Pandemiya yili: Koronavirus, karantin va korrupsiya

Mutaxassislarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi yuz tutgan eng jiddiy inqiroz bo‘ldi

2020 yil – insoniyat tarixida burilish nuqtasi o‘laroq xotiralarda qoladigan bo‘ldi.

2019 - yil dekabrida Xitoyda aniqlanib, yil boshidayoq dunyoga yoyilib ulgurgan SOVID-19 pandemiyasi o‘zbekistonliklar hayotini ham tubdan o‘zgartirdi.

Quyida pandemiya muammolari bilan kechgan yilning muhim voqealarini yodga olamiz.

Ilk bemor

2020 - yilning 15 - mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi.

11 - mart kuni Parijdan Toshkentga borgan bemorda, oradan 4 kun o‘tib COVID-19 infeksiyasi aniqlandi.

Infeksiya aniqlangan ilk toshkentlik ayol bilan birga uchgan 24 nafar o‘zbekistonlikning hammasi karantinga olindi.

Ayol bilan birga yashaydigan 10 oila-a’zosi ham Virusologiya instituti klinikasiga yotqizildi, u yashagan ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan 230 kishi tibbiy kuzatuvga olindi.

Bunga qadar xorijdagi voqe’likni xavotir bilan kuzatayotgan o‘zbekistonliklar o‘sha kuni koronavirus xavotirini ilk bor o‘zida his etdi.

Xitoyning Uxan provinsiyasida rasman qayd etilganidan to O‘zbekistonga yetib kelishigacha bo‘lgan 3 oy muddatda bu virus Yevropa davlatlariga yoyilib ulgurgan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ham kirib borgandi.

Shoshilinch choralar

Ilk bemor aniqlanishi bilan O‘zbekiston hukumati epidemiya oldini olishiga qaratilgan shoshilinch, izchil va keng ko‘lamli chora tadbirlarni qo‘llashga kirishdi.

Infeksiyaga chalingan bemor va u bilan aloqada bo‘lgan birlamchi, ikkilamchi manbalar izolyatsiya qilindi, infeksiya o‘chog‘iga aylangan mahallalarga kirish-chiqish yo‘llari to‘sildi.

16 - martdan O‘zbekiston qo‘shnilari bilan chegaralarini yopdi. 24 - martdan havo qatnovi to‘xtatildi.

Mamlakatda karantin boshlandi. To‘y-hasham, yig‘ilish, bayram tadbirlari taqiqlandi, maktablar, oliy o‘quv yurtlari va jamoat tashkilotlari yopildi, viloyatdan poytaxtga borgan talabalar avtobuslarga ortilib, uyiga qaytarildi.

Bu jarayon uchun respublikadagi barcha vazirlik, tashkilot, hokimiyat va mahalla organlari jalb qilindi, maxsus tezkor guruhlar tuzildi, ya’ni davlat institutlari moliyaviy va ma’muriy resurslari koronavirusga qarshi kurashga yo‘naltirildi.

Bu orada, avval kuzatilmagan bir yangi amaliyot paydo bo‘ldi - Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul idoralar rasmiylari kundalik ravishda jamoatchilikka hisobot berishni yo‘lga qo‘ydi.

Hujjatlar paketi

Aslida O‘zbekiston hukumati 2020 - yilning yanvaridayoq koronavirus infeksiyasi yo‘lini to‘sishga qaratilgan chora-tadbirlar paketini hozirlab qo‘ygandi.

29 - yanvarda prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmon bilan bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Respublika maxsus komissiyasi tuzildi va unga mamlakatda pandemiyaga qarshi kurashish uchun misli ko‘rilmagan vakolatlar berildi.


Koronavirusni yuqtirgan ilk bemor aniqlanishi bilan, 19 - mart kuni prezident yana bitta farmonni imzoladi.

