Turkmaniston bu boradagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanini bildirgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati dunyo bo‘ylab lesbiyanka, gey, biseksual, transgender, kvir va interseks (LGBTQI) vakillarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlashni ustuvor yo‘nalishlardan biri, deb e’lon qilgan.

Tahlilchilar jahon hamjamiyati, jumladan, Qo‘shma Shtatlar bilan inson huquqlari yuzasidan muloqotni qayta boshlagan va 2020-yilda o‘z tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari kengashiga saylangan O‘zbekistonning bugungi rahbari Shavkat Mirziyoyev bu borada Karimov davridagidan ko‘proq siyosiy bosim ostida qolishini qayd etishgan.

Мавзуга алоқадор

Коррупцияни танқид қилган ЛГБТ ҳимоячиси жазоландиБесоқолбозлик: Халқаро ташкилотлар Мирзиëевни мажбурий анал текширувни тақиқлашга чақирдиИИБ уй қамоғидаги трансгендер Нигинани уни калтаклаган шахс билан "яраштирди"“Янгиланаётган Ўзбекистон” ЛГБТ вакиллари учун янги хатарлар туғдирмоқда...ми?Кушербаев бесоқолбозликка оид қонунчилик ўзгартирилиши ўлим билан тенг эканини айтдиСамарқандда уч фарзанднинг отасини гей бўлгани учун ваҳшийларча калтаклашди