Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:01

Jurnalistik surishtiruv: Mirziyoev O‘zbekistonga kirayotgan “Britaniya kompaniyalari” asl egalari kimligini biladimi?


O‘zbekiston iqtisodiga 300 million dollardan ko‘proq investitsiya kiritgani rasman xabar qilingan "Britaniya shirkati" o‘z saytida bosh manzili sifatida mana shu kvartirani ko‘rsatgan.
O‘zbekiston iqtisodiga 300 million dollardan ko‘proq investitsiya kiritgani rasman xabar qilingan "Britaniya shirkati" o‘z saytida bosh manzili sifatida mana shu kvartirani ko‘rsatgan.

O‘zbekiston rasmiy nashrlariga ko‘ra¸ mamlakat iqtisodining aksar sohalari¸ xususan¸ metallurgiya¸ qurilish va paxtachilik-to‘qimachilik kabi sektorlariga investitsiya yotqizayotgan xorij investorlari orasida Buyuk Britaniya shirkatlari talaygina.

Xorij investori maqomida O‘zbekistondagi eng serdaromad sohalarga katta imtiyozlar bilan kirayotgan bu shirkatlarning aksariyati¸ Shotlandiyadagi The Herald gazetasi o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvdan ayon bo‘lishicha¸ asl egasi offshordagi qobiq tuzilmalar orqali mutlaq bekitilgan va Britaniyada biror kun ochiq faoliyat yuritmay turib¸ o‘zini nufuzli "Britaniya kompaniyasi" sifatida taqdim etayotgan shubhali strukturalardir.

Surishtiruvga ko‘ra¸ nafaqat O‘zbekiston¸ balki global miqyosda yashiradigan noqonuniy boyligi bo‘lgan siyosatchilar¸ hukumat arboblari¸ shuningdek turli kriminal guruhlar¸ ayniqsa¸ SLP (Scottish limited partnerships - Shotlandiya cheklangan sherikchiligi ) qobiq tizimidan nihoyatda ko‘p va faol foydalanmoqda.

"Britaniya shirkati" sifatida O‘zbekistonga kirgan shirkatlarning asl egalari Toshkent hukumati tepasida o‘tirganlar yoki ular yaqinlari ekaniga oid dalillar hozircha yo‘q.

Ammo Shotlandiya nashri suhbatlashgan korrupsiya va pul yuvish amaliyotlariga qarshi kurash bo‘yicha yetakchi ekspertlar yuzlab million dollarlik kontraktlarni qo‘lga kiritgan bu "xorij investorlari"ning shaffof emasligi¸ ular egalarining har xil offshor shirkatlari qobig‘iga yashiringani jiddiy savol va shubha uyg‘otishini ta’kidlaydi.

"Jamoatchilik O‘zbekiston iqtisodining mo‘may ulushlarini qo‘lga olgan va olayotganlar kimligini mutlaq bilishi shart"¸ deydi The Herald gaplashgan ochiq jamiyat faollari.

Mirziyoev davrining eng katta xorijiy investori – egasi sir tutilayotgan qobiq shirkat

The Herald gazetasi jurnalistik surishtiruvida tilga olingan Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan “Britaniya kompaniya”laridan biri Quality Trade Supplies L.P. shirkatidir.

2017 yilning 3 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan rasmiy xabarda bu shirkat haqida shunday yozilgan:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Sergeli tumanida bunyod etiladigan «Toshkent metallurgiya zavodi» xorijiy korxonasi qurilish loyihasi bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 278 million yevroni tashkil etgan mazkur korxonaning ta’sischisi Buyuk Britaniyaning "Quality Trade Supplies L.P." kompaniyasi hisoblanadi.”(iqtibos tugadi)

The Herald gazetasi O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi e’lon qilgan "xorijiy investorlar" ro‘yxatida Mirziëev davrida eng katta sarmoya olib kirgan xorij shirkati sifatida aynan Quality Trade Supplies L.P. keltirilganini yozadi. (Ozodlik bu ro‘yxatni topa olmadi - tahr.)

Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri O‘zbekiston iqtisodiga eng yirik sarmoya yotqizgani aytilgan Quality Trade Supplies L.P. shirkati haqida boshqa biror ma’lumot¸ xususan¸ uning kimga qarashli ekani¸ shirkat tarixi va uning moliyaviy ahvoli¸ "Toshkent metallurgiya zavodi" qurilishining nega aynan shu shirkatga berilganiga oid axborot o‘zbek jamoatchiligiga hozirga qadar taqdim qilinmadi.

Quality Trade Supplies L.P. shirkati rus va ingliz tillaridagi saytida o‘zini xalqaro “temir yo‘llar tarmog‘ini shakllantirish”dagi faol shirkat sifatida taqdim etadi va o‘z loyihalari haqida yozarkan¸ Qozog‘istondagi Jezqozg‘on-Beyneu temir yo‘li va Mang‘itaudagi Kurik porti qurilishi va Toshkent metallurgiya zavodini tilga oladi.

Ozodlik registratsiya hujjatlarida ofis manzilini 44 Main street, Douglas, South Lanarkshire, Scotland deb ko‘rsatgan Quality Trade Supplies L.P. ¸ rasmiy saytida uni Suite 1, 78 Montgomery Street, Scotland, Edinburgh, United Kingdom (Buyuk Britaniya, Edinburg shahri, Montgomeri ko‘chasi, 78-uy¸ 1-ofis) deb ko‘rsatganiga guvoh bo‘ldi.

Quality Trade Supplies L.P. o‘z saytida bosh manzilini xaritada ko‘rsatgan.
Quality Trade Supplies L.P. o‘z saytida bosh manzilini xaritada ko‘rsatgan.

The Herald muxbiri O‘zbekiston iqtisodiga 300 million dollardan ortiq sarmoya kiritishi iddao etilgan bu “Britaniya shirkati”ning egasi kimligini aniqlash uchun kompaniya rasmiy saytida keltirilgan raqamlarga bog‘lanishga uringan¸ ammo bunga muvaffaq bo‘la olmagan.

O‘zbekistonga "Britaniya investori" sifatida kirayotgan aksar shirkatlar bosh manzili sifatida ko‘rsatgan "ofis"lar ana shu ko‘chada joylashgan.
O‘zbekistonga "Britaniya investori" sifatida kirayotgan aksar shirkatlar bosh manzili sifatida ko‘rsatgan "ofis"lar ana shu ko‘chada joylashgan.

30 oktabr kuni Ozodlik muxbiri ham shirkat saytida berilgan Rossiya va Qozog‘istondagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi. Rossiyadagi raqam¸ ko‘pdan bloklangan bo‘lib chiqdi; Qozog‘istondagi raqamga javob berib¸ o‘zini Yevgeniy Feoktistov deb tanishtirgan shaxs esa¸ Quality Trade Supplies L.P.ning O‘zbekistondagi loyihasiga oid savollarga javob bera olmasligini bildirdi.

Men faqat Qozog‘iston uchun javob beraman¸ Ostonada o‘tiraman. Toshkent metallurgiya zavodi loyihasi bo‘yicha savollaringizga men javob bera olmayman”¸ degan Feoktistov¸ O‘zbekiston uchun mas’ul shaxs bilan qanday aloqaga chiqish haqida SMS yuborishni va’da qildi. Ammo kun davomida na bu va’dasida turdi va na keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob berdi.

Buyuk Britaniyada o‘tgan yili qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra¸ bu mamlakatda ro‘yxatga olingan shirkatlar o‘zining yakuniy benefitsiari (haqiqiy egasi – tahr.) yoki PSC – person of significant control – shirkat aksiyalarining 25 foizidan ko‘piga egalik qiluvchilar shaxsini ochiqlashi lozim. Ammo Quality Trade Supplies L.P. bu ma’lumotni hozirga qadar ochiqlamagan.

Quality Trade Supplies L.P. o‘z egasi kimligini ochiqlash haqidagi Britaniya yangi qonuniga hozircha amal qilmagan.
Quality Trade Supplies L.P. o‘z egasi kimligini ochiqlash haqidagi Britaniya yangi qonuniga hozircha amal qilmagan.

The Herald muxbiri bu shirkat haqiqiy egasi “sobiq sovet oligarxlari”dan biri ekani taxmin qilinishi¸ ammo bu oligarxning Londonda joylashgan jamoatchilik bilan ishlashga vakolatli firmasi¸ bunday aloqadorlikni rad etganini yozadi.(Ayni paytda¸ taxmin etilayotgan "sobiq sovet oligarxi"ning shaxsi maqolada tilga olinmaydi - tahr.)

Quality Trade Supplies L.P.ning Qozog‘istondagi vakili Ozodlik bilan suhbatda shirkat egasi kimligiga oid savolga javob bera olmasligini bildirdi.

Tashkent City loyihasining “angliyalik investori” kimligi ham sir

Tashkent City deb nomlangan eng yirik biznes hududi qurilishida qatnashayotgan shirkatlardan biri Edinburgdagi Corso Solutions SLPdir. Bu shirkat o‘tgan yil tuzilgan va hozirga qadar o‘z egasi kimligini ochiqlash haqidagi yangi qoidaga bo‘ysunmagan. Bu qoidaga rioya qilmaslik kuniga 500 funt sterling jarima bilan jazolanadi. Hozirgacha na unisi¸ na bunisiga amal qilingan”¸ deyiladi The Herald gazetasi o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda jumladan.

Corso Solutions shirkati ham 2017 yildan kuchga kirgan yangi qonunchilik talabi - o‘z asl egalari kimligini hozirga qadar ochiqlamagan.
Corso Solutions shirkati ham 2017 yildan kuchga kirgan yangi qonunchilik talabi - o‘z asl egalari kimligini hozirga qadar ochiqlamagan.

​​Ozodlik bu shirkatga oid qidiruvlar natijasida uning 2017 yil 26 may kuni Arasakumar Jayaraman va Deepark Devidas degan shaxslar bilan cheklangan sherikchilik asosida tuzilgani va asl egasi ko‘rsatilmagan bu shirkatga Deepark Devidasning 99 funt sterling (110 AQSh dollari) miqdorida mablag‘ qo‘shganini aniqladi.

Corso Solutions shirkatining registratsiya haqidagi hujjatidan uning o‘tgan yil may oyida tuzilgani ko‘riladi.
Corso Solutions shirkatining registratsiya haqidagi hujjatidan uning o‘tgan yil may oyida tuzilgani ko‘riladi.

Ammo 2017 yil 29 sentabriga kelib¸ nomi biror joyda qayd etilmagan Corso Solutions SLPning yashirin egasi avvalgi hujjatdagi Arasakumar Jayaraman va Deepark Devidas bilan sherikchilikdan chiqqanini rasmiylashtiradi. Ochiq reester hujjatlaridan bu shirkat egasining kimligi¸ yoki bir necha milliard dollarlik Tashkent City loyihasidagi uchta “xorijiy investor”dan biri sifatida o‘zbek matbuotida tilga olinayotgan Corso Solutions degan nomi qog‘ozda bor¸ ammo amalda o‘tmish va faoliyati yo‘q shirkatning nima uchun Tashkent City qurilishidan mo‘may ulush olganiga oid biror ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi.

Tashkent City ma’muriyati bu loyiha investorlarining tarkibiga Bosh vazir¸ shahar hokimi va qator vazirlik va idora rahbarlaridan tuzilgan kengash tomonidan konkurs asosida tanlab olinganini iddao qiladi.

Ammo bu konkursning qachon¸ qaysi mezonlar asosida o‘tkazilib¸ ishtirokchilarning qaysi asosda tanlanganiga oid jiddiy ma’lumotni jamoatchilikka ochiqlamagan.

Ozodlik bu savollarga oydinlik kiritish maqsadida Tashkent City loyihasi ma’muriyatiga murojaat qildi. Ozodlik bilan ma’muriyatning xorijiy investorlar bilan ishlashga mas’ul xodimi sifatida gaplashgan shaxs¸ loyiha ijrosi uchun tanlangan xorij shirkatlari¸ xususan¸ Corso Solutions haqida ma’lumotni «biznes siri» deb atadi va uning o‘tmishda qanday faoliyat bilan shug‘ullangani¸ xususan¸ uning egasi kimligiga oid savollarga javob bera olmasligini bildirdi.

«Bu savollaringizni shirkatning o‘ziga bering»¸ deya tavsiya qildi Tashkent City rasmiysi 31 oktabr kungi telefon suhbatida. Ammo bu shirkatning na rasmiy sayti¸ na ofisi va na jamoatchilik bilan ishlashga mas’ul xodimi yo‘qligi bois¸ Ozodlik bu tavsiyani amalga oshira olmadi.