Ortidan Vazirlar Mahkamasi qaror chiqardi va shu bilan Maxsus komissiya tasarrufiga davlat byudjeti hamda tashqi qarzlar hisobidan ajratilgan mablag‘ va moliyaviy resurslar ehtimoliy ko‘lami belgilandi:

  • Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trln. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi;
  • Jamg‘arma manbasi etib, Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari imtiyozli kreditlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilandi;
  • Davlat byudjeti va Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini moliyalashtirishni ta’minlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd. AQSh dollari miqdorigacha tashqi qarz mablag‘larni jalb qilish choralari ko‘rilishi belgilandi.

Pandemiyaning ilk kunlarida qabul qilingan prezident farmoni, qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan byudjet mablag‘lari hisobidan ketma-ket ajratilayotgan bu summalar, o‘zbekistonlik iqtisodchi, tahlilchi va blogerlar diqqatini tortdi.

O‘sha kezdayoq ulkan vakolatlar berilgan komissiyaning legitimligi, u chiqargan tezkor qarorlar bilan qonunchilik o‘rtasidagi ziddiyat takror va takror savol ostiga olindi. Ammo o‘sha kezda bu savollarga na komissiya, va na hukumat tomonidan aniq javob berildi.


Karantin markazlari va shifoxonalar

Mart oyidan e’tiboran O‘zbekistonda birin-ketin karantin markazlari ochila boshlandi.

Bu vaqtga kelib, koronavirus dunyoning aksar davlatlarida yoyilib ulgurgan – O‘zbekiston ham, boshqa davlatlar kabi, xorijdan fuqarolarini qaytara boshlagan edi.

O‘zbekistonliklar mamlakat tarixida ilk bor, chetdan kirib kelayotgan yuzlab odam joylanayotgan maxsus karantin markazlariga guvoh bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati qo‘llagan bu chora – xalqaro jamoatchilik uchun ham yangilik bo‘ldi.

Xorijdan kelganlar, 14 kunga yoppasiga bu markazlarga joylashtirildi. Aprel-may oylariga kelib, muqaddam misli ko‘rilmagan – konteyner shaharchalar qurila boshladi, bu qurilishlar uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilgani e’lon qilindi.

Bemorlarni davolashda O‘zbekistonda qo‘llangan usul ham dunyoning aksar davlatlarida kuzatilmadi. Koronavirus aniqlanganlar, ahvoli yengil yoki og‘ir bo‘lishidan qat’i nazar, maxsus ajratilgan shifoxonalarga joylashtirildi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov aprel oxirida e’lon qilgan raqamlar – keyinchalik jamoatchilik fikrini keskin o‘zgartirgan rasmiy bayonot bo‘ldi.

"Bizga hozir 5,4 trillion so‘m mablag‘ ajratildi". Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan hozirgacha 32 million dollarni o‘zlashtirib bo‘ldik, yana 150 million dollar ustida shartnomalar tuzib, jihozlarni olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti", degandi sobiq vazir Alisher Shodmonov Xalqaro press-klubda 23 - aprel kuni o‘tgan yig‘inda.


Shodmonovga ko‘ra, karantin markazlaridagi har bir kishi uchun 14 kunlik muddatga 2 million 200 ming so‘mdan, bemorga 32 million so‘mdan 64 million so‘mgacha mablag‘ ajratilgan.

Mart-aprel-may oylarida mamlakatda koronavirus yoyilishi nazoratda ushlab turildi, qator halqaro tashkilotlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham hukumatni olqishladi.

Ammo qator ekspertlar, epidemiya ustidan bunday nazorat - davlat byujeti va tashqi qarzlar hisobidan qoplanayotgan o‘ta qimmat usul ekani, vaziyat nazoratini bu taxlit uzoq tutib turish imkonsizligidan o‘shandayoq ogohlantirgandilar.

Jumladan, ko‘p yillardan buyon Kanadada yashayotgan va so‘nggi bir yil ichida koronavirus bemorlarini davolash jarayonida ishlagan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi, ximiy Obidjon Mamadaliyev shunday ekspertlardan biri bo‘ldi.

