Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:25

Qurg‘oqchilik tahdidi va tomchilatib sug‘orish: Fermerlar hukumat topshirig‘ini bajarish uchun pul yo‘q demoqda


Xorazm viloyatida sinov tariqasida joriy qilingan tomchilatib sug‘orish usuli.
Xorazm viloyatida sinov tariqasida joriy qilingan tomchilatib sug‘orish usuli.

Andijon viloyatining Bo‘ston (sobiq Bo‘z) tumanidagi fermerlar o‘z hisobidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini sotib olishga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlik gaplashgan bir necha fermer, hokimlik yangi texnologiyani sotib olishni istamayotganlarga yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilayotganini aytdi.

Tuman hokimligi esa bu shikoyatlarni rad etib, yangi texnologiyani joriy qilish ixtiyoriy ekanini aytar ekan, tumanda bu yil 1300 gektar yerni suvni tejaydigan texnologiyaga o‘tkazish majburiyati borligini tan oldi.

Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, fermerlar va klasterlar zimmasiga suvni tejaydigan usulga o‘tish vazifasini yuklagan. Har bir tuman rahbariyatiga, ekin maydonining kamida 20 foizini suvni tejaydigan usulda sug‘orish talabi qo‘yilgani aytilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarorga binoan, suvni tejaydigan texnologiya bilan ishlash ixtiyoriydir va bunga qaror qilgan fermerlarga harajatning bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi.

Andijonlik fermerlar arzicha, bu yil mintaqada qurg‘oqchilik - suvning har yilgidan 25 foizgacha kam bo‘lishi kutilayotgani bois, hokimiyatlar hozirdanoq dehqon fermerlarni qattiq siquvga ola boshlagan.

Joriy yil 24 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jami 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish vazifasi qo‘yilgan edi.


Bir necha bo‘stonlik fermerlarga ko‘ra, hokimlik tomchilatib sug‘orish texnologiyasini sotib olish va paxta dalasiga o‘rnatish uchun sarf-harajatni ularning zimmasiga yuklamoqda.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka gaplashgan dehqonlarga ko‘ra, shu kunda respublikada ishlab chiqarilayotgan bu texnologiyani, 10 gektar paxta maydoni uchun sotib olib, dalaga o‘rnatish 250 million so‘mga tushadi.

“Aslida bu yaxshi texnologiya - suv, ishchi kuchi, o‘g‘it, vaqtni tejaysiz. Buning ustiga davlat har gektariga 8 million so‘mdan subsidiya beradi, shunda 10 gektar yer uchun 170 millionga tushadi. Lekin, bizga bankdan 21 foizlik ustamasi bilan 3 yillik kredit olinglar, deyishyapti. Tomchilatib sug‘oramiz, desak gektariga 17 milliondan qarz tushadi, uni 3 yilda qanday uzamiz?!” dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan paxtakor fermer.

G‘o‘zani tomchilatib sug‘orish, 2020, Jizzax
G‘o‘zani tomchilatib sug‘orish, 2020, Jizzax

Bo‘stonlik yana 2 fermer, agar tomchilatib sug‘orish texnologiyasini sotib olmasa, yeri olib qo‘yilishidan ogohlantirilganini aytdi. Bo‘stonlik dehqonlarning birortasi, yeri olib qo‘yilishi mumkinligidan cho‘chib, o‘z nomi ochiqlanishini istamadi.

Ammo, bo‘stonlik fermerlardan biri o‘z ixtiyori bilan shu texnologiyani o‘rnatganini aytdi.

Aytishicha, o‘tgan yili u kichikroq maydonda bu texnologiyani sinagan va yaxshilab o‘rgangan, o‘tgan yilgi daromadi hisobidan uni sotib olgan:

“Men o‘zim Toshkentga borib, 170 million so‘mga olib kelib, o‘rnatdim. 12 gektar paxta maydoniga. Judayam yaxshi texnologiya, lekin ixtiyoriy, majburiymas. 5 ta suvchi ishtalardim, hozir 15 gektar yerga 1 ta suvchi yetadi. 11 marta texnika kirtish kerak edi, hozir 3 marta kiradi. O‘g‘it gektariga 300 kilo edi, hozir 150 kilo yetadi. Suvni tejayman, qurg‘oqchilik bo‘ladi, deyishyapti. 12 gektar yerni 12 soatda sug‘orib bo‘lasiz. Avval 3 sutka sug‘orardik. Xullas, bu juda yaxshi texnologiya”.

Bo‘ston tumani hokimligining Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Isroiljon Kamolov tumandagi fermerlar bu texnologiyani olishga majburlanayotgani haqidagi shikoyatlarni rad etdi.

Kamolovning aytishicha, bu yil tumanda 1300 gektar yerni tomchilab sug‘orishga o‘tkazish topshirilgan. Buning 400 gektari klaster zimmasiga yuklangan, 900 gektari esa fermerlarga bo‘lib berilmoqda.

Ammo, hokimiyat vakili bu maydonni dehqonlar o‘z ixtiyori bilan olmoqda, dedi:

“Fermerlarimiz o‘zi chiqib, tomchilatib sug‘oramiz, degani uchun klasterga 400 gektar berib, qolganini dehqonlarga ajratib beryapmiz. Majburlash, yerni olib qo‘yish, degan narsa bizda umuman yo‘q. Fermerga 3 yilga kredit beriladi. Davlat tomonidan gektariga 11 million so‘m subsidiya beriladi, 3 yarim million QQS qaytariladi, 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi, xullas jami 15 millionini davlat to‘lab beradi, dehqonga gektariga 10 million so‘m kredit qarzi qoladi. Undan tashqari, 5 yil bu yerni hech kim ma’qullashtira olmaydi, fermerdan ololmaydi. Bizda o‘tgan yili sinalgani uchun, bizni fermerlar o‘zlari foydasini ko‘rib-bilib qilishyapti”.

Hokimiyat vakilining bu raddiyasidan so‘ng qayta bog‘langan muxbir bilan suhbatda, bo‘stonlik fermer, hokimiyat vakili hisobiga qarshi, o‘z hisob-kitobini keltirdi va kredit qarzini 3 yilda yopish dehqonlar uchun imkonsiz, deb ta’kidladi.

“Deylik, 1 gektar yer o‘rtacha 30 sentner paxta beradi. O‘tgan yili Bo‘stonda klaster dehqonlardan paxtani, hukumat belgilagan 4 ming 880 so‘mdanmas, eski narx bilan 4 ming 500 so‘mdan oldi. Shuning uchun, dehqonlar gektaridan 12 yarimdan 13 yarim million so‘mgacha daromad qildi. Harajatlar, to‘lovlar chiqarilganda, 1 yarim million so‘mdan daromad qilishdi. Hokimiyat vakili aytganday, 11 million so‘mmas subsidiya. Hukumat qarorida gektariga 8 million, deyilgan. Xo‘p, dehqonga bu texnologiya gektariga 10 million so‘mdan tushdi ham, deylik. 1 yarim million so‘mlik daromad bilan 3 yillik kreditni 20 foizi bilan vaqtida to‘lab bo‘ladimi, o‘zingiz ayting?! Keyin buning foizi boshlanadi. Hali bu yil hosil qanaqa bo‘ladi - uyam masala”.

Bu yil kuz va qish mavsumida yog‘ingarchilik juda kam bo‘ldi, shu bois Markaziy Osiyo mintaqasida suv hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 20 - 25 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bois, joriy yil 24 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida jami 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish vazifasi qo‘yilgan edi.

Bu kabi maqsadlar uchun qo‘shimcha 24 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi aytilgan.

19 - mart kungi chiqishida esa prezident Toshkent viloyatidagi ekin yerlarini sug‘orish uchun Chorvoq suv omboridan suv ta’minoti cheklanishini ta’kidladi.

"Sizlarga faqat Chorvoqni ochib bersa. Kanal suvga to‘lsa, keyin 24 soat suv oqadi. Siz hattoki ikki soat ham suvni nazorat qilmaysiz", dedi prezident hokimlarga yuzlanib.

Selektor yig‘inlarida ishtirok etadigan andijonlik agronomning Ozodlikka aytishicha, Bosh vazir vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev butun O‘zbekiston bo‘ylab paxta yetishtiradigan fermerlar va hokimiyat organlaridan suvni tejaydigan usulga o‘tishni talab qilmoqda:

“Har 1 tumanga paxta yer maydonining 20 foizini tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazing, degan topshiriq bor, lekin bu maydonning katta qismini klasterlar olishi kerak. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori ham bor. Klasterlarga yerni faqat suvni tejash texnologiyasini qo‘llash sharti bilan berish tartibi joriy qilingan. Ammo, klasterlar hokimiyat bilan ish qilib, bu texnologiyani joriy qilmasa ham, dehqondan zo‘rlik bilan yerni tortib olishyapti. Mahalliy rahbarlar, 30 - 50 gektar yerni bo‘lgan fermerlarning zimmasiga bu katta harajatli ishni yuklab yuboryapti. Klasterlar esa shu harajatdan qochyapti. Natijada, katta miqdorda kredit qarziyu mas’uliyati yana fermerni zimmasida qolib ketyapti”.

O‘zbekistonda tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tish, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 - yilning dekabrida qabul qilgan “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yana kun tartibiga chiqdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil martdagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida qishloq, yangi texnologiyani joriy qilgan dehqonlarga harajatning bir qismini qoplash uchun subsidiya berish ko‘zda tutilgan.

Har ikki hujjatda, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarga bu texnologiyani joriy qilish mutlaqo ixtiyoriy, deb belgilangan va suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berish ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG