Bir yilda besh o‘lim - Yangiyo‘l tug‘ruqxonasida vafot etgan onaning o‘limi tekshirilmoqda

32 yashar Shohsanam Husanboyeva reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilganidan ko‘p o‘tmay jon bergan

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli kasalxonalarda 2020 - yil davomida besh nafar ayol tug‘ruq bilan bog‘liq holatda vafot etdi.

Ulardan eng so‘nggisi 2 - noyabr kuni Yangiyo‘l shahar tug‘ruqxonasi jarrohlik stolida jon bergan 32 yashar Shohsanam Husanboyevadir.

Husanboyeva yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ kuchli og‘riq bilan borgan homilador ayolga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani oqibatida o‘lim sodir bo‘lgan va bu voqeaga mas’ul vrach “hech narsa bo‘lmagandek¸ hamon tug‘ruqxonada ishlab yuribdi”.

Yangiyo‘l tuman Tibbiyot birlashmasi rahbarining onalar va bolalar salomatligi uchun ma’sul xodimi Husanboyevaga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilganida¸ uning tirik qolgan bo‘lishi haqidagi yaqinlari iddaosini tasdiqladi.

Aytilishicha¸ Yangiyo‘l prokuraturasi¸ oradan ikki oycha vaqt o‘tganiga qaramay¸ Husanboyeva o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochmagan¸ o‘lim uchun mas’ul navbatchi vrach oyligining 30 foizi chegirilishi bilangina jazolangan¸ xolos.

Ayni paytda¸ marhumaning yaqinlari Prezident Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatdan so‘ng¸ o‘tgan hafta Husanboyeva o‘limi yuzasidan surishtiruv boshlangan.

Homila ona qornida o‘lganini bilishgan...

Quyichirchiqlik 32 yashar Shohsanam Husanboyeva homilasi 9 oyga yetmay turib boshlangan kuchli og‘riq ortidan¸ 1 - noyabr kuni avvaliga Oqqo‘rg‘on tuman tug‘ruqxonasi¸ u yer qabul qilinmaganidan so‘ng esa¸ Yangiyo‘l markaziy shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga olib kelingan.

Quyi Chirchiqdagi tug‘ruqxona karantinga yopilgan. 1 - noyabr, yakshanba kuni edi. Soat kunduzgi 1 larda kuchli og‘riq bilan Yangiyo‘lga yetkazdik. Zebo Qodirova degan yosh navbatchi vrach ko‘rdi¸ UZI qildi. Bolasi nafas olmayapti¸ o‘lgan¸ dedi. Kattaroq do‘xtirlaringizni chaqiring¸ adresini bersangiz¸ mashina bor¸ o‘zimiz olib kelamiz¸ deb Xudoning zorini qildik. Yo‘q¸ ertaga ertalab katta do‘xtirlar ko‘radi¸ ungacha og‘riq qoldiruvchi beramiz¸ deb venasiga analgin-dimedrol qilib¸ uxlatib qo‘ydi. Shohsanamning taxikardiyasi borligi¸ davleniyesi balandligini aytdik. Bolasi qornida o‘lgan ayolni uxlatib qo‘yish mumkinmasligini biz vrach bo‘lmasak ham tushundik¸ rosa yalindik¸ foydasi bo‘lmadi”¸ - deydi marhumaning yaqinlaridan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ 1 - noyabr kuni Husanboyevaning eri va qaynonasi¸ onasi va boshqa yaqinlari tonggacha Yangiyo‘l shahar tug‘ruqxonasi tashqarisida yurib chiqqan. Orada bir necha daqiqa uning oldiga kirgan singlisi va onasi¸ uning uyquda ham ingrayotganiga guvoh bo‘lgan.

