Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 8 yanvar kuni avvalgi prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va boshqa shaxslarga nisbatan galdagi jinoyat ishi bo‘yicha mahkama boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi. Sud yopiq tarzda o‘tmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan G. Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlangani, ish sudga oshirilgani haqida ma’lum qilgandi.
Gulnora Karimova 2019 yil martidan beri Zangiota qamoqxonasida saqlanmoqda.
Bosh prokuraturaning o‘tgan yil 6 dekabridagi bayonotida tergov tomonidan G. Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘llari orqali ularning mulklarini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgani aniqlangani bildirilgan.
“Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi. G. Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etganligi bo‘yicha yangi ayblov e’lon qilindi”, deyilgandi Bosh prokuratura xabarnomasida.
Gulnora Karimovaga bog‘liq oldingi xabarlar va maqolalarni shu sahifadagi "Aloqador" rukni ostida o‘qishingiz mumkin.