Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:31

IIV paxta terayotgan xodimlari xabarlarini rad etdi


IIVga ko‘ra, tizim xodimlari paxta termayapti, balki kampaniya davomida jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanayapti
IIVga ko‘ra, tizim xodimlari paxta termayapti, balki kampaniya davomida jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanayapti

Qisqa muddatli o‘quv yig‘inlarida tahsil olayotgan tinglovchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etish bo‘yicha biror-bir topshiriq berilmagan, bugungi kunda barcha tinglovchilar bilan rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar 11 oktabrgacha davom etib, shundan so‘ng tinglovchilar tegishli viloyatlarga o‘z xizmat joylariga qaytarib yuboriladi.

Bu bayonotni IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi vazirlikning rasmiy saytida e’lon qildi.

Vazirlik o‘z bayonotini “keyingi kunlarda ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malaka oshirish markazlarining tinglovchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilishidan noroziligi haqidagi videolavhalar internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgani” munosabati bilan e’lon qildi.

“Ayni paytda o‘quv markazlarida yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha ichki surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda” deyilgan vazirlik bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, II xodimlari paxta termayapti. Ular “paxta yig‘im-terim mavsumida jamoat tartibini saqlash, paxta hosilining nes-nobud bo‘lishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, terimga jalb etilgan hasharchilarni tashish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa ommaviy tadbirlarda amaldagi nizom va buyruqlar asosida faol ishtirok etmoqdalar”.

Ozodlik 30 sentabr kuni O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bir-biridan mustaqil holda kelgan xabar¸ surat va videolarga hamda IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbatlarga tayanib, yuzlab IIV xodimining paxta terishga majburlaish boshlanayotgani, ba’zi joylarda esa, xodimlar bir necha kundan buyon paxta terayotgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Ozodlik bilan 30 sentabr kuni gaplashgan IIV xodimlari¸ o‘zlarining turli viloyatlardan Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan markazga malaka oshirishga kelganini bildirarkan, bunday degan edi.

“Uch kun oldin yosh xodimlardan 300 tasi Jizzaxga ketdi. Ketganlar yaqinda ishga kirganlar¸ ularni 3 oyga chaqirishgan. Malakani endi paxtazorda oshirishadi. Katta xodimlardan 200 tachamiz¸ biz 1 oyga malaka oshirgani kelganmiz, ketishimizga 10 kun qolganda paxtaga yubormoqchi. Viloyatlardan¸ Qoraqalpog‘istondan o‘qishga deb kelgan odamni¸ to‘g‘ri dalaga haydayapti. Bunga na kiyim-kechagimiz¸ na pulimiz bor. Oilalarimiz kutyapti bizni viloyatlarda”.

Qashqadaryo viloyatilik profilaktika inspektorlari o‘zlarining 24 sentabrdan beri Mirishkor tumanida yotib paxta terayotganini bildirarkan, bunday degandi:

“Biz - Shahrisabz tuman IIB xodimlarini majburiy Mirishkor tumaniga paxta terimiga jo‘natishgan. Profilaktika inspektorlarining xizmat hududidan boshqa tadbirlarga mutlaqo jalb kilinmasligi to‘g‘risida prezidentimizning qaror va farmonlari borku! Hozir qanaqa tadbir bo‘lsa¸ birinchi navbatda¸ Shahrisabz tumani IIB profilaktika inspektorlari va boshqa xodimlari majburiy jalb qilinadi Biz 24 sentabrdan beri yotib paxta terayapmiz. Qachon qaytarishi noma’lum. Rahbarlarning barchasi ishni talab qiladi. Lekin birorta rahbar barcha tadbirlarga majburiy jalb etilganimizni hech qanday inobatga olishmaydi".

Алоқадор

XS
SM
MD
LG