- O‘zbekiston eng qimmat yo‘lni tanladi. Hatto qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyada va boshqa davlatlarda ham yengil simptomli kasallar o‘z uylarida izolyatsiya qilindi, davolandi. Barcha resurslar og‘ir simptomli koronavirusga chalingan bemorlarga qaratildi. O‘zbekistonda esa qisqa muddat ichida resurslar tugallandi. Nima uchun shunday holat yuz berdi? Bu mutaxassislarning layoqatsizligi tufayli bo‘ldi, - deydi Mamadaliyev.

O‘sha kezdayoq mamlakat ichidagi ahvoldan yaxshi xabardor aksar ekspertlar, hali oldinda korrupsiya muammosi borligini ham bot-bot eslatgandilar.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Kanadadagi o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi Obidjon Mamadaliev


Rasmiy va norasmiy manbalardagi tafovut

Ekspert va o‘zbekistonlik faollar bildirgan xavotirlar aprel oxiri va may boshlariga kelib voqe’likka aylandi.

Garchi xorijdan qaytarilgan yuzlab vatandoshning karantin markazlaridagi sharoit va o‘rnatilgan tartibdan shikoyati ilk kunlardanoq Ozodlikka kela boshlagandi.

Yotoq joyi, anti-sanitariya sharoiti va abgor yegulikdan norozilik bilan birga, karantin markazlarida 14 kundan ortiq ushlab turilganlarning janjallari kuzatila boshladi.

Bu markazlardagi sharoit - Sog‘liqni saqlash vaziri kishi boshiga va’da qilgan 2 million 200 mingga to‘g‘ri kelmasligi, aksincha bu mablag‘ muassasa mas’ullari tomonidan o‘zlashtirib yuborilayotgani iddao qilingan shikoyatlar soni ortdi.


Oxir-oqibat, iyun-iyul oylariga kelib, mamlakat bo‘ylab virusga chalinganlar soni favqulodda orta boshladi va aksar karantin markazlari – bemorlarni davolaydigan yangi maskanlar - kovid markazlariga aylantirildi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab koronavirus bemorlari uchun 17 mingdan ortiq o‘rin ajratilgan, har bir bemorga ahvoliga ko‘ra, 32 million so‘mdan 64 million so‘mgacha mablag‘ sarflash belgilangan.

Ammo, yil davomida COVID-19 bemorlariga bu mablag‘ to‘liq ajratildimi, ajratilgan bo‘lsa, to‘liq yetib bordimi? Ozodlikka kelgan yuzlab shikoyatlarda iddao qilingani kabi, bu mablag‘ bemorlarga yetib bormagan bo‘lsa, qayoqqa ketdi – bu hanuz yakuniy javobni kutayotgan jiddiy savollardan biri.

Pandemiya va rasmiy raqamlar

O‘zbekistonlik aksar tibbiyot xodimlari, mamlakatda pandemiyaning ilk to‘lqini iyul oyidan – engil bemorlarni uyda davolash amaliyotiga o‘tilganidan so‘ng boshlandi, degan xulosani aytadilar.

O‘sha kezda tibbiyot xodimlari va yaqinlari xastalanganlardan, bemorlar soni keskin ortib ketayogani haqidagi xavotirli xabarlar kela boshladi.

Aynan o‘sha kezlardan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa rasmiy idoralarning kunlik statistikasiga shubha bildirilgan chiqishlar ijtimoiy tarmoqlardan ichki mahalliy nashrlarga ham ko‘chdi.

Zotan, pandemiya boshidan buyon koronavirus uchun test tizimlari yetishmasligi, natijani esa haftalab kutishga to‘g‘ri kelgani bois bemorlar soniga oid rasmiy raqam savol ostiga olinayotgan edi.

Avgust-sentabr, oktabr oylariga kelib esa, rasmiy o‘lim statistikasi keskin norozilik uyg‘otdi.

Poytaxt qabristonlarida koronavirusdan vafot etib, dafn qilingani aytilgan qurbonlar soni kundan-kunga ortgani kuzatildi.

Ozodlikning oktabr oyida olib borgan surishtiruvi davomida Toshkent va kamida 4 viloyatdagi 10 ga yaqin qabristonda, sentabr oxiri va oktabr boshida COVID-19 dan o‘lgani aytilgan 1000 ga yaqin odam dafn etilgani haqidagi norasmiy ma’lumot borligini aniqladi.

O‘sha kezda mamlakat bo‘ylab e’lon qilingan rasmiy raqam 630 nafarga yetmagan edi. Shu kundagi rasmiy raqam esa, jamoatchilikka oshkor qilinganicha yo‘q.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

EKSKLYuZIV - Qabriston sukunati: Kovid qurbonlari oshmoqda, rasmiylar sukutda

Fidokorlar

Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan va Ozodlik gaplashgan shifokorlardan olingan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya paytida vafot etgan tibbiyot xodimlari soni 800 nafardan oshgan.

Bundan tashqari, Telegram tarmog‘ida tibbiyotchilarning eng yirik guruhlaridan biri bo‘lgan "Fidokorlar" kanali joriy yilda vafot etgan yuzlab hamkasbining ismi-familiyasi, ish joyi va suratini e’lon qildi.

Marhumlarning ko‘pchiligi COVID-19 kasalligiga chalingach, vafot etgan.

Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, oktabr, 2020

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki boshqa rasmiy tashkilotlar, pandemiya davrida bemorlarni davolash jarayonida vafot etgan tibbiyot xodimlari sonini oshkor qilgani yo‘q.

Shuningdek, qancha tibbiyot xodimi ish paytida xastalangani va prezident va’da qilingan tovon puli, qo‘shimcha to‘lov yoki bosh imtiyozlar bilan ta’minlanganiga oid rasmiy raqamlar ham Ozodlikka ma’lum emas.

Ozodlik yil davomida himoya vositasisiz koronavirus bemorlarini davolashga majbur bo‘lgan, ish paytida xastalangan, qarovsiz qolgan shifokorlar shikoyatlarini yoritib bordi.

Tibbiyot xodimlarini qiynagan yana bir jiddiy muammo esa - ularga prezident va’da qilgan maxsus to‘lovlarning vaqtida to‘lanmagani yoki umuman to‘lanmagani bo‘ldi.


O‘zbekiston pandemiyani yengdimi?

O‘zbekistondagi COVID-19 markazlari va koronavirus yuqqani gumon qilingan bemorlarni qabul qilish-taqsimlash markazlari noyabr oyidan yopila boshladi.

Xususan, Toshkentda kovid markazlari yopila boshlagani haqidagi ilk rasmiy bayonot 24 - noyabrda berilgan.


17 - noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi koronavirus bemorlari uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘la quvvat bilan ishlamayotganini tanqid qilgan va bu muassasalarni optimizatsiya qilish haqida ko‘rsatma bergan edi.

O‘sha kungi videoselektor yig‘ini haqida xabar qilgan prezident matbuot xizmati “O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan”i, o‘sha kezda bu o‘rinlarda “6 ming 570 nafar bemor” davolanayotganini bildirgan.

“Shu munosabat bilan mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi”, deya xabar qilgandi prezident matbuot xizmati.

Rasmiylar markazlar vaqtincha konservatsiya qilinayotgani, tibbiyot xodimlari ham zarurat tug‘ilganda, darhol qaytish sharti bilan doimiy ish joyiga qaytarilayotganini bildirmoqda.

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, kasallik tarqalishining pastlashi koronavirus yuqish zanjirining uzilishi hamda aholining katta qismida immunitet shakllanib ulgurgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ammo uy sharoitida o‘zini o‘zi davolayotgan bemorlar soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Tibbiyotchilar bunday bemorlar soni, rasman qayd etilganlaridan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin, demoqda.