Navbatchi vrach esa¸ hech nima bo‘lmayotgandek¸ issiq xonaga kirib uxladi. Ertalab 8 larga yaqin boshqa vrachlar keldi. Shohsanamni reanimatsiyaga o‘tkazishdi. 5-6 tasi to‘planib¸ darrov operatsiya stoliga olishdi. Operatsiya boshlangandan keyin erini chaqirib¸ davleniesi tushib ketdi¸ yoniga kiring¸ deb chaqirishdi. Eri ellikka ellik deyishayapti¸ deb yig‘lab chiqqanidan 10 minutcha o‘tmay¸ o‘ldi deb aytishdi”¸ - deydi Husanboyevaning qarindoshi.

“Vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilganda¸ ona o‘lmas edi...”

Yangiyo‘l Tibbiyot birlashmasining onalar va bolalar salomatligi uchun mas’uli Ozodlik bilan suhbatda Husanboyeva o‘limi haqida uning yaqinlari bergan tafsilotlarni tasdiqladi.

1 - noyabr kungi navbatchi vrach Husanboyevani UZI qilgan¸ bola o‘lganini bilgan. Lekin yo‘ldoshi ko‘chgani¸ ichki qon ketish boshlanganini bilmagan. Ba’zida ayollar homilasi ichida o‘lib qolganini bir necha kungacha bilmay yuradi¸ hech narsa bo‘lmaydi. Lekin Husanboyevada yo‘ldosh barvaqt ko‘chgan¸ tajribasiz vrach buni bilmasdan¸ og‘riqsizlantiradigan¸ tinchlantiradigan ukol qilgan. Husanboyevaning davleniyesi tushib ketgan. Mas’ul shifokorga Husanboyeva haqida 2 - noyabr ertalabki soat 7.30 da xabar berilgan. Ular yetib kelib¸ operatsiyaga olganda¸ juda kech bo‘lgan. Ayol stolda jon berdi. Mas’ul vrachlar ikki-uch soat oldin xabar topib¸ operatsiya qilganida¸ Husanboyeva o‘lmagan bo‘lardi”¸ - deydi Yangiyo‘l Tibbiyot birlashmasining Ozodlik gaplashgan rasmiysi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Yangiyo‘l tug‘ruqxonasida atigi 5 oy oldin ish boshlagan navbatchi vrach “aybini bo‘yniga olgan”.

Unga hozircha qonunchilikda ko‘zda tutilgandek oyligining 30 foizini ushlab qolish chorasi qo‘llanildi. Prokuratura hali tergov boshlamadi. Lekin Husanboyeva yaqinlarining portalga murojaatidan so‘ng surishtiruv kattalashdi. Achinarli tomoni¸ hozir bu o‘limga bevosita aloqasi yo‘q odamlar ham javobgarlikka tortilishi mumkin”¸ dedi Yangiyo‘ldagi onalar va bolalar salomatigi uchun davlat mas’uli.

“Hatto kechirim ham so‘rashmadi...”

Shohsanam Husanboyeva yaqinlari¸ yangiyo‘llik vrachlarni yoshgina ayol o‘limi uchun hatto oilasidan kechirim ham so‘ramagan “bag‘ritosh”lar deb atadi.

Shohsanam Husanboyeva yaqinlari uning 10 yashar qizi va 7 yashar o‘g‘li tibbiyot xodimlari aybi bilan yetim qolganini aytmoqda.

Ortidan biri 10¸ ikkinchisi 7 yashar bolalari chirqillab qoldi. Har kun ayam qani, deb yig‘laydi. Butun boshli bir ro‘zg‘orni payhon qilishdi¸ oldimizga kelib¸ loaqal kechirim ham so‘rashgani yo‘q. O‘sha shifokor hech nima bo‘lmagandek ishlab yuribdi. Uni so‘roqqa tortish hech kimning qo‘lidan kelmayapti. Nima emish¸ otasi Minzdravda ishlarmish. Bular o‘qishga tanish-bilishchilik¸ pul bilan kirib¸ pul yo tanishi orqasidan savodsiz bo‘lib chiqaversin¸ bu yoqda oddiy xalq joni bilan bularning kasriga qolsin! Bunaqalar yana qancha odamning boshiga yetib¸ yana qancha begunoh bolalarni yetim qoldiradi?” - deydi Husanboyeva qayinsinglisi.

Marhumaning yaqinlari¸ nafaqat Shohsanam o‘limi uchun mas’ullarning jazolanishi¸ balki tug‘ruqxonalardagi noprofessional muhit¸ loqaydlik va korruptsiyadan jamoatchilikni ogohlantirish maqsadida Ozodlikka murojaat qilganini alohida ta’kidladi.

Qo‘rqinch statistika

2020 - yilning 2 - noyabr kuni Yangiyo‘l tug‘ruqxonasida vafot etgan Shohsanam Husanboyeva joriy yil mazkur tuman kasalxonalarida tug‘ruq bilan bog‘liq holatda o‘lgan beshinchi ayoldir.

Husanboyeva qarindoshlari tilga olgan bu raqamni Yangiyo‘l Tibbiyot birlashmasi rasmiysi tasdiqladi.

Tug‘ruq bu juda murakkab jarayon va tug‘ruqxonada ishlovchi vrach va hamshiralar juda malakali bo‘lishi kerak. Afsuski¸ doim ham shunday emas. Yangi tuqqan ikki ayol COVID kasalxonasida o‘ldi. Shahar tug‘ruqxonasida uchta o‘lim bo‘ldi. Bittasi 16 yashar lo‘li qiz¸ tuberkulyozi bo‘lgan. Ikkinchisida jigar travmasi bo‘lgan. Uchinchisi Husanboyeva. Avvalgi o‘limlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilib¸ tegishli odamlarning hammmasiga chora ko‘rilgan. Husanboyeva bo‘yicha prokuratura tergov qilib¸ ishni sudga oshirsa¸ adolatli yechim topilsa kerak”¸ - dedi Ozodlik gaplashgan yangiyo‘llik rasmiy.

Yangiyo‘l tuman tug‘ruqxonasi o‘tgan yil shov-shuvli voqea munosabati bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.

Tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekologi R.X. 2019 - yilning 1 - aprel kuni tug‘ilgan qiz chaqaloqni o‘lgan, deb rasmiylashtirib¸ uni 100 dollarga sotish bilan bog‘liq jinoyatda qo‘lga olingan edi.

Rasmiylar mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan. Hozirgacha bu ishning qanday tugaganiga oid rasmiy ma’lumot jamoatchilikka e’lon qilingan emas.

Prezident sifatida sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar haqida o‘tkazgan birinchi videoselektorida Shavkat Mirziyoyev tug‘ruqxonalardagi ahvolni keskin tanqid qilgan edi.

“Manga informatsiya kelyapti – eng katta poraxo‘rlik roddomda. Buni yig‘ishtirish kerak. Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘ruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi, deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tug‘dirganga pul berish kerak... Qayerda bu yozilgan? Hech qayerda yozilmagan. Hamma norozichilik roddomdan”¸ - degan edi 2017 - yilning 7 -fevralida jumladan Mirziyoyev.

O‘tgan to‘rt yil davomida sog‘liqni saqlash tizimi¸ xususan¸ tug‘ruqxonalardagi korrupsiyani yo‘q qilishga qaratilgan tizimli islohotlar o‘tkazilgani ma’lum emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistonda onalar o‘limi 1990-yillardagi darajadan keskin pasayganiga qaramasdan, hanuz dunyodagi eng yuqorilardan bo‘lib qolmoqda. 2017 - yilda har 100 ming onadan 29 nafari homiladorligi yoki ko‘zi yoriganidan keyin 42 kun ichida vafot etgan.

BMTning Bolalar jamg‘armasi - YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 - yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan har 1000 nafar boladan 17 nafari besh yoshga yetmay vafot etgan. Muqoyasa uchun - xuddi shu davrda Qozog‘istonda bu raqam 10 nafarni tashkil etgan.