O‘zbekistonda “uy-joy amnistiyasi” e’lon qilinishi kutilmoqda

Bundan 11 yil oldin qurgan imoratini hanuzgacha o‘z nomiga rasmiylashtira olmayotgan, ishi Oliy sudgacha yetib borgan Bahrom Odilov va unga o‘xshagan minglab o‘zbekistonliklar- ning muammosini prezident Mirziyoev 1 mayda imzolashi kutilayotgan farmon hal qilishi mumkin.

11 aprelda “Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi” portalida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishga qonuniy asos bo‘luvchi Prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘zbekistonda “qurilish amnistiyasi” e’lon qilinishi kutilmoqda

Bahrom Odilovning 2006 yildagi savdodan boshlangan "savdolari"

6 qiz, 1 o‘g‘ilning otasi, 2000 yildan buyon mahalla posbonboshisi, o‘rtachirchiqlik 51 yashar Bahrom Odilov qishloqdoshi, otasining do‘sti, militsiyaning iste’fodagi polkovnigidan 2006 yili yer uchastkasi sotib olgani, o‘shandan buyon boshi g‘avg‘odan chiqmayotgani, sotib olgani yerga qurgan imoratini haligacha o‘ziniki qilib ololmayotganini Ozodlikka aytib berdi.

Odilovning aytishicha, unga yer sotgan odamning o‘g‘li 2014 yili uni sudga bergan va sud 2016 ning mayida Bahrom qurgan uyning “o‘zboshimchalik bilan qurilgani” to‘g‘risida qaror chiqargan. Tuman sudi qaroridan norozi bo‘lgan Odilov Oliy sudga arz qilgan. Oliy sudning topshirig‘i bilan ishni Sirdaryo viloyat sudi qayta ko‘rib chiqqan va tuman sudi qarorini bekor qilgan.

Lekin masala hanuz yechilmay turibdi.

Bahrom Odilov bilan suhbat mazmuni bugungi mavzu doirasidan kengroqki, tinglasangiz, uning boshqa bir qator jihatlarini ilg‘aysiz.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Bahrom Odilovning 2006 yildagi savdodan boshlangan "savdolari"

Bahrom Odilov ishi yuzasidan huquqshunosdan olganimiz javobni keyinroq keltiramiz.

Prezident nima uchun uy-joy amnistiyasi e’lon qilmoqchi?

2018 yilning 1 mayidan kuchga kirishi rejalashtirilgan farmon loyihasi muqaddimasida mamlakatda ko‘chmas mulk fondining yalpi xatlovi o‘tkazilgani;

xatlov davomida minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani va noqonuniy turar-joylarni barpo etish holatlari respublika bo‘yicha ommaviy tus olgani e’tirof etilgan.

“Natijada <...> uy-joyga zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholida boshqa ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga, xususan haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilinishi, mulk huquqiga ega bo‘lishi va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi”, deyilgan farmon loyihasida.

Unda shu masala yuzasidan Prezident Virtual qabulxonasiga turar joyiga kadastr hujjatlarini berishni so‘rab 5 mingdan ziyod, deputatlar, senatorlar, mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda – 3 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani aytilgan.

Farmon loyihasining muqaddimasida e’tirof etilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezident bir qator choralarni belgilaganki, ularning asosiy mazmuni budir:

Prezident “uy-joy amnistiyasi” e’lon qilmoqchi va bu amnistiya farmon kuchga kirgan kundan boshlab 2018 yilning 31 dekabrigacha amal qiladi.

Farmon loyihasini o‘qib, uning mag‘zini aytib berishni toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovdan iltimos qildik.

Mutaxassis fikri

Loyiha matni bilan tanishib chiqqan huquqshunos, muammoning chindan ham ko‘lami katta ekanligini e’tirof etar ekan, Toshkent viloyatida hatto temir yo‘lga yaqin yerlarga ham odamlar uy qurib olganini ko‘rganini, vaholanki, temir yo‘lgacha bo‘lgan 70 metrli maydon bo‘sh turishi kerakligini aytdi.

Xo‘sh, farmon loyihasi shu bugungi ko‘rinishida imzolansa, o‘sha uylar, ya’ni temir yo‘lga yaqin qurilgan uylar ham amnistiyaga tushadimi?

Bu savolga huquqshunos Ruhiddin Komilov bunday javob berdi:

- Yo‘q, bunday uylarga farmon tadbiq etilmaydi. “Qizil zona”da bo‘lmagan (ya’ni uy-joy qurish mumkin bo‘lmagan) yerlarga qurilgan uylar qonuniylashtirib berilishi aytilgan farmon loyihasida,- dedi huquqshunos.

Uning farmon loyihasi mazmunidan kelib chiqib aytishicha, ko‘pqavatli uylar oldidagi maydonlarga qurilgan inshootlar amnistiyaga tushmaydi. “Chunki bunday joylar ko‘pchilik foylanadigan joylar hisoblanadi”, - dedi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

O‘rtachirchiqlik Bahrom Odilov qurgan uy amnistiyaga tushadimi?

Bu savolga uning ishidan xabari bor Ruhiddin Komilov bunday javob berdi:

- Albatta, farmon imzolansa, uning masalasi ijobiy hal bo‘lishi mumkin. Bilishimcha, Bahrom Odilov tuman hokimligiga qurgan imorati turgan uchastkaga egalik qilish huquqini berish to‘g‘risida ariza topshirgan. Lekin, uning arizasini qondirish uchun asos bo‘la oladigan me’yoriy hujjat yo‘qligi uchun shu paytgacha rad etib kelingan. Farmon qabul qilinsa, albatta, ishi hal bo‘ladi, - dedi huquqshunos Ruhiddin Komilov.