Mirziyoev maxsus qaror bilan imtiyoz bergan “Buyuk Britaniya shirkatlari” egalari yashirin

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 15 sentabrda imzolagan “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq¸ «TRONTEX LP» (Buyuk Britaniya) va «GRATUM TRADING LP» (Buyuk Britaniya) xorijiy kompaniyalari ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Bek cluster» qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Sirdaryo viloyatining eng unumdor sug‘oriladigan yerlaridan 18 ming gektari ajratilgan bu xususiy qo‘shma korxonaga prezident qarori bilan qator imtiyozlar berilgan¸ xususan¸ soliqlardan ozod qilingan.

Ozodlikning aniqlashicha¸ prezident qaroridan to o‘zbek matbuotigacha “britaniyalik investor” sifatida taqdim etilayotgan Trontex LP 2015 yilning 16 sentabrida¸ Gratum Trading LP esa 2016 yilning 20 sentabrida tuzilgan va ularning ikkalasi ham bitta – 196 Rose Street, Edinburgh, Office 7 manzilida registratsiya qilingan¸ rasmiylashtirishni ham bitta Global Advisors tomonidan amalga oshirilgan.

Trontex LP shirkati ham o‘z asl egasini¸ qonunchilikka xilof tarzda¸ hamon sir tutmoqda.
Trontex LP shirkati ham o‘z asl egasini¸ qonunchilikka xilof tarzda¸ hamon sir tutmoqda.

The Herald gazetasining O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati¸ Londondagi O‘zbekiston elchixonasiga “Prezident soliq imtiyozlari berilgan bu shirkatlar asl egasi kimligini biladimi?” degan savol bilan qilgan murojaatlari javobsiz qolgan.

Gratum Trading SLP ham hozirgacha o‘z egasi kimligini ochiqlamagani uchun ogohlantirish olgan qobiq kompaniyadir.
Gratum Trading SLP ham hozirgacha o‘z egasi kimligini ochiqlamagani uchun ogohlantirish olgan qobiq kompaniyadir.

Biz yozma tarzda prezident eng yirik “xorijiy” investorlarning nima uchun o‘z kimligini ochiqlamayotganidan xavotirga tushmayaptimi¸ deb so‘radik. Ammo bu savolga ham javob bo‘lmadi”¸ deb ëzadi The Herald gazetasi.

Prezident va o‘zbekistonliklar nega Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan “xorijiy investor”lardan xavotirga tushishi kerak?

The Herald gazetasi o‘tkazgan surishtiruv davomida mutaxassislar bu savolga aniq javob beradi.

SLP ((Scottish limited partnerships - Shotlandiya cheklangan sherikchiligi ) larning dunyo bo‘ylab korrupsionerlar uchun pul yuvish mexanizmiga aylanib ulgurgani ko‘pdan tasdig‘ini topgan. Offshordagi anonim shirkatlar tomonidan nazorat qilinadigan SLPlar siyosatchilarga pora berish va korrupsiyalashgan elitaning eng muhim sanoat boyliklarini o‘z qo‘liga olishida nihoyatda samarali ekani ham isbotlangan narsa”¸ deydi korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi Transparency International guruhi tadqiqotchisi Ben Cowdock.

Bir paytlar shotlandiyalik fermerlarga yerdan birgalikda foydalanish mexanizmi sifatida tashkil etilgan SLPlar¸ xalqaro offshor tizimlar haqidagi Moneyland kitobi muallifi Oliver Bulloughning The Herald muxbiriga aytishicha¸ bugunga kelib jinoiy boyliklarni bekitish va yuvishning eng qulay usuliga aylangan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha¸ SLPlar va ularga o‘xshash qobiq strukturalar bekitadigan boyligi borlar uchun qulay mexanizmga aylangan va "o‘g‘ri va qalloblar – ular sobiq sovet davlatlari hukmdorlarimi yoki narkokartel boshliqlari" o‘z noqonuniy boyliklarini ayni shu mexanizmdan foydalanib legitimlashtirmoqda.

Ekspertlar ta’kidicha¸ boshqa shakldagi shirkatlardan farqli SLPlar qonuniy yuridik shaxs sifatida bank hisoblari ochishi va boshqa boyliklarga egalik qilishi¸ istalgan biznes kelishuvlari tuzishi¸ hatto qarz olishi mumkin. Ular offshor shirkatlari bilan sheriklikka kirishgan taqdirda esa¸ bunday shirkatlarning asl egalari mutlaq qorong‘uligicha qolishi mumkin.

Britaniyada ro‘yxatga olingan har qanday shirkat¸ aslida unday bo‘lmasa ham¸ Britaniya kompaniyasi sifatida legitimlashadi. Bizning pul yuvishga qarshi qonunlarimiz shu qadar zaifki¸ hatto shirkatlarni ro‘yxatga olish idorasi o‘ziga berilgan ma’lumotning qanchalik haqiqiyligini tekshirib ham o‘tirmaydi. Shuning uchun Britaniyadagi biznes tizimlarining dunëdagi eng yirik moliyaviy janjallarga aralashgan bo‘lib chiqmasligini oldini olishning iloji yo‘q”¸ deydi shotlandiyalik pul yuvish bo‘yicha ekspert Oliver Bullough The Herald gazetasi muxbiri bilan suhbatda.

“Britaniya shirkati”ning o‘zbekistonlik egalari

The Herald o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv paytida aniqlanishicha¸ Britaniyada o‘tgan yili joriy etilgan yangi qonundan so‘ng o‘z haqiqiy egasi kimligini oshkor qilishga majbur bo‘lgan SLP ((Scottish limited partnerships - Shotlandiya cheklangan sherikchiligi )lardan hozirgacha kamida 95 tasining egasi o‘zbekistonlikdir.

Ular orasida¸ nashrning tilga olishicha¸ marhum prezident Islom Karimovning qayinjiyani Akbarali Abdullaev¸ qizlari Lola va Gulnora Karimovalarga qarashli shirkatlar ham bor.

O‘tgan yili Fransiya va Britaniya jurnalistlari birgalikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv davomida¸ Lola Karimova va uning eri Timur Tillaevning offshordagi kompaniyalar vositasidagi murakkab sxemalar orqali Shotlandiyada ro‘yxatga olingan uchta SLP dan foydalanib kelgani oshkor bo‘lgan edi.

The Herald gazetasi e’lon qilgan surishtiruvda qayd etilishicha¸ joriy yil boshida BMTning Taraqqiyot dasturi Shotlandiyada ro‘yxatga olingan beshta shunday shirkatni O‘zbekistonga berilayotgan xalqaro yordamni o‘zlashtirishda gumonlab¸ qora ro‘yxatga kiritgan.

Special Alliance Partnership, Investment Affairs, Trident Asia va Five Star Commercial Services deb nomlangan bu shirkatlar ham ayni kunlarda O‘zbekistonga “britaniyalik investor” maqomida kirib borayotgan SLPlar kabi Edinburgning Main street, 44-uyida yoki Montgomery ko‘chasining 78-uyidagi eski kvartirada ro‘yxatga olingan.

Bu manzilda yashovchilar esa¸ Shotlandiya gazetasi muxbiri bilan suhbatda¸ na bu shirkatlar¸ va na ular egalari haqida hech narsa bilmasliklari¸ korrupsion janjallar markaziga aylanib borayotgan bunday nomi bor¸ egasi yashirin shirkatlardan qutula olmayotganlarini aytadi.

Argentinada borayotgan 1 milliard dollarlik pora janjali¸ Rossiyada davlatning 20 milliard dollarini o‘g‘irlashga oid jurnalistik surishtiruv¸ Ukraina va Ozarbayjondagi yuzlab million dollarlik pul yuvish operatsiyalariga oid ishlar markazida ayni shu ikki manzilda ro‘yxatga olingan shirkatlar turadi.

BILDIRUV - Shavkat Mirziyoev mamlakat iqtisodini tubdan isloh qilish¸ O‘zbekiston iqtisodini " o‘g‘ri va kalamushlar"dan tozalash iddaosi bilan hokimiyatga keldi. Ozodlik Mirziyoev davrida mamlakatdagi serdaromad loyihalarni qo‘lga kiritgan va kiritayotgan mahalliy¸ xususan¸ "xorij investori" maqomidagi egasi yashirin shirkatlar ortida kimlar turganiga oid o‘z jurnalistik surishtiruvini olib bormoqda. Bu jarayonga oid ma’lumot¸ tafsilot¸ eng muhimi¸ hujjatlarga ega bo‘lsangiz¸ ularni Ozodlikka yuborishingizni so‘raymiz. Ozodlik bunday ma’lumotni sizdirganlar shaxsi sir qolishini kafolatlaydi. Ma’lumotlarni Telegramdagi +420724971539 raqami yoki @ozodnews manziliga yuborishingizni so‘raymiz